Buxoro yangiliklari

Buxoro amirligida malikalar hayoti

photo 157

Loading

Buxoro amirlari dunyoning barcha musulmon davlatlari hukmdorlari kabi o‘z haramlariga ega bo‘lib, u yerda istiqomat qiluvchi malikalar va kanizaklar sog‘ligi hamda gigiyenasiga alohida e’tibor berilgan. Shariat bo‘yicha amirga rasman xotinlikka olingan malikalarning nufuzi ancha yuqori bo‘lib, ularning har biriga ayol tabiblar va doyalar hamrohlik qilgan. Tabiblarning vazifasi faqat malikalar kasal bo‘lganda davolash uchun emas, balki ularning sog‘lom turmush tarziga amal qilishlarini nazorat qilishdan iborat bo‘lgan. Sog‘lom turmush tarzining muhim jihatlaridan biri to‘g‘ri ovqatlanish hisoblangan.

Nonushta, tushlik va kechki ovqat rasionida joy olgan ovqatlar, salatlar va shirinliklarning birinchi navbatda foydali xususiyatiga alohida e’tibor qaratilgan. Bu haqda Buxoro amiri saroyida bo‘lgan Angliya, Rossiya va Turkiya elchilari hamda sayyohlari o‘z esdaliklarida yozib qoldirganlar. Bugungi kunda tibbiyot olimlari targ‘ib qilayotgan to‘g‘ri ovqatlanish tartibi 100 yillar ilgari saroyda amalda bo‘lgan. Saroy malikalarining nonushtadagi asosiy taomlari sedanali non va shirchoy bo‘lgan. Sedana inson organizmi uchun foydali bo‘lib, ichki kasalliklarga qarshi immunitet hosil qiluvchi kuchga ega, deb hisoblangan.

O‘zbek xalqi sevib iste’mol qiladigan osh sofi (palov) ham nonushta vaqtida iste’mol qilingan. Tabiblar oshning hazm bo‘lishi 11 soat davom etishi, kechki payt iste’mol qilinganda, oshqozon uchun zararli ekanligini aytib, uni nahorda yeyish kerakligini ta’kidlashgan. Natijada haftaning ikki kunida nahorda osh iste’mol qilish, to‘ylarda tongda osh berish odat tusiga kirgan. 1894 yilda Buxoro amirligiga tashrif buyurgan va to‘rt kun davomida saroy taomlari bilan saharlik hamda iftorlik qilgan “jadidchilik harakatining asoschisi” Ismoil Gaspirinskiy o‘zining “Turkiston sayohatlari” asarida saroy taomlarning inson tanasi uchun juda foydali va huzurbaxsh ekanligini alohida qayd qilgan.

Saroy malikalarining tashqi ko‘rinishi va kayfiyatining yuqori darajada bo‘lishini ta’minlashga ham tibbiy jihatdan yondashilgan. Malikalar va kanizaklar doimiy ravishda qoshlariga o‘sma qo‘yib yurishgan. Bahor, yoz va kuz oylarida yer o‘smasi, qish oylarida “qarshi o‘sma” surib yurish zarur bo‘lgan. Tabiblar qoshda 150 dan ortiq nerv tolalari mavjudligi, doimiy o‘sma qo‘yish nerv tolalarini oziqlantirishi, natijada chap miya yarim shari faollashishi (inson miyasining o‘ng yarim sharifi hissiyotga, chap yarim shari aqlga javob beradi)ni inobatga olib, o‘sma qo‘yish ayolning aqli teranlashuviga, bu esa tug‘ilajak bolaga, shuningdek, tarbiyalanayotgan bolaning aqliy barkamolligiga ta’sir qilishini isbotlab berishgan.

Saroy xonimlari uchun soch, qo‘l, oyoq va tirnoqlarni xinaga bo‘yab turish ham shart qilib qo‘yilgan. Xina teri va tirnoqlarni turli kasalliklardan himoya qiluvchi vosita, sochni parvarishlab mustahkamlovchi bo‘yoq sifatida foydalanilgan. Saroy malika va kanizaklarning boshlari haftada bir marta bodom yog‘i bilan uqalab turilgan. Saroy tabiblari malikalar va kanizaklarga haftada bir marta hammom qabul qilishlarini shart qilib qo‘yganlar. Bu saroy xonimlarini bo‘g‘imlarda tuz yig‘ilib qolish va shamollash kasalliklaridan himoya qilgan.

Malikalar va kanizaklar biror-bir kasallikka chalinganda, ularga aniq tashhis saroyning bosh tabibi tomonidan qo‘yilgan. Islomda begona erkakning ayol bilagidan tutishi gunoh hisoblangani uchun ayol tabiblar tomir urushidagi holatlar va belgilar haqida aytib turishgan. Bosh tabib bu alomatlar yordamida kasallikni aniqlab, muolajalarni yozib bergan. Kasallikni davolashda giyohlardan tashqari, xorijdan olib kelingan dori vositalaridan ham foydalanilgan. Ayniqsa, Amir Abdulahadxon davridan boshlab, tabiiy giyohlar bilan bir paytda kimyoviy dori vositalardan foydalanish keng tus olgan. Amirlik poytaxti va shaharlarida apteka va shifoxonalar qurilib, ularda rus farmasevtlari va shifokorlari xizmat ko‘rsatishgan.

Amir saroyida homilador malika yoki kanizakning salomatligini asrash jiddiy vazifalardan biri bo‘lib, homiladorlik aniqlangan kundan boshlab, unga alohida tabib belgilangan. Tabibning asosiy vazifasi ayolning sog‘ligini asrash va homilaning sog‘lom o‘sishini kuzatib borishdan iborat bo‘lgan. Homilador malika yoki kanizakning ovqatlanish rasioniga ham o‘zgartirishlar kiritilib, unga quvvat bo‘ladigan, vitaminlarga boy taomlar tayyorlangan. Shu bilan birga homilador xonim tug‘ruq davriga qadar shahar chetidagi saroy (Sitorai Moxi Xossa yoki Sherbuddin)ga ko‘chirib o‘tkazilgan. U iste’mol qiladigan ovqatga zahar qo‘shib berilmasligi qattiq nazorat ostiga olingan.

Ko‘zi yorigan malika yoki kanizak hamda uning bolasi qirq kun davomida qat’iy chillada saqlangan. Ayol va bola hech kimga ko‘rsatilmagan. Qirq kunlik chilla tugagach, bolaning tug‘ilishi bilan bog‘liq marosimlar o‘tkazilgan. O‘g‘il bola tug‘ilsa, ikkita, qiz bola tug‘ilsa, birta jonliq so‘yib, aqiqa qilingan. Qon chiqarilishi ayol va bolani balo qazo hamda ofatlardan asraydi, deb ishonilgan. Xullas, saroy xonimlarning sog‘ligi tibbiy, islomiy va asriy an’analar asosida kuzatib borilgan. Ularning salomatligi uchun shaxsan amir javobgar hisoblangan. Shuning uchun saroyda eng mashhur va bilimli tabiblar imtihon hamda tanlov asosida ishga qabul qilingan. Belgilangan muddatda tabiblarning sadoqati va bilimi sinab borilgan. Xiyonat qilgan yoki bemorning o‘limiga sababchi bo‘lgan tabiblar shafqatsiz jazolangan.

Muallif: Buxoro davlat universiteti o‘qituvchisi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Dilnoza Jamolova

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 23-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.