Islom

Rasululloh sollallohu alayhi vassallamning tushlari

pic
Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

Loading

Samura ibn Jundub roziyallohu anhu aytadilar: Rasululloh sollallohu alayhi vassallam sahobalarga ko‘p aytadigan gaplaridan biri: “Sizlardan birortalaringiz bugun tush ko‘rdimi?”,- der edilar. Bas, u zotga Alloh xohlagan kishi ko‘rgan tushini aytib berardi.

U zot bir kuni tongda shunday dedilar: “Bu kecha mening oldimga ikki kishi (Jabroil va Mikoil alayhis salomlar) keldi. Ular meni ular meni qo‘zg‘otib: “Yuring”,- deyishdi, men ular bilan ketdim. Biz biri yotgan, ikkinchisi uning tepasida xarsang tosh ushlab turgan kishilarning oldiga bordik. Haligi kishi qo‘lidagi toshni yotgan kishining boshiga tashlar va uning boshini yorar. Bas, tosh nariroqqa dumalab ketsa, u toshning ortidan borib uni olib kelar, olib kelguncha esa uning boshi avvaldagidek bo‘lib tuzalib qolar edi, so‘ng qaytib kelib u bilan yana avvalgidek ishini takrorlar edi.

Men shunda: “Subhanalloh bular kimlar?”- dedim. Ikki farishta menga: “Yuring”,- deyishdi. Keyin biri chalqancha yotgan, ikkinchisi uning ustiga temir changak ushlab turgan kishilarning oldiga bordik. Banogoh chalqancha yotgan kishining yuzining bir tarafiga kelib, uning lunjidan, burnining teshigidan va ko‘zidan ensasigacha qo‘lidagi changak bilan tortib kesib-o‘yib tashlar, so‘ngra ikkinchi tomoniga o‘tib, u tomonni ham avvalgi tomoni kabi qilar edi. Bu tomondan bo‘shagunga qadar narigi tarafi asl holatiga qaytar, tuzalib qolar edi. So‘ng u tomonga qaytib kelib, avvalgi ishini takrorlar edi.

Shunda men: “Subhanalloh, bular kimlar?”-dedim. Ular: “Yuravering”, – deyishdi. Keyin katta tandirga o‘xshagan narsaning oldiga bordik. Uning ichidan shovqin-suronli ovozlar eshitilar edi. Qarasak, uning ichida yalang‘och erkaklar va ayollar bor edi.  Ularning ostilaridan alanga ko‘tarilib turar, o‘sha alanga har ko‘tarilganida,  ular dod-faryod qilishar edi. Shunda men haligi ikki farishtaga: “Bular kimlar?”-dedim. Ular: “Yuravering”, – deyishdi.

Keyin yurib qon kabi qizil daryoga keldik. Daryoning ichida bir kishi suzib yurardi. Daryo qirg‘og‘ida oldida ko‘p tosh yig‘ib olgan yana bir kishi bor edi. Suzuvchi kimsa suza-suza yonida tosh to‘plab turgan kishining oldiga kelib og‘zini ochar, haligi kishi uning og‘ziga tosh solib qo‘ygach, yana suzib ketar, so‘ng yana va yana bu holat takrorlanar edi. Shunda men: “Subhanalloh, bular kimlar?”-dedim. Ular: “Yuravering”, – deyishdi. Keyin juda xunuk ko‘rinishdagi bir kishining oldiga keldik. Uning oldida olov bor edi. U olovni yoqib atrofida aylanib yurar edi. Men ularga: “Kim bu?”- dedim. Ular odatdagidek “Yuring, yuravering”,- deyishdi. Keyin yam-yashil bog‘chaga keldik, unda bahordagi barcha navdagi gullar mavjud edi. Uning o‘rtasida esa juda novcha bir yigit turardi, bo‘yi osmonu-falakka cho‘zilganidan men uning boshini ko‘ra olmasdim. U insonning atrofida men hali ko‘rmagan juda ko‘p bolalar bor edi.

Men hamrohlarimga yana savol berdim: “Bu novcha bo‘yli kishi va atrofidagi bolalar kimlar?”. Ularning javobi odatdagidek edi. Keyin ulkan bir bo‘stonga yetib keldik. Undan ko‘ra kattaroq va go‘zalroq bog‘ni ko‘rmaganman. Hamrohlarim: “Unga ko‘tariling”,- deyishdi. Bas, unga ko‘tarilib, oltin va kumush g‘ishtlar bilan qurilgan bir shaharga yetib keldik. Shahar darvozasi oldiga kelib ochishlarini so‘radik. Bas, ochildi, ichkariga kirdik. U yerda bizga shunday kishilar ro‘para bo‘ldiki, ularning ko‘rinishi yarmi go‘zal, qolgan yarmi xunuk ko‘rinishdagi yaratilingan edilar. Hamrohlarim ularga: “boringlar anavi daryoga tushib chiqinglar”,- deyishdi. Ro‘paradagi oqayotgan daryoni suvi oppoq sut kabi edi. Ular borib daryoga tushib, cho‘milib keyin bizning oldimizga qaytganlarida, ularning badanlaridagi badqiyofalik ketib, eng go‘zal suratga kirgan edilar.

Hamrohlarim menga: “Mana shu Adn jannatidir. Ana u esa Sizning manzilingizdir”,- deyishdi. Bas, nigohim yuqoriga ko‘tarilib qaragan zahotim oppoq bulut kabi bir qasrni ko‘rdim. Ular: “Mana shu sizning manzilingizdir”,- deyishdi. Shunda men ularga: “Alloh sizlarni o‘z marhamatiga sazovor qilsin, meni o‘z holimga qo‘ysangizlar va men o‘sha manzilimga kirsam”,- dedim. Ular: “Hozircha u yerga kira olmaysiz”,- deyishdi.

Men ularga: “men bu kecha ko‘p ajoyibotlarni ko‘rdim, o‘sha ko‘rganlarimni tasnifini aytib bering”,- dedim. Ular: “Siz borganingizda boshini yorilayotgan kishi Qur’onni yod olib unga amal qilishni tark qilgan va farz namozlarida uxlab qolgan kimsadirdir; Siz kelganinngizda, lunjidan, burnining teshigidan va ko‘zidan ensasigacha changak bilan tortib kesib-yoyib tashlanayotgan kimsa uyidan ertalab chiqgandan boshlab yolg‘on gapiradigan, uning yolg‘oni ufqlarga qadar yetadigan kimsadir; tandir kabi bino ichidagi yalang‘och erkaku ayollar zinokorlardir; daryoda suzayotgan va og‘ziga tosh otayotgan kimsa esa sudxo‘rdir; olov yoqib uning atrofida yurgan kishi jahannam soqchisi Molikdir; bog‘chadagi uzun bo‘yli kishi Ibrohim alayhis salom u zotning atrofidagi bolalar esa islom fitrati (tabiati)da tug‘ilgan bolalardir”. Shunda musulmonlardan biri: “Yo Rasululloh, ularning ichida mushriklarning bolalari ham bormi?”- deb so‘ragan edi, u zot sollallohu alayhi vassallam “mushriklarning bolalari ham bor”,- dedilar. “Yarmi xunuk, yarmi go‘zal yaralgan qavm esa yaxshi amallar bilan yomon amallarni aralashtirib qilgan qavm bo‘lib, Alloh ularning gunohlarini kechirib yuboradi”,- dedilar”. 

Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.