Mashhurlar
Bozorda ishlagan, kastingdan o‘tolmagan va plagiat qo‘shiq bilan tanilgan Ziyoda haqida
Xonanda Ziyoda bugungi kunda ijod va oiladagi muvozanatni saqlab qola olgan ayol san’atkorlardan biri. Ijodga aloqasi bo‘lmagan oiladan chiqqan Ziyodaning san’atga kirib kelishi oson kechmagan bo‘lsa-da, keyinchalik u nafaqat xonandalik, balki aktrisalik mahoratini ham ko‘rsata olgan. 7-yanvar kuni xushovoz xonanda 37 yoshni qarshiladi. Shu munosabat bilan Daryo uning hayoti va ijodiy faoliyatiga nazar soldi.
“Sanʼatkor bo‘lmaydi, turmushga beramiz”
Xonanda Ziyoda Rustam Qobilov oilasida dunyoga kelgan. Oilada 7 qiz va bir o‘g‘il farzand bor. Ziyoda bolaligidan sanʼatga qiziqqani, ammo oiladagi sharoit va otasining qarshiligi sabab, qiziqishlarini oshkor qilolmagani haqida quyidagilarni so‘zlab berdi.
— Katta oila bo‘lganmiz, turgan gapki ro‘zg‘orda o‘ziga yarasha qiyinchiliklar bo‘lgan. Onam mohir oshpaz edi va bolalikdan bizni ham mehnatga o‘rgatgandi. Yuqori sinfda o‘qiyotganimda bozorda kichik tamaddixona ochgan. Uch-to‘rtta ishchilari ham bor edi. Ammo darsdan keyin onamning oldiga borib qarashib yurardim. Ofitsiantlik qilganim yoki idish-tovoq yuvganimdan hech qachon afsuslanmayman.
Sanʼatga bolalikdan qiziqqanman, ammo dadam rahmatli hamisha “Qiz bolaga yarashmaydi”, deb qarshilik bildirardi. Oxiri 9-sinfni bitirganimdan keyin “Bir marta imkon bering, musiqa kollejida o‘qishni istayman”, deganimda qatʼiy rad javobini olganman. Shunda onam yonimni olib “Kollejni tugatishi bilan turmushga beramiz, sanʼatkor bo‘lmaydi”, degan. Shu sabab dadam musiqa kollejida o‘qishimga rozi bo‘lgan, deydi xonanda Ziyoda.
“Ota-onamni xursand qilishni xohlardim”

— Bolaligimdan ota-onamga ko‘p narsalar sotib olib berib, xursand qilishni xohlardim. Yaxshi paytlarimiz ham, qiyin kunlarimiz ham bo‘lgan. Shunday vaqtlarda faqat Alloh bilan gaplashganman. Uyimizda kompyuter bo‘lardi, unda Allohning 99 ta ismi yozilgan bo‘lgan. Lekin men u Asmo ul-Husna, ya’ni Allohning ismlari ekanini o‘sha paytda bilmaganman. Uyda hammaning ishi, o‘qishi birinchi smenada bo‘lardi, mening darsim esa tushda boshlanardi. Uyda shuni baland qilib qo‘yib olib, rosa takrorlab aytganman. O‘sha paytdan boshlab Alloh bilan gaplashgan ekanman-da, deyman, deydi u.
“Turmush o‘rtog‘im bilan bozorda tanishganmiz”
Xonanda turmush o‘rtog‘i bilan bolalikdan tanish bo‘lgani va birinchi marta bozorda bir-birini uchratib qolgani haqida gapirib berdi.
— Turmush o‘rtog‘im bilan bozorda tanishib qolganmiz. U chinni sotardi, baʼzida bizning tamaddixonada ovqatlanib turardi. Bundan tashqari, opalarimning sarposiga qo‘yiladigan chinnilarni ham u kishidan olgandik. Eldor aka bilan to‘ydan 8 yil avval tanish bo‘lganmiz. Tabiatan og‘ir-bosiq bo‘lgani uchun onam har doim “Sizni o‘zim kuyov qilaman, maʼqul yigitsiz”, derdi. Qarangki, farishtalar omin degan ekan, oila qurdik. Ammo sanʼatkor bo‘lish niyatim u odamga unchalik yoqmagandi. “Bekor qilyapsiz-da”, deb ham qo‘ygandi, deydi Ziyoda.
“Kastingdan o‘tolmaganman”
Ziyoda “Akfa” prodyuserlik markaziga qanday borib qolgani va ilk kastingdan o‘tmagani haqida quyidagilarni so‘zlab bergan.
— Kasting haqida musiqa kollejidagi ustozimdan eshitib qolganmiz. O‘shanda Nigora ikkimiz darsdan chiqib, “Akfa” kompaniyasini izlab borganmiz. Avvaliga kasting haqida ota-onamga aytmaganman. Chunki ular qarshi bo‘lishlarini avvaldan taxmin qilgandim. Aksiga olib kasting topshiriladigan kun tomog‘im bo‘g‘ilib qolgan. O‘shanda Samandar Hamroqulov va kompaniya rahbarlari hayʼat aʼzosi bo‘lgandi. Nigora sinovdan o‘tgan, ammo meni qabul qilishmagan. Yengilgan kurashga to‘ymas deyishganidek, “Bir hafta muhlat beringlar, sog‘ayib qaytadan ishtirok etaman”, deganman. Samandar aka ko‘nglimni og‘ritmaslik uchun “Mayli, tayyorlanib keling”, degan. Tuzalib, yangi qo‘shiqqa tayyorlanib, qo‘shimchasiga ikkinchi kastingda raqs ham tushib berganman. Oybek bilan birga kasting topshirib, ikkimiz ham sinovdan o‘tganmiz. Ammo eng katta muammo ana shundan keyin boshlangan. Dadamga kastingdan o‘tganimni aytganimda rosa to‘polon bo‘lgan. “Tez borgin-da, dadam ruxsat bermadilar deb shartnomani bekor qilgin”, degan. Yalinib-yolvorib, ko‘zyosh to‘kib prodyuserlik markazi bilan ishlashga dadamni ko‘ndirganman, deydi Ziyoda.
Plagiat bilan boshlangan ijod
Ziyoda ijodini plagiat qo‘shiqdan boshlagan. Yaʼni u ukrain xonandasi Ruslananing “Wild dances” qo‘shig‘ini “Sevmaganman” deb o‘zbekchalashtirgan. Qo‘shiq ko‘pchilikka maʼqul kelgan va xonandaning tanilishiga hissa qo‘shgan.

— Klip suratga olinganidan keyin diskka yozdirib, bozorga olib borgandim. Turmush o‘rtog‘imga “Qarang, klipim chiqdi”, deb maqtanib ko‘rsatganimda yana “Bekor qilibsiz-da”, degan. Ko‘pchilik to‘ydan avval gaplashib, feʼl-atvorni o‘rganish kerak deydi. Ammo bizda bunday bo‘lmagan. Shunchaki ish yuzasidan gaplashardik va u inson bilan qalban yaqin ekanligimni his qilardim.
Qo‘shiq va kliplarim avvaliga dadamga yoqmagan. Chunki u paytlari raqsga tushib, qo‘shiq kuylash urfda edi. Adashmasam, faqatgina Faxriddin Umarovning “Muhabbat” qo‘shig‘ini aytganimda “Bo‘larkan-ku, mana shunday qo‘shiq aytish kerak”, degan eʼtirofni eshitganman, deydi Ziyoda.
“Oilamning tinchligi kerak”
Ayni kunda xonandaga turmush o‘rtog‘i prodyuserlik qiladi. Avvaliga buni ko‘pchilik tanqid qildi.
— Turmush o‘rtog‘im sanʼatdan butunlay yiroq inson edi. Ammo sanʼatkor haqida turli gap-so‘zlar bo‘ladi. Shuning uchun turmush o‘rtog‘imdan birga ishlaylik, deb iltimos qilganman. U inson chinni biznesini tashlab, men bilan ishlagan. Bu oilamning tinchligi uchun muhim edi.
Turmush o‘rtog‘im men bilan oldimda yursa, ko‘nglim xotirjam bo‘ladi. O‘zlarining ishlaridan keyin xizmatlarda yonimda bo‘lardilar. Men bilan boring, deb o‘zim so‘rayman. Sababi ko‘chada har xil inson bor, qilmagan ishingizni qildi deydi, yemagan somsangizga pul to‘laysiz. Bir-birimizga ishonamiz, ammo oldimda yursalar, maqsadga muvofiq bo‘ladi, deydi u.
“Stressga tushib qolgan paytlarim ham bo‘ldi”

— Ijodimda turmush o‘rtog‘im tomonidan qo‘yilgan ba’zi taqiqlar bor, bo‘lgani ham yaxshi. Bundan xafa ham bo‘lmayman. Ba’zida ranjiyman, keyin yana balki yaxshilikka bo‘layotgandir, deb ketaman. Chunki bolaligimdan boshlab Alloh menga doim yaxshilarini ravo ko‘rgan. Yomonlikni qidirsangiz yomonlik chiqadi, yaxshilikni izlasangiz shuni topasiz. Orada depressiyaga tushib qolganimda kimdir menga qarab sal kulib qolsa ham mening ustimdan kulyaptimi, pichirlashib qolsa men haqimda gaplashyaptimi, deydigan bo‘lib qolgandim. Xuddi butun dunyo menga qarshidek, hammasi negativ tuyilib ketgan vaqtlar bo‘lgan. Shu stressli vaziyatlarni to‘g‘rilab oldim. Tushkunlikdan Alloh va zikrlarim olib chiqib ketdi, deydi xonanda.
“Ijodimda turmush o‘rtog‘im qo‘ygan bir nechta taqiqlar bor”

— Turmush o‘rtog‘im erkak xonandalar bilan duet kuylashimga ruxsat bermaydi, biroz qattiqqo‘lligi bor. Hozir o‘zim qo‘shiq aytib, konsert, to‘ylarga borib yurganimga ham shukur (kulib). Balki sevgi-muhabbatdan boshqa mavzu bo‘lsa, duetlar bo‘lib qolishi mumkin. So‘nggi marta 2014-yilda konsert bergan ekanman, eslasam. Ba’zida konsert bergim keladi, ilhomlanib ketaman. Keyin yana sokinlashib qolaman. Odam necha yillab ijod qilaverib charchaydi ham. Shunda bir necha yil o‘tib ketganini sezmaydi, deydi Ziyoda.
“Hamkasblarimni ko‘rib, atrofimdagilarga ishonchim qolmagan”

— Ijod qilayotganimga 20 yildan oshdi, ammo atrofimdagi odamlarga ishonchim qolmagan. Aslida ishonuvchanman, lekin ko‘pchilikning atrofidagi insonlar, administratorlari aldab ketgan vaziyatlar bo‘ldi. O‘zimning ma’murim Temur aka bilan aka-singildek bo‘lib qolganmiz, oilaviy tanishmiz. Turmush o‘rtog‘im esa prodyuserim. Ko‘p qo‘shiqlarimni o‘zlari tanlab beradilar. Aynan ular tavsiya qilganlari doim hit bo‘lgan, shunga qoyil qolaman. San’at odami bo‘lmasalar ham, ba’zi ijodkorlardan ko‘ra “slux”, ya’ni tinglash qobiliyati yaxshi, deydi xonanda Ziyoda.
“Rol ijro etish yoqmagan”
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ziyoda ijodining ilk yillarida ko‘plab filmlarda suratga tushgan. U “Boyvachcha”, “Achchiq hayot”, “Nortoy”, “Bekorchilar makoni”, “Enagalar”, “Ijarachilar” va “Uchrashuv” filmlarida rol o‘ynagan. U Jahongir Poziljonovning komediya filmlarida navbatchi aktrisa bo‘lgan, desak xato bo‘lmaydi. Ammo xonanda keyingi paytlarda filmlarda suratga tushayotgani yo‘q. Uning vaqti tig‘iz, balki ortiqcha reklamaga ham zarurat sezmayotgandir.
— Rol ijro etish avvaldan yoqmagan, mahoratim ham umuman yo‘q deb hisoblayman. Bu mening emas, prodyuserlarning xohishi edi, — deydi xonanda.
“Egizaklarga o‘xshaymiz”
Xonanda Ziyodaning tashqi ko‘rinishi o‘ziga o‘xshash singlisi bor. Aziza Qobilova ham sanʼatga qiziqib, shu yo‘nalishda tahsil olgan.

— Aziza bilan egizaklarga o‘xshaymiz. U bilan bog‘liq qiziqarli voqealar ko‘p bo‘lgan. Masalan, ko‘cha-ko‘yda odamlar Azizani men deb o‘ylab, u bilan rasmga tushgan. Hatto xuddi shunday holat konsertlarda ham bo‘lgan. Azizaning ovozi nihoyatda shirali, faqat yo‘nalishi boshqacha. U ko‘proq xorij musiqasiga qiziqadi. Rayyona ismli shirin qizchasi bor, deydi xonanda Ziyoda.
“Menga ortiqcha gap-so‘zlar kerakmas”
Xonandaning hayotida ayriliqlar, qiyin kunlar ko‘p bo‘lgan. 2017-yili dadasidan ayrilgan, undan keyin homilasi nobud bo‘lgan. Orada hamkasblari, xususan qo‘shiq sabab, Dilso‘z bilan jiddiy kelishmovchilikka borgan. Ammo xonanda hamisha sukut saqlashga va ortiqcha his-hayajonga berilmaslikka harakat qiladi.
— Muammolar, negativ fikrlar hamisha bo‘ladi. Mening aniq maqsadim bor, shu bo‘yicha harakatlanaman. Hamma muammoga to‘xtalib, negativchilarning fikrini eshitsam, vaqt va asabimni yo‘qotaman. Menga ortiqcha gap-so‘zlar kerak emas, deydi u.
“Otam rahmatlining qanchalik yaxshi inson bo‘lganini vafotidan keyin yana-da chuqurroq angladim”

— Dadamga ichimdagi gaplarni bemalol ayta olardim, ammo balki qiz bola bo‘lganimiz uchunmi, ota-onam qattiqroq tarbiya berishgan. Shunday qilgani uchun rahmat aytaman. Shu sababli farosatli bo’lib o‘sganmiz. Kimga qanday gapirish, kim bilan qanday muomalada bo‘lish, katta-yu kichikni hurmat qilishni o‘rgatishgan. Senga yomon yozishsa ham, yumshoq javob ber derdilar. Nafaqat bizga, balki boshqa odamlarga ham ko‘p yaxshiliklari teggan. Buni ma’rakalarida, janozalarida bildik. Biz tanimaydigan begona odamlar kelib, yaxshi inson edilar, menga bunday yordam bergandi, mana bu ehtiyojim uchun kerakli narsani sotib olib bergandi, deb ketishdi. Endi otamni qancha qidirsak ham topolmaymiz. Tiriklik chog‘ida qadriga yetish kerak ekan.
Qattiq hayajonlanadigan odatim bor, ayniqsa, sahnada. Shunday paytlarda dadam “Nimadan qo‘rqasan bu dunyoda, qo‘rqma hech narsadan”, derdilar. Shu gaplari qulog‘imda turadi. O‘ylayman, mana shunday deb yurgan dadam ham o‘tib ketdi. Men nimadan qo‘rqishim kerak, deyman. Ilohim oxirati obod bo‘lsin. Tushkun paytlarda shuni eslayman, deydi xonanda.
“Gap-so‘zlarga e’tibor bermay qo‘yganman”

— San’atkor bo‘lish qiyin, ayol san’atkor bo‘lish undan ham qiyin. O‘zim haqimda biror tanqid, gap-so‘z eshitib qolsam yig‘lab yuborardim. Lekin baribir yengib o‘tishga harakat qilaman. Avvalo o‘sha gapirayotgan insonlarga qarayman. Ular o‘zi kim? Meni yaxshi taniganlar unday gaplar gapirmaydi. Ammo begonalarning gapi siqilishga arzimaydi, bo‘ldi, to‘xtat, deb o‘zimni to‘xtataman.
San’atdan ketgan ba’zi xonandalar, san’at vakillari qo‘shiq kuylamasa ham prodyuser yoki ustoz-shogirdlik an’analarini yo‘lga qo‘yib, faoliyatini davom ettiryapti. Menda unday reja yo‘q. Hech narsa qilmayman, nega men ishlashim kerak? Turmush o‘rtog‘im hammasini o‘zim qilaman, sen uyda o‘tir deb ko‘p aytadi. Men esa, dadasi, ozgina vaqt bering, muxlislarim uchun yana biroz ijod qilib olay, deb turibman. Chunki deyarli bolalikdan beri sahnadaman. Unga kirgan inson chiqib ketishi oson kechmaydi. Ammo buyog‘iga nima bo‘lishini faqat Alloh biladi, deydi u.
“O‘g‘illarimga men ko‘proq qattiqqo‘lman”

— Ikki nafar o‘g‘lim bor, ularga qattiqroq turishga harakat qilaman. Dadasi erkalatsa ham, men barcha aytgan narsasini ham olib beravermayman. Chunki biz yeti opa-singilni ham ota-onamiz juda erkalatib yuborishmagan. Paytida erkalab, paytida tanbeh berishgan. Mabodo yomonroq ish qilsa, hatto telefonlarini ham olib qo‘yaman, 3-4 kunlab bermayman. Eng yomon ko‘radigan odami hozir menman deb o‘ylayman (kulib). Lekin katta bo‘lishganida ham eng yaxshi ko‘radigan odamlari otasi ikkimiz bo‘lamiz, nasib qilsa, deydi san’atkor.
“Oilaviy videolar suratga olishni yoqtiraman”
Xonanda so‘nggi paytlarda Instagram sahifasiga qaynonasi, oilasi, o‘g‘illari bilan turli videolar, storislar joylab bormoqda.

— Qaynonam juda yaxshi ayol, bunday narsalarga qarshilik bildirmaydi. Qaytaga o‘zlariga ham yoqadi. To‘xtang, ro‘molimni o‘rab olay, deb videolarimga o‘zlari tushib beradilar. O‘zim ham oilaviy videolarga qiziqib qoldim. Oyijonimga ko‘cha-ko‘yda siz Ziyodaning qaynonasimisiz, deb yaxshi gaplar aytib ketishadi. Xursand bo‘laman, menga yoqyapti, deydilar. Umrlari davomida menga yomon gapirmaganlar. Qaynopalarim ham yaxshi ayollar.
Men ham olti opa-singlim bilan ukamning ayoliga singlimizdek qaraymiz. O‘zimning singlimni qanday ko‘rsam, uni ham shunday ko‘raman. Kelganimda oldimga ovqat qo‘ysin, choy quyib bersin, tayyorgarlik ko‘rib kutib olsin, demaymiz. Tushunadigan qaynopalarmiz, deydi xonanda.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi








