Islom

Iftorga kim taklif qilinadi?

pic
Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

Loading

Ramazon oyi oylar ichida eng barakotli oy hisoblanadi. Qolgan oylarda bajariladigan muboh (oddiy) amallar, bu oyda ibodat o‘rniga o‘tadi. Masalan oddiy ertalabki nonushta yoki kechki ovqatlanishimiz hech qanday ajrga ega emas, balki insoniy ehtiyojlardan hisoblanadi. Ammo mana shu amallar muborak oyda Alloh nazdida e’tiborli va ajrli bo‘ladi.

Muttafaqun alayh bo‘lgan hadisda: Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

عن أنس بن مالك رضي الله عنه قال: قال النبي صلى الله عليه وسلم: «تسحَّروا؛ فإن في السُّحورِ بركةً»

“Saharlik qilinglar, saharlikda baraka bor”.

Imom Termiziy keltirgan hadisda: Zayd ibn Xolid al Juhaniy roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi va sallamning shunday deganlarini rivoyat qiladi:

عَنْ زَيْدِ بن خَالِدٍ الْجُهَنِيِّ ، قَالَ : قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : مَنْ فَطَّرَ صَائِمًا كُتِبَ لَهُ مِثْلُ أَجْرِهِ فِي أَنَّهُ لا يَنْقُصُ مِنْ أَجْرِ الصَّائِمِ شَيْءٌ 

“Kim ro‘zadorni iftor qildirsa, unga ro‘zadorning ajricha ajr bo‘lur. Shu bilan birga ro‘zadorning ajridan hech bir narsa kam bo‘lmas”.

Muborak hadislardan ma’lum bo‘lyaptiki, Ramazon oyida bomdod kirishidan oldin nonushta qilib olishimizda baraka bor ekan va quyosh botgandan so‘ng ovqatlanishimizda savob bor.

Kimning imkoniyati bo‘lsa, ro‘zadorlarga xolis iftor qilib bersa, cheksiz ajrga ega bo‘ladi. Demakkim, ibodat qilgan bo‘ladi. chunki ajr beriladigan har bir amal ibodat hisoblanadi.

Iftordorlik boshqa kunlardagidek dasturxon yozib mehmon chaqirib ziyofat berish degani. Katta to‘ydan boshlab, hattoinki ikki kishi uchrashib, choy ichishi ham ziyofat deyiladi. Bular niyatga qarab ajraladi. Ammo iftordorlik esa faqat ro‘zador kishiga ziyofat berish degani. Yuqoridagi ziyofatlarga har kim ham kelaverishi mumkin. Biroq iftorga faqat ro‘za tutgan kishi keladi.  

Iftordorligimiz ibodat ekan, iftor dasturxoniga kimni chaqirishmiz kerak? Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nasihatlariga quloq tuting.

 Imom Ahmad keltirgan hadisda: Abu Sa’idil Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

عَنْ أَبِى سَعِيدٍ الْخُدْرِىِّ عَنِ النَّبِىِّ -صلى الله عليه وسلم- قَالَ « فَأَطْعِمُوا طَعَامَكُمُ الأَتْقِيَاءَ وَأَوْلُوا مَعْرُوفَكُمُ الْمُؤْمِنِينَ

“Taomlaringizni taqvodorlarga beringiz, marhamatingizni mo‘minlarga qilingiz”.

Taomingizni taqvodorlarga yediring

Bu yerda gap nafaqat och qolganni to‘ydirish, balki ehsonning samarasi haqida ketmoqda. Agar taqvodor inson sizning taomingizni yesa, undan olgan quvvati bilan Allohga ibodat qiladi. Demak, siz bilvosita o‘sha ibodatga sherik bo‘lasiz. Bu xuddi ro‘zadorga iftorlik bergan kishi uning ajriga sherik bo‘lishiga o‘xshaydi.

Yaxshiligingizni mo‘minlarga qarating

Bu yerdagi «ma’ruf» so‘zi keng ma’noli bo‘lib, unga moddiy yordam, shirin so‘z, maslahat va qo‘llab-quvvatlash kiradi. Islomda mo‘minlar bir-birlariga nisbatan xuddi bir binoning g‘ishtlaridek yoki bir tanning a’zolaridek bo‘lishlari iroda qilinadi.

Imom Abu Dovud keltirgan hadisda: Abu Sa’idil Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

عَنْ أَبِي سَعِيدٍ الْخُدْرِيِّ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ، أَنَّهُ سَمِعَ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: «لَا تُصَاحِبْ إِلَّا مُؤْمِنًا، وَلَا يَأْكُلْ طَعَامَكَ إِلَّا تَقِيٌّ»

“Faqat mo‘min bilan hamsuhbat bo‘l (do‘stlash) va taomingni faqat taqvodor yesin”.

Faqihlar aytadilarki, agar inson birovning fosiqligini, bergan taomidan olgan quvvatini gunoh ishlarga (masalan, zo‘ravonlik, qimorbozlik yoki zulmga) sarflashini aniq bilsa, unga taom berishi makruh hisoblanadi. Taqvodorga berish esa — ibodatga kafildir.

Zero Alloh taolo Moida surasining ikkinchi oyatida marhamat qiladi:

وَتَعَاوَنُوا عَلَى الْبِرِّ وَالتَّقْوَى وَلَا تَعَاوَنُوا عَلَى الْإِثْمِ وَالْعُدْوَانِ وَاتَّقُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ شَدِيدُ الْعِقَابِ

“Yaxshilik yo‘lida va taqvo qilishda yordamchi bo‘linglar, ammo gunoh va dushmanlik yo‘lida hamkorlik qilmang, Allohdan qo‘rqing, chunki Allohning azobi qattiqdir”.

Ibn Obidin ta’kidlaydilarki, agar bir kishi boshqa birovning harom ishni qilishini aniq bilsa va unga o‘sha ishda yordam beradigan narsani taqdim qilsa, bu ish «ma’siyatga sabab bo‘lish» hukmiga kiradi va makruh sanaladi.

Alloh taolo Tavba surasining 119-oyatida shunday marhamat qiladi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا اتَّقُوا اللَّهَ وَكُونُوا مَعَ الصَّادِقِينَ

“Ey iymon keltirganlar! Allohga taqvo qilinglar va sodiqlar (solihlar) bilan birga bo‘linglar!”.

Ulamolar aytadiki, Alloh taqvoga buyurib, ketidan sodiqlar bilan birga bo‘lishni zikr qildi. Bu esa taqvoga erishishning eng asosiy yo‘li — solihlar bilan birga bo‘lish ekaniga ishoradir.

Ibn Atoulloh Sakandariy rahimahulloh aytadi: “Holati seni Allohga yaqinlashtirmaydigan va so‘zi seni Allohga yo‘llamaydigan kishi bilan hamsuhbat bo‘lma”.

Hasan Basriy rahimahulloh aytadi: “Biz uchun birodarlarimiz (solih do‘stlarimiz) oilamizdan ko‘ra suyukliroqdir. Chunki oilamiz bizga dunyoni eslatadi, birodarlarimiz esa oxiratni eslatadi”.

Imom Shavkoniy rahmatullohi alayh aytadi: “Solih zotlarning majlisida o‘tirganlar, ular bilan ajrda barobardir. Chunki solih zotlarning barakoti tufayli ularga Allohning fazli yog‘iladi”.

Solihlarning majlisi doimo manfaatli bo‘ladi.  Uning foydasi bo‘lmaganda ham zarari bo‘lmaydi. Solihlar suhbatida inson kamchiliklarini biladi, yaxshilik qilishga ishtiyoqi oshadi, dunyo g‘amini unutadi. Yomon xulqli odamlar bilan suhbat qurish esa, odamni yomonlikka sherik qiladi, gunoh-ma’siyatga boshlaydi. 

Iftor dasturxonlarimiz ibodatga sababchi bo‘lishi uchun solih birodarlarimiz bo‘lsin. Solih insonlarni taomlantirish orqali banda o‘z nafsini “mashhurlik” yoki “riyo”dan himoya qiladi. Chunki taqvodor inson sizni maqtamaydi, balki Allohga hamd aytadi.

Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.