Buxoro yangiliklari

Buxoroda gaz hisoblagichni “aylanib o‘tish” holatlari fosh etilmoqda: millionlab zararlar aniqlandi

pic
Foto: “Hududgaz Buxoro” GTF

Loading

Buxoro viloyatida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanishga qarshi nazorat tadbirlari kuchaytirildi. “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali mutaxassislari tomonidan joylarda o‘tkazilayotgan reydlar davomida bir qator jiddiy qoidabuzarliklar aniqlandi.

Xususan, Buxoro tumani “Rabotak” MFYda yashovchi fuqaro X.K. o‘z xonadonida gaz hisoblagichni chetlab o‘tib, rezina shlang orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri gaz tarmog‘iga noqonuniy ulanib olgani ma’lum bo‘ldi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu holat gaz ta’minoti korxonasiga 51 million 744 ming so‘m zarar yetkazgan.

Yana bir holat Buxoro shahridagi “Otbozor” MFYda qayd etildi. Bu yerda istiqomat qiluvchi A.Y. gaz hisoblagichni ataylab gorizontal holatda o‘rnatgan. Natijada gaz o‘tayotgan bo‘lsa-da, hisoblagich sarfni qayd etmagan. O‘rganishlar davomida 26 487 kub metr tabiiy gaz noqonuniy ishlatilgani aniqlanib, 41 million 229 ming so‘m zarar qayta hisoblab chiqildi.

G‘ijduvon tumani “Usmon Xo‘jayev” MFYda yashovchi K.M. esa yanada yashirin usulni tanlagan. U plastik quvur orqali, tashqi ko‘z bilan aniqlash qiyin bo‘lgan tarzda, gaz tarmog‘iga noqonuniy ulanishni amalga oshirgan. Ushbu holat bo‘yicha yetkazilgan zarar 33 million 183 ming so‘mni tashkil etdi.

Shunga o‘xshash qoidabuzarlik Shofirkon tumani “Shodlik” MFY, Talipoya ko‘chasida yashovchi I.B. xonadonida ham aniqlandi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu holatda davlat manfaatlariga 69 million 353 ming so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgan.

Barcha aniqlangan holatlar yuzasidan dalolatnomalar rasmiylashtirilib, belgilangan tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi. Hududlarda gazdan foydalanish ustidan nazorat tadbirlari izchil davom ettirilmoqda.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish, hisoblagichga aralashish yoki tarmoqqa ruxsatsiz ulanish ma’muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Bunday holatlar uchun yetkazilgan zarar to‘liq undirilishi, jarima solinishi, ayrim hollarda esa jinoiy ish qo‘zg‘atilishi mumkin. Mutasaddilar fuqarolarni gazdan faqat qonuniy va xavfsiz tarzda foydalanishga chaqirmoqda.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng köp öqilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, Özbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim köchasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipoviç. Muassis: “Buxoroişarif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va şikoyatlaringizni info@buxoroişarif.uz ga yöllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan töliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, çop etish faqat manba körsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Uşbu sayt OAV sifatida Özbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda röyxatdan ötgan.