Buxoro yangiliklari

Hindistonning Oʻzbekistondagi elchisi Smita Pant xonim Buxoroga tashrif buyurdi

photo
Foto: Buxoroisharif.uz

Loading

Hindiston Respublikasining Oʻzbekistondagi elchisi Smita Pant xonim boshchiligidagi delegatsiya shu yil 12- va 13-oktabr kunlari Buxoro viloyatida boʻldi. Tashrif doirasida delegatsiya aʼzolariga Buxoro viloyati hokimligi, respublika Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi viloyat hududiy boshqarmasi, Buxoro davlat universiteti masʼullari hamrohlik qildilar.

Hindiston elchisining viloyatimizga tashrifidan maqsad sunʼiy intellekt va kiberxavfsizlik sohalarida uzviy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, iqtisodiy, madaniy, ilm-fan yoʻnalishlaridagi oʻzaro teng manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan. Aytish joizki, ayni kunda ikki mamlakat oʻrtasida turli sohalarda, jumladan, qishloq xoʻjaligi, turizm, transport, logistika, axborot texnologiyalari va boshqa yoʻnalishlarda aloqalarni kengaytirish boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlar muvofiqlashtirib borilmoqda. Savdo va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishda Hindiston va Oʻzbekiston davlatlari oʻrtasida qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu borada mamlakatimizdagi elchixona saʼy-harakatlari muhim ahamiyatga ega, albatta.

Smita Pant xonim ishtirokidagi ilmiy-amaliy anjuman Buxoro davlat universitetida tashkil qilindi. Unda Hindistonning mamlakatimizdagi elchisi bilan birga mazkur oliy taʼlim dargohi rektori Obidjon Hamidov, viloyat hokimining raqamlashtirish boʻyicha maslahatchisi Tolibjon Mirzayevlar oʻz fikr-mulohazalarini bayon etishib,  sunʼiy intellekt va kiberxavfsizlik sohalaridagi hamkorlikka doir ishlab chiqilayotgan chora-tadbirlarga toʻxtaldilar. Tadbir ishtirokchilariga bu borada yaratilgan ilmiy mahsulot taqdimoti ham oʻtkazildi.     

Shuningdek, hindistonlik mehmonlar koʻhna Buxoroning muqaddas qadamjolari — Hazrati Xoja Bahouddin Naqshband va Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniy yodgorlik majmualariga tashrif buyurdilar. Ziyorat davomida delegatsiya aʼzolari bu tabarruk maskanlarning asrlar osha saqlanib kelayotgan tarixiy meʼmoriy uslubi va Islom madaniyati taraqqiyotida tutgan oʻrni va ahamiyati bilan yaqindan tanishdilar.

Qadim Buxoroning boy tarixi, ilmiy-maʼnaviy merosi va xalqimizga xos azaliy anʼana va qadriyatlari jahon hamjamiyati qatorida oʻziga xos boy madaniy tarixiga, qadim anʼanalariga ega Hindiston va uning xalqi uchun ham qiziq va maftunkorligi bilan ajralib turadi. Bu jihatlarni alohida eʼtirof etgan elchi Smita Pant xonim Buxoroni nafaqat Oʻzbekiston, balki butun Sharq sivilizatsiyasining muhim maʼnaviy markazi sifatida yuqori baholab, kelgusida taʼlim, fan va madaniyat yoʻnalishlaridagi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish ikki tomon uchun ham muhim ekanligini taʼkidladi.

Tashrif ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar, ilmiy aloqalar va madaniy muloqotni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. 

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.