Islom

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Halokatga eltuvchi 7 ta gunohdan saqlaninglar!”

pic
Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

Loading

Gunohlar 2 xil bo‘lib, ba’zilari sag‘ira, ya’ni kichik gunohlar deyilsa, yana ba’zilari esa kabira ya’ni katta gunohlar deyiladi. 

Quyidagi hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam kabira gunohlarning bir nechtasini sanab o‘tganlar: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Halokatga eltuvchi 7 ta gunohdan saqlaninglar!” dedilar. Sahobalar: “Ey Allohning Rasuli, ular qaysilar?” deb so‘rashdi. U zot: “Allohga shirk keltirish, sehr-jodu bilan shug‘ullanish, Alloh harom qilgan jonni nohaq o‘ldirish, so‘dxo‘rlik qilish, yetimning molini yeyish, yov bosgan vaqtga orqaga qochish hamda iffatli, mo‘mina, buziqlik nimaligini bilmaydigan ayolni fohishalikda ayblash”, deb javob berdilar”. (Muttafaqun alayh)

Ushbu hadisi sharifda gunohi kabiralarning 7 tasi aniq zikr qilingan. 

1. Alloh taologa shirk keltirish gunohlarning eng kattasi bo‘lib, uning sababidan kishi iymondan ayriladi. Oqibatida qilgan barcha toat-ibodatlari bekor bo‘lib solih amallari ham zoye ketadi. Alloh taolo shirk keltirgan holda, tavba qilmay vafot etgan kishini aslo kechirmaydi. Bu haqda Qur’oni karimning Niso surasining 48-oyatida xabar berilgan. 

2. Sehr-jodu bilan shug‘ullanish – yovuzlik maqsadida bajariladigan amal. Insonga zarar yetkazishda va uning ongini o‘g‘irlashlikda foydalaniladi. Ayniqsa er-xotinning orasini buzishni istaganlar ko‘pincha sehr-jodu qilish bilan niyatlariga erishishga harakat qiladi. Shuning uchun Islomda sehr-jodu amali harom qilingan va u gunohi kabiradir. 

3. Alloh harom qilgan jonni nohaq o‘ldirish. Nohaq odam o‘ldirish begunoh odamlarni qonini to‘kish nafaqat Islom dini, barcha samoviy dinlarda ham harom qilingan. Shuning uchun har qanday jamiyatda nohaq odam o‘ldirish og‘ir jinoyat sanaladi. Bu haqda Qur’oni karimning Moida surasi 32-oyatida zikr qilingan. 

4. Sudxo‘rlik qilish. Alloh taolo Qur’oni karimda o‘zgalarning molini botil yo‘llar bilan yeyishdan qaytargan (Niso surasi 29-oyat) Sudxo‘rlikning yetmishdan ortiq turlari mavjud. 

5. Yetimni molini yeyish. Yetimlar jamiyatdagi eng ojiz va himoyasiz toifa hisoblanadi. Shuning uchun Islom dinida ularni parvarish qilishga targ‘ib qilingan. Yetimlarni ojiz va himoyasizligidan foydalanib, ularning mol-mulklarini o‘zlashtirib olish, keragidan ortig‘icha sarf-xarajat qilish og‘ir gunoh ekanligi Qur’oni karimda bayon etilgan (Niso surasi 10-oyat).

6. Yov bosganda orqaga qochish. Inson uchun vatan, oila, din halol mehnat bilan topilgan mol-mulk hamda obro‘-izzat juda ham qadrli hisoblanadi. Shuning uchun ham ularni himoya qilish muqaddas burchdir. Mazkur narsalarni dushmandan himoya qilish chog‘ida halok bo‘lgan kishilar shahid bo‘lishliklari aytilgan. Vatanni dushmanlar bosib olishiga rozi bo‘lib turish gunohi kabiralardandir. 

7. Iffatli, mo‘mina, buzuqlik nimaligini bilmaydigan ayolni fohishalikda ayblash. Islom dinini insonlarning sha’nini yuqori o‘ringa qo‘yadi. Shuning uchun ham g‘iybat, bo‘hton, chaqimchilik kabi insonning sha’nini yerga uradigan amallar harom qilingan. Ayniqsa, zaifa ayollarga nisbatan to‘hmat qilishning gunohi kabiralar jumlasiga kiritilishi buning dalilidir. 

Alloh Taolo O‘zining kalomida: “Agar sizlar man etilgan gunohlarning kattalaridan saqlansangiz, kichik gunohlaringizni sizlardan o‘chirurmiz va sizlarni rohatbaxsh manzil (jannat)ga kiriturmiz“, deb va’da qilgan (Niso surasi 31-oyat) .

Alloh Taolo barchalarmizni gunoh amallarimizdan saqlab, savobli va solih amallar qilib yashashga muvaffaq aylasin.

Luqmon Isoyev, Shofirkon tuman “Said Ato” jome’ masjid imom-xatibi 

Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.