Islom

Mavlud qilish bid’atmi?

pic
Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

Loading

Savol: Ba’zilar mavlid qilish bid’at, deyishmoqda. Bu haqda Islom ulamolari nima deyishgan?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohim. Mavlid oyi Payg‘ambarimiz alayhissalomning hayotlarini, muborak siyratlari va sunnati saniyyalarini yanada chuqurroq o‘rganish oyidir. Bu oyda ham, bundan keyin ham biz, mo‘min-musulmonlar, har bir ishda, har bir amalda U zotning sunnatlariga muvofiq yo‘lda yurishimiz, U zotga ergashishimiz zarur.

Aslida Payg‘ambarimiz alayhissalomning mavlidlarini birinchi bo‘lib nishonlagan zot – Rasululloh alayhissalomning O‘zlaridir. Imom Muslim Abu Qatoda raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda aytadilar:

“Nabiy alayhissalomdan dushanba kuni ro‘za tutish haqida so‘rashdi. Shunda U Zot: “O‘sha kunda men tug‘ilganman va shu kunda menga (vahiy, payg‘ambarlik) nozil bo‘lgan”, – dedilar.

Ushbu hadisi sharif Payg‘ambarimiz alayhissalom dushanba kuni tug‘ilganliklari va shu kunda payg‘ambarlik ato qilingani munosabati bilan ro‘za tutganliklariga dalolat qiladi.

Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning tavalludlarini nishonlash va bunda xursandchilik qilishni o‘ziga yarasha shar’iy dalillari, asoslari hamda manfaatlari bor. Musulmon ummati taqriban ming yildan buyon uni nishonlab kelmoqda. Islom ummatining tayanchi bo‘lgan bir qator ulamolar uni yaxshi amal sanashgan.

Ulamolarimiz: “Abdulloh ibn Mas’ud raziyallohu anhuning “Musulmonlar yaxshi sanagan narsa Alloh nazdida ham yaxshidir”,– degan  so‘zlari aynan mavlidga mos tushadi”, – deydilar. Biz ko‘pchilik ulamolarning, shu jumladan, yurtimiz ulamolarining fikrlarini ushlashimiz va ixtilofga o‘rin bermasligimiz lozim bo‘ladi. Zero, mavliddan ko‘zlangan maqsadlarga erishishga musulmonlar bugun har doimgidan ko‘ra ko‘proq muhtojdirlar.

Al-Hofiz Abdurrahim al-Iroqiy aytadilar:

“Ziyofat tashkil etish va muhtojlarga taom ulashish har vaqtda ham yaxshi sanalgan amallardandir. Ayniqsa, bu muborak oyda unga Rasululloh alayhissalomning nurlari zohir bo‘lganligi tufayli shodu hurramlik ulashilsa qanday ham yaxshidir. Uning bid’at ekanligi makruh bo‘lishiga sabab bo‘lolmaydi. Zero, qanchadan qancha yaxshi bid’atlar borki, ularga amal qilish vojib darajasiga chiqqandir” (Manba: “Sharhu mavohibul-laduniyya” kitobi).

Hofiz Suyutiy rahmatullohi alayh aytadilar:

“Mening nazdimda aslida mavlid amalida odamlarning to‘planishi, Qur’oni karimdan qiroat qilish, Payg‘ambarimiz alayhissalomning tavallud topganlarida ro‘y bergan mo‘jizalar haqida vorid bo‘lgan xabarlarni rivoyat qilish, keyin dasturxon yozilib, taomlardan tanovul qilingach tarqalib ketish, bularning hammasi bid’at hasana ishlardan sanalib, uni tashkil etganlarga savob bor. Chunki, bunda Payg‘ambarimiz alayhissalomni ulug‘lash, tavallud topganlari uchun xursandchilik va shodlikni izhor etish bor” (Manba: “Husnul maqsid fi amalil mavlid” kitobi).

Asrining Hofizi bo‘lmish Shayxul Islom Abul Fazl Ahmad ibn Hajar Asqaloniydan mavlid haqida so‘ralganda quyidagi javobni berganlar: “Mavlidning asli bid’at bo‘lib, u haqida avvalgi uch asrdagi salafi solihlardan hech narsa naql qilinmagan. Lekin, shu bilan birga bu ish yaxshiliklarni va unga zid bo‘lgan narsalarni o‘z ichiga olgandir. Bas, kim yaxshiliklarini olib, yomonliklaridan chetda bo‘lsa, bid’ati hasana bo‘ladi. Kim yomonliklaridan chetlanmasa, yaxshi bo‘lmaydi” (Manba: “Husnul maqsid fi amalil mavlid” kitobi).

Ibn Obidin aytadilar:

“Bilingki, Nabiy alayhissalom tavallud topgan oyda mavlidi sharif o‘tkazish yaxshi bid’atlardandir” (Manba: “Sharhu ibn Obidiyn ala mavlidi ibn Hajar” kitobi).

Xulosa qilib aytganda, Nabiy alayhissalomning tavalludlarini nishonlashning joiz ekaniga Islom olami zabardast ulamolarining ko‘plab ijobiy fikrlarini keltirish mumkin. Ayniqsa, dunyoning ba’zi joylarida Habibimiz alayhissalomning muborak sha’nilariga nisbatan qasddan odobsizliklar amalga oshirilayotgan bir paytda, U zotning siyratlarini, sunnatlarini, go‘zal shamoillari va yuksak axloqlarini qunt bilan o‘rganishimiz va yosh avlodlarga o‘rgatishimiz zimmamizdagi oliy burchimizdir. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati

Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.