Jahon

Parijda Ilon Maskka tegishli X (Twitter) kompaniyasi ofislarida tintuvlar o‘tkazildi

photo
Foto: Investopedia.com

Loading

Fransiya poytaxti Parijda Ilon Maskka qarashli X (avvalgi Twitter) ijtimoiy tarmog‘i ofislarida tergov doirasida tintuv ishlari olib borildi. Bu haqda seshanba kuni Parij prokuraturasi rasmiy bayonot bilan ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, tergov harakatlari shahar prokuraturasi bo‘linmalari, kiberjinoyatchilikka qarshi milliy politsiya xizmati hamda Yevropol hamkorligida amalga oshirilgan. Ushbu tekshiruvlar 2025-yil yanvar oyida boshlangan jinoyat ishi doirasida olib borilmoqda.

Prokuratura axborotiga ko‘ra, mazkur ish X platformasi algoritmlariga ehtimoliy xorijiy aralashuv, bolalar pornografiyasi, dipfeyk tasvirlar tarqalishi hamda noqonuniy kontent bilan bog‘liq gumonlar asosida qo‘zg‘atilgan. Shu doirada Ilon Mask va X kompaniyasining sobiq bosh ijrochi direktori Linda Yakkarino 20-aprel kuni “ixtiyoriy so‘roq” uchun chaqirilgan.

Fransiyaning Le Monde nashri yozishicha, tergov Fransiya parlamenti deputati, “Uyg‘onish” partiyasi vakili Erik Botorelning murojaatidan so‘ng boshlangan. U Mask 2022-yilda platformani sotib olganidan keyin X algoritmlari tashqi ta’sir ostida ishlayotgani va siyosiy kontentda xolislik buzilayotganini ta’kidlagan.

Shuningdek, hukumat tuzilmasidagi kiberxavfsizlik bo‘limi rahbari ham alohida shikoyat bilan chiqib, algoritmlar o‘zgartirilishi natijasida “iflos siyosiy kontent” keng tarqalayotganini bildirgan.

Tergov keyinchalik X platformasidagi Grok sun’iy intellekt chatbotiga oid shikoyatlar sabab kengaytirilgan. Xususan, Grok orqali seksual mazmundagi tasvirlar, dipfeyklar, shuningdek, Xolokostni inkor etuvchi materiallarga kirish imkoni yaratilgani aytilmoqda. Bundan tashqari, tergovchilar X’ni bolalar pornografiyasi tasvirlarini saqlashga “hamkorlik qilgan bo‘lishi mumkin”, degan gumon bilan ham tekshirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2024-yil noyabr oyida ham Parij prokuraturasi Ilon Maskka tegishli xAI kompaniyasi mahsulotlariga qiziqish bildirgan edi. O‘shanda Grok tomonidan fransuz tilida yaratilgan, Osvensimdagi gaz kameralarini shubha ostiga oluvchi xabarlar jamoatchilikda keskin norozilik uyg‘otgan.

So‘nggi paytlarda esa Grok foydalanuvchilarga ayollar va bolalar suratlarini tahrirlab, ularni “yechintirish” imkonini bergani bois katta shov-shuvga sabab bo‘ldi.

Shu kuni Parij prokuraturasi yana bir muhim qarorni e’lon qildi: idora X platformasidagi rasmiy sahifasini yopib, obunachilarni LinkedIn va Instagram’dagi akkauntlariga yo‘naltirdi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.