Mashhurlar

“Prezident haqida hazil qilmayman”. Davron Kabulov “Million”chilarga qo‘yiladigan shartlar va omadsiz bizneslari haqida

pic
Foto: YouTube / RizaNova

Loading

“Million” kulgi jamoasi rahbari Davron Kabulov guruhga otiladigan toshlarga qanday javob qaytarishi hamda aktrisa qizlarga qo‘yadigan eng katta talabi haqida gapirdi. Daryo shular haqida yozmoqda.

“O‘zbekiston prezidentini kulgiga qo‘yib qo‘ymayman”

— 2021-yilda “Million”ga, menga tosh otgan odamlarga javob bermayman deb so‘z berdim. Shunday tashlanib qoladiganlar bor. O‘zim ishlab ketgan “Oriyat Dono” radiosida bir domla chiqib intervyu bergan ekan, men uni tanimayman. To‘xtat, unday-bunday deb juda agressiv gapirayotgandi. Shu payt “Sizning diningiz shunga targ‘ib qilganmidi yoki payg‘ambaringizning tabiati shunaqamidi?” deya savol bersangiz-da.

Niyati nima degan savolga javob topganman. Piar. Hozir men ularga javob qaytarsam uning yana minbarga chiqishiga asos bo‘ladi. Unga yana bu imkoniyatni berib nima foyda? U agar ilm ahlidan bo‘lsa, meni isloh qilmoqchi bo‘lsa, mening raqamimni topib qo‘ng‘iroq qilish hozir qiyin emas. Musulmon odam nuqtayi nazaridan chetga chaqirib, unday bo‘lmaydi birodar, desa yaxshiroq bo‘lardi.

Keyin yaqinda Amerikadan turib bir behayo videoda gapiryapti. Hukumatga teskari odam, uni muxolifat ham deb bo‘lmaydi. “Mana Donald Trampga hazil qilibdi, O‘zbekistonning prezidentini ham olib chiqsin” deyapti. Birinchidan, men O‘zbekiston fuqarosi sifatida prezidentni kulgiga qoldirib qo‘ymayman. Kimdir qilmoqchi bo‘lsa ham bundan qaytarishga harakat qilaman. Ikkinchidan meni shu narsaga da’vat qilayotgan odamning o‘zi O‘zbekistonga kirib kela olmaydi. Bunday qarab, niyati nima o‘zi, deysiz. Agar vatangado bo‘lib yurish unga qulay bo‘lsa, yuraversin. Lekin unday provokatsiyalarga yengilmaymiz, deydi jamoa yetakchisi.

“Million” jamoasi ilk tashkil etilayotgan vaqtda Davron Kabulov juda qiyin vaziyatga tushib qolgan va birgina qo‘ng‘iroq uni va jamoani qutqarganini yashirmaydi.

— Shunday vaziyat haqiqatan ham bo‘lgan. Hamma eshiklarni taqillatganman, qaysi eshikka borsam “Bu bolani taniyman, lekin ‘Million’ nima, nima degani?” degan javob bo‘lgan. Hech qaysi eshik ochilmayapti, lekin taqillatib chiqib to‘g‘ri qilganman. Konsertning birinchi kuni ertalab bitta eshikdan javob kelgan va u barcha eshiklarni ochib yuborgan. O‘shanda o‘zimga so‘z berganman, shunday ijod qilamiz-ki, chiptalarimiz talash bo‘ladigan darajaga chiqamiz. Xudo xohlasa, bu mening birinchi va oxirgi marta eshik taqillatib yurishim. O‘sha paytki nuqtayi nazardan bu juda katta tavakkal bo‘lgan, deydi u. 

“197 ming dollar zarar ko‘rdim, ammo ortig‘i bilan qaytib keldi”

— 2023-yilda bir narsa ichimda yuk bo‘lib qoldi. 3 ta proyektdan umumiy 197 ming dollar zarar ko‘rdim. Kim uchundir katta, kimgadir kichik summa. Men summaga qayg‘urmadim, 3 ta biznes loyihayam ketma-ket o‘xshamaganidan siqildim. Bir kun bomdoddan keyin o‘ylab o‘tirdim, senda o‘zi bu pul bormidi? Tug‘ilganimda tug‘uruqxonada berib yuborishganmidi mana bu 197 ming dollarni olib ketinglar deb? Alloh berdi, o‘zi olib qo‘yishi mumkinmasmi? U vaqtinchalik olgan bo‘lishi mumkinmasmi? Agar sening topish-tutishingda harom yo‘l bilan kirgani bo‘lganida pul ko‘rinishida chiqib ketayotganidan sen xursand bo‘lishing kerakmasmi? Joning bilan chiqib ketganida, yaqinlaringga ziyon bo‘lib chiqqanida nima bo‘lar edi? Agar u puling halol bo‘lsa, nimadan qayg‘urasan? Shunday deb ichimdan qo‘yib yubordim. Olti oy oldin 255 ming dollarga bir obyekt olgandim, 20 ming xarajati bor edi, keyin 672 mingga sotdim. Sof foyda 397 mingni tashkil qildi — 200 ming dollar foydasi bilan. Bu menga pulli masalalarda juda jon kuydirib yubormaslikni o‘rgatdi, deydi Davron Kabulov.

Davron Kabulov va “Million” jamoasi ko‘plab chehralarning kashf etilishiga sabab bo‘lgan. Ammo jamoa yetakchisini ayblaganlar ham bo‘ldi.

— O‘zi suv ichgan qudug‘iga tuflab ketadigan odamlar bor. Ularning fikri menga umuman qiziq emas. “Million” shunday jamoaki, uning eng kichik a’zosi ham ko‘zga ko‘rinib qoladi. Kimdadir kibr sezsam, albatta, tartibga chaqiraman. Nimasiga kibr qiladi, chalingan qarsak uchunmi?

Davron Kabulov jamoadagi birorta insonga busiz tasavvur qilib bo‘lmaydi, deb bog‘lanib qolmagan. U odamlarning kelishini ham ketishini ham normal qabul qiladi. Ammo kimni qo‘yib yuborish jamoa yetakchisiga og‘ir kechgan?

Faqat Mirkomil akamning ketishi men uchun qiyin bo‘lgan. Alisherniki ham og‘ir bo‘lgan, tushunmay qolganman. Mirkomil akam ketaman, ketaman deb 5 yil yuragimni siqqan. 5 yildan keyin ketadigan kunlari, oxirgi seansda o‘zim to‘xtatolmaganman. Bu janrga, sahnaga qadam qo‘yganimda Mirkomil akam yonimda bo‘lgan edi-da. 17 yil birga chiqibmiz. Ular o‘zi azaldan “40 yoshdan keyin chiqib, hazil qilib yurishni xohlamayman” derdi. Men ham 40 gacha olib keldim, ketaman deyishni 35 da boshlagan edilar, deydi guruh lideri.

Qizlar “Million”ga kirishidan oldin Davron Kabulov ularga qanday talab qo‘yadi? Avvalroq bir aktrisa jamoa a’zolari bilan ishqiy munosabatda bo‘lgani uchun guruhdan chetlatilgani aytiladi.

— Ichkarida hech qanday ishqiy munosabat bo‘lishi kerak emas. Agar kim bilandir munosabat qilmoqchi bo‘lsang, meni ogohlantir, seni jamoadan chiqaraman va keyin xohlagan ishingizni qilib yuravering, deyman. Men ularning shaxsiy hayotiga aralashish darajasida past ketmayman, rosti. Shahlo Zoirova, Feruza Normatova, hozir Shahlo Alijonova, ikkinchi darajali rollarda ham ancha qizlar ishtirok etgan. Ularning reputatsiyasi jamoa bilan u yoki bu darajada baribir bog‘liq. Birinchidan, bu mening talabim. Ikkinchidan, vaqti keladi, 10 ta qizdan 11-chisi jamoaga kelayotganida uning uyidagilari surishtiradi-ku, qizim qayerga ketyapti deb. Shundan jamoamizni biladigan odam “singlingni yoki qizingni u yerga jo‘natma, ular jamoaning qizlari bilan yuradi” degan gap kerak emas. Bunday holat bo‘lsa darhol “chopish” kerak, davolab ham o‘tirish kerak emas, deydi u.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.