Islom

Ramazonning oxirgi o‘n kunligining fazilati

pic
Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

Loading

Alloh taoloning hayotimizda yana bir muborak Ramazonni ato qilgani cheksiz karamidir. Alloh taoloning fazli va karami ila ushbu Ramazonning 18 kuni o‘tdi. Muborak Ramazonning oxirgi o‘n kunligi boshlanmoqda. Bu o‘n kunlik butun Ramazonning xushbo‘yligi va shirasidir. Alloh taolo bu oxirgi o‘n kunlikni shunday xususiyatlar va fazilatlar ila musharraf qilganki, butun yil bo‘yi bunday kunlar qayta kelmaydi.

Aslida, butun muborak Ramazon oyining o‘zi muqaddas va barakotlidir. Uning har bir soati va har bir lahzasi qadrlashga loyiqdir. Lekin mana bu oxirgi o‘n kunlik Nabiy solallohu alayhi vasallamning ko‘rsatmalariga ko‘ra, Alloh taologa ibodat uchun xos holatlarni o‘zida jamlagan.

Oxirgi o‘n kunlik kirganida, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Bellarini mahkam bog‘lar edilar, (ya’ni, tun bo‘yi ibodat qilish uchun tayyor bo‘lar edilar), tunlarini (ibodatda) bedor o‘tkazar edilar va ahllarini ham uyg‘otar edilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Boshqa kunlarda ham Nabiy sollallohu alayhi vasallam tahajjud namozini o‘qir edilar. Uning rakatlari juda uzun bo‘lardi. Ba’zan Nabiy sollallohu alayhi vasallam tahajjudga yarim kechada, gohida esa kechaning oxirgi uchdan birida turar edilar. Lekin muborak Ramazon oyining oxirgi o‘n kuni haqida Oisha onamiz roziyallohu anho aytadilarki, bu kechalarda Nabiy sollallohu alayhi vasallam ibodat uchun bellarini mahkam bog‘lar edilar.

Ramazon oyidan boshqa kunlarda tahajjud uchun turishda Nabiy sollallohu alayhi vasallamning odatlari bunday edi: “Ohista oyoq kiyimlarini kiyib, ridolarini olar edilar. So‘ng, asta eshikni ochardilar” (Imom Nasoiy rivoyati).

Bunday qilishlariga sabab, onamiz Oisha roziyallohu anho uyg‘onib ketmasin der edilar. Chunki tahajjud o‘qishning odoblaridan biri – agar biror bandaga Alloh taolo tahajjud o‘qish tavfiqini ato qilgan bo‘lsa, u holda unga butun mahalladagilarni va oila a’zolarini uyg‘otib yuborishi durust emasdir. Balki, uning bu amalidan uxlab yotgan biror kimsa uyg‘onib ketmasligi kerak. Toki, uxlab yotganga biror mashaqqat yetmasin. Chunki tahajjud o‘qish farz yoki vojib emasdir. Shunga ko‘ra o‘zining tahajjudi sababli aziyat yetkazishligi va birovning uyqusiga xalal berishi joiz emasdir. Shuning uchun Nabiy sollallohu alayhi vasallam tahajjud uchun turganlarida, Oisha roziyallohu anho uyg‘onib ketmasin deb ohista turar edilar.

Ammo muborak Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligi borasida Nabiy sollallohu alayhi vasallam: Ahli-ayollarini ham uyg‘otar edilar va ularga bunday der edilar: “Turing, bu oxirgi o‘n kunlikdir. Alloh taoloning rahmatlari mavsumidir. Alloh taoloning rahmatlari yog‘ilyapti. Bunday vaqtda uxlash mahrumlikdir. Shuning uchun uyg‘onib, Alloh taoloning rahmatiga etagingizni to‘ldirib oling”.

Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.