Buxoro yangiliklari
Buxoro biyennalesi global san’at yarmarkasida namoyish etildi
Qatar poytaxti Dohada o‘tkazilgan “Art Basel Qatar” xalqaro san’at yarmarkasi doirasida O‘zbekiston vakillari ishtirokida muhim panel muhokama bo‘lib o‘tdi. Unda Buxoro biyennalesi shahar bilan bevosita ishlashga asoslangan yangi madaniy model sifatida xalqaro ekspertlar e’tiboriga havola qilindi.
“Art Basel Conversations” dasturi doirasida o‘tkazilgan ushbu sessiyada O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi, Kreativ iqtisodiyot va turizm departamenti rahbari Gayane Umerova ishtirok etdi. 5-fevral kuni “Qatar Creates Talks × Art Basel Conversations” jamoatchilik dasturi doirasida tashkil etilgan tadbirda Qatar, O‘zbekiston va Tunisning yetakchi madaniy institutlari vakillari zamonaviy biyennale formatlari, ko‘rgazma amaliyotidagi yangi yondashuvlar hamda san’atning jamoatchilik bilan muloqot mexanizmlarini muhokama qildi.
“Rubayya, Buxoro va Jaou: yangi platformalar, yangi imkoniyatlar” mavzusidagi panel sessiyada Gayane Umerova bilan bir qatorda “Rubaiya Qatar” jamg‘armasi direktori Shayxa Al-Anud Al Tani hamda “Jaou Tunis” biyennalesi asoschisi, “Kamel Lazaar” jamg‘armasi vitse-prezidenti Lina Lazaar qatnashdi.

Muhokama jarayonida Buxoro biyennalesi urban transformatsiyaga qaratilgan, uzoq muddatli institutsional model sifatida alohida ta’kidlandi. Ushbu tashabbus faqat davriy ko‘rgazma bilan cheklanmay, tarixiy shaharni jonlantirish, madaniy infratuzilmani qayta faollashtirish va barqaror rivojlanish mexanizmlarini shakllantirishga xizmat qilishi bilan ajralib turadi.
Biyennale shahar muhiti bilan chambarchas bog‘liq holda amalga oshiriladi: loyihalar tarixiy me’moriy meros, hunarmandchilik an’analari va mahalliy jamoalar bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi. Bu yondashuv san’atni yopiq institutsional makonlardan chiqarib, uni shahar hayotining ajralmas qismiga aylantirish, jamoatchilik ishtirokini kengaytirish va madaniy merosni zamonaviy mazmun bilan boyitishni maqsad qiladi. Shu bois Buxoro biyennalesi oddiy madaniy tadbir emas, balki shaharni kompleks rivojlantirishga xizmat qiluvchi strategik platforma sifatida namoyish etildi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil sentabr–noyabr oylarida o‘tkazilgan Buxoro biyennalesi 1,8 milliondan ortiq tashrif buyuruvchini jalb qilgan. Bu esa tarixiy markazni tiklash va rivojlantirishga qaratilgan keng qamrovli dasturlarga turtki bo‘ldi. Mazkur dastur doirasida madaniy hududlar barpo etilmoqda, meros obyektlari uzoq muddatli jamoatchilik foydalanishiga moslashtirilmoqda. Shuningdek, 2026 yil mart oyida ochilishi rejalashtirilgan Toshkent zamonaviy san’at markazi, ilmiy-tadqiqot loyihalari va YUNESKO bilan hamkorlik dasturlari ham ushbu strategiyaning muhim qismi hisoblanadi.

“Art Basel Qatar” kabi nufuzli xalqaro maydonda Buxoro biyennalesi tajribasining taqdim etilishi O‘zbekiston uchun muhim strategik imkoniyatlarni ochadi. Bu mamlakatni zamonaviy san’at va madaniy siyosat sohasida global muloqotning faol ishtirokchisiga aylantiradi, xalqaro kuratorlar, muzeylar va kolleksionerlar bilan hamkorlikni kengaytiradi, shuningdek madaniyat orqali turizm salohiyatini oshirish va O‘zbekistonning ijobiy xalqaro imijini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun, Art Basel xalqaro zamonaviy san’at yarmarkasi 1970-yilda Shveysariyaning Bazel shahrida tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda dunyoning turli mintaqalarida o‘tkaziladigan eng nufuzli san’at platformalaridan biri sanaladi. “Art Basel Qatar” esa ushbu yarmarkaning Yaqin Sharqdagi ilk formati bo‘lib, Qatarning uzoq muddatli madaniy strategiyasi doirasida amalga oshirilmoqda.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


