Mashhurlar
Mashhurlik bahosi: o‘zbek aktyorlarini uyalishga majbur qilgan obrazlar
Hamma aktyor ham oʻzi ijro etgan barcha rollarni yoqtiravermaydi. Chunki kimdir oʻziga mos kelmagan xarakterni, kimdir esa ssenariy talabi sababli unchalik yoqmagan obrazni rolda aks ettiradi. Ushbu maqolada bir nechta mashhur aktyorlarning yoqtirmaydigan rollari haqida Daryo maʼlumot beradi.
Feruza Normatova: “Million”dagi chiqishim oʻzimga yoqmagan

— Menga “Million” jamoasining konsert dasturida ijro etgan sud sahnadagi ishtirokim yoqmaydi. Hatto shu konsert dasturi boʻyicha oʻtkazilgan soʻnggi gastrol safarida “Xudoga shukr, bu roldan qutuldim”, degandim. Bu rolni yoqtirmasligimni jamoaning boshqa aʼzolari ham yaxshi bilishardi. Toʻgʻri buni bildirmaslikka harakat qilardim. Chunki ustozim rahmatli Joʻra Mahmudov “Yaratgan har bir rolingni maromiga yetkazib ijro etishing kerak, oʻrtamiyona rol boʻlmaydi”, deb oʻrgatgan. Shuning uchun yaxshi ijro etishga harakat qilganman, ammo oʻzimga umuman yoqmagan, deydi Feruza Normatova.
Mo‘min Ibrohimov: “Serialdan butunlay koʻnglim qolgan”

— “Istanbullik kelin” nomli komedik serialda suratga tushganman. Ammo shundan keyin serialdan butunlay koʻnglim qolgan. Chunki bu faqatgina “soqqa qilish” uchun yaratilgan. Oddiyroq qilib tushuntirsam, bor ssenariyni choʻzib-choʻzib, koʻproq efir vaqtini toʻldirib, koʻp pul topilishi kerak edi. Ammo men faqat pul uchun unda suratga tushganman, desam hatto boʻladi. Chunki uch oylik mehnatim uchun bor-yoʻgʻi ikki ming dollar gonorar olganman. Avvaliga undan umidlarim katta edi, ammo efirda koʻrganimdan keyin koʻnglim qolgan, afsuslanganman. Ammo suratga olish jarayonida yaxshi insonlar bilan tanishganman, shulardan biri doimiy hamkorimga aylangan Asqar Hikmatov. Xullas, serial ekranda namoyish etildi, hech kimga yoqmadi, hammasi rasvo. Shundan keyin uni qisqartirib, 5 ta qism qilib YouTube tarmogʻiga joylashdi. Bir-biriga ulanmaydigan voqealar sabab qisqartirilgan varianti ham yaxshi natija qayd etmadi, deydi Moʻmin Ibrohimov.
Gulchehra Saʼdullayeva: Uyimizda “Shum bola” koʻrilmaydi

— “Shum bola” filmida kichik rolni ijro etib, boshim baloga qolgan. Rahmatli turmush oʻrtogʻim bilan bir-birimizga ishonardik, ammo gap-soʻz yomon ekan. Kim aytganligini aytmayman-u, premyera boʻlmasidan avval aktyorlardan biri turmush oʻrtogʻimga rolim haqida juda yomon gap gapirgan. Yoqub Ahmedovning ham qanday inson ekanligini bilardi, ammo gij-gijlagan odamning gapi koʻngliga ogʻir botgan. Filmni uyda koʻrishni taqiqlagan, hatto u haqda oilamizda gap-soʻz ham boʻlishini istamasdi. Oilamning tinchi buzilgani uchun unda suratga tushganimga afsuslanganman. Ammo na iloj aktrisamiz, topshirilgan rolni ishonchli qilib ijro etishga majburmiz, deydi Gulchehra Saʼdullayeva.
Raʼno Yarasheva: “Shallaqi ayol rolidan uyalaman”

— Rahmatli aktyor Alisher Hamroyev bilan “Quyosh va Yulduz” nomli spektaklida rol ijro etganmiz. Mening rolim badavlat oilaning erka, ammo ruhiy jihatdan biroz nosogʻlom boʻlgan qizi edi. Hatto xotirasi pastligidan toʻy soʻzini ham eslolmay, hammani “anaqamizga boringlar” deb raqs harakatlarini koʻrsatadigan qiz boʻladi. Komik spektakl koʻpchilikka maʼqul kelgan, ammo oʻzimga yoqmasdi, uyalardim. Keyin shallaqi ayollar rolini ijro etishga ham uyalaman, endi quda-andali boʻlganda bu rolni oʻynaymanmi, deyman. Kimdir aktrisa har qanday rolni ijro etishi kerak, der, ammo bizning hayotda kasbimizdan tashqari, qaynonalik, buvilik va onalik maqomlarimiz ham bor, deydi Raʼno Yarasheva.
Dilnoza Kubayeva: “Qadrimga achindim”

— Men hammasini ichimga yutadigan, ogʻir-vazmin ayolman, balki shu sababdir “Baron-2. Sogʻinch”da olgan gonorarim haqida aytgim kelmayapti. U yerda juda xunuk bir holat boʻldi. Biroz kelishmovchilik ham boʻlgan, toʻgʻrisini aytsam, ozgina qadrimga achindim. Bu haqda birinchi marotaba aytyapman. Lekin baribir murosa qiladigan xalqimizda. Oʻzbekligimga borib andisha qilib, jim ketdim. Lekin yuragimdagi ogʻriq hali ham ketmayapti. Qornimga emas, qadrimga yigʻlayapman degan gap bor. Koʻp narsalar Oʻzbekiston kinematografiyani rivojlantirish agentligi rahbariyatiga maʼlum boʻlmaydi. Ammo bu tomonlama haq-huquqlarimiz ham poymol boʻlyapti. Rustam aka Saʼdiyev mening ustozim hisoblanadi. “Filmda siz rol ijro etgan sahnalar juda ham kam” kabi vajlar bilan 321 ming soʻmdan oshiqroq gonorar oldim. Shu narsa meni bir oydan buyon ichimni yeydi. Nahotki?! Shunda ham bizlar kinoni yaxshi koʻramiz, baribir kino deymiz. Ammo uyaldim, qadrimga achindim. Eng katta olgan gonorarim xususiy filmda boʻlgan boʻlsa kerak. Lekin byudjetga olinadigan kinolardan hech qachon yuqori gonorar olmaganman, deydi aktrisa Dilnoza Kubayeva.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


