O‘zbekiston

O‘zbekistonda sifatsiz va qalbaki dorilarning oldi-sotdisi bo‘yicha javobgarlik kuchaytiriladi

pic
Foto: Prezident.uz

Loading

Kecha, 5-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida farmatsevtika sohasini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Unda mamlakatda dori ishlab chiqarish hajmini oshirish, yangi texnologiyalarni joriy etish va xalqaro tajribani keng jalb etish masalalari muhokama qilindi.

Yig‘ilishda farmatsevtika sanoatini rivojlantirish uchun yirik xalqaro kompaniyalar, xususan Big Pharma vakillarini jalb qilish bo‘yicha ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi. Biroq bunday kompaniyalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishdan avval mamlakatda dori vositalarining sifati va xavfsizligi ustidan kuchli nazorat tizimi mavjud yoki yo‘qligiga alohida e’tibor qaratishini bildirgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, birgina o‘tgan yil davomida mamlakatda 57 mingdan ortiq nomdagi ro‘yxatdan o‘tmagan va kontrafakt dori vositalari aniqlangan. Qalbaki mahsulotlar ko‘paygani sabab ayrim nufuzli xorijiy kompaniyalar 21 turdagi original dorilarni O‘zbekistonga yetkazib berishni vaqtincha to‘xtatgan.

Shu munosabat bilan mas’ul idoralarga dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashni keskin kuchaytirish topshirildi. Ta’kidlanishicha, giyohvand va psixotrop moddalarga qarshi qanday qat’iy choralar ko‘rilayotgan bo‘lsa, dorilarning noqonuniy savdosiga qarshi ham xuddi shunday tizimli kurash olib borilishi zarur.

Yig‘ilishda sifatsiz va qalbaki dorilar savdosi uchun javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha alohida qonun loyihasini ishlab chiqish muhimligi qayd etildi. Bu orqali farmatsevtika bozorida shaffoflikni ta’minlash va aholining sog‘lig‘ini himoya qilish maqsad qilinmoqda.

Eslatib o‘tilishicha, 2025-yil avgust oyida Zodac va Edem BADlarining qariyb 3 ming dona kontrafakt nusxalari aniqlangan edi. Mazkur holat yuzasidan uch nafar tadbirkorga nisbatan 82,4 million so‘m miqdorida jarima qo‘llangan.

Shuningdek, farmatsevtika sanoatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida yangi ishlab chiqarish loyihalariga qo‘shimcha imtiyozlar berilishi belgilandi. Xususan, yangi farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar 3 yil muddatga yer solig‘idan ozod etiladi. Bu esa sohada investitsiyalarni jalb qilish va mahalliy dori ishlab chiqarishni rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.