Mashhurlar
Muddatidan avval tug‘ilgan va “zapret” tufayli o‘z joniga qasd qilishga uringan – Munisa Rizayeva haqida
O‘zbek shou-biznesida eng ko‘p muhokama qilinadigan qo‘shiqchi, doim omma e’tiborida bo‘ladigan san’atkor, hozirda bir oilaning bekasi va bir farzandning onasi bo‘lgan Munisaning hayoti va ijodiy faoliyatiga Daryo nazar soldi.
“Tadbirkor yoki shifokor bo‘lishi kerak”
Munisa Rizayeva oilada ikkinchi qiz farzand bo‘lib dunyoga kelgan. Onasi tomondan bobosi o‘z davrining obro‘li insonlaridan biri bo‘lgan. U uzoq yillar Respublika Bosh prokuraturasida yuqori lavozimda ishlagan. Buvisi shifokor bo‘lganligi uchun bu oiladagilarning bari huquqshunos yoki shifokor sifatida faoliyat yuritishgan. Otasi tomondagi qarindoshlari esa asosan tadbirkorlik bilan shug‘ullangan.

— Olti yoshdan qo‘shiq aytishga qiziqqanman. Ammo u paytda ota-onam qiziqishlarimga u qadar eʼtibor berishmagan. Bu shunchaki havas o‘tib ketadi, deb o‘ylashgan bo‘lsa kerak. Keyinchalik onam qo‘shiq aytib raqs tushishga qiziqishimni ko‘rib, O‘zbekiston xalq artisti Malika Ahmedovaning oldiga olib borgan. Avvaliga raqs mashg‘ulotlariga qatnaganman, undan keyin fortepiano bo‘yicha dars olganman. Ammo dadam hamisha qiziqishlarimga u qadar jiddiy qaramasdi, deydi xonanda Munisa Rizayeva.
“Munisa 8 oylik tug‘ilgan”
Xonandaning onasi Dilorom Bo‘rixo‘jayeva esa intervyularining birida Munisaning qiziqishlari sabab turmush o‘rtog‘i bilan ziddiyatlarga borgani haqida so‘zlab bergandi.

— Munisa sakkiz oylik tug‘ilgan. Odatda erta tug‘ilgan bolalar biroz nimjon bo‘lishadi. Asli kasbim shifokor bo‘lgani uchun tug‘uruq jarayonida uchta kursdoshim ishtirok etgandi. Tug‘uruqdan so‘ng kursdoshlarimdan biri “Bu qizing aniq qo‘shiqchi bo‘ladi, ovozi shunaqa balandki”, deb kulgandi. Farishtalar omin degan ekanmi bolaligidan sanʼatga qiziqishni boshladi. Ammo otasiga bu fikr umuman yoqmadi. “Sanʼatkor bo‘lmaydi, o‘qisin”, deb qarshi bo‘lardi. Hech esimdan chiqmaydi, otasi konsertga ketayotganimizda ishdan vaqtli qaytib qolgan. “Qayerga ketyapsizlar?” desa nima deyishni bilmay shifokorga deganman. Bahodir aka kech bo‘lganda ishlarkanmi, deb hayron bo‘lgandi. Bu holat 5-6 yilga qadar takrorlangan. Eng yomoni qo‘shiq yozish, konsertga chiqish yoki vokal mashg‘ulotlariga qatnash hammasi yaxshigina pul talab qilardi. Bu haqda otasiga aytmaganimiz uchun puldan biroz qiynalardik. O‘sha paytda shifokor bo‘lib ishlaganim uchun amallab, pullarni o‘zim to‘lardim, deydi xonandaning onasi.
“Angliya davlat konservatoriyasida o‘qiganman”
Shu oradan Bahodir Rizayev oilasi bilan Londonga ko‘chib ketishiga to‘g‘ri keladi. Kamila, Munisa va Karima o‘qishni Londonda davom ettirishadi.

— Dadam musiqaga bo‘lgan qiziqishimni so‘ndirish uchun ko‘p harakat qilgan. Ammo tabiatan boshlagan ishimni yakunlamay qo‘ymayman. Oxiri Angliya davlat konservatoriyasida o‘qishimga rozi bo‘ldi. Ammo baribir dadam tadbirkor, onam esa shifokor bo‘lishimni ko‘proq orzu qilardi, deydi Munisa Rizayeva.
“Men mashhur bo‘laman”
Ko‘pchilik xonandalar ijodni boshlashdan avval moliyaviy qiyinchiliklarga uchrashgani haqida gapirishadi. Ammo xonanda Munisa Rizayevada bunday holatlar kuzatilmagan. Ammo onasi ishonchsizlik bildirishgan kunlarni hech qachon unutmaydi.

— U paytlari “Tarona rekords” studiyasi juda mashhur edi. Munisa bilan borib, ulardan yordam berishlarini so‘raganmiz. Ammo “Qancha artist kerak, mana shuncha iqtidorlisi bor. Sendek iste’dodlilarning qanchasi ko‘cha-ko‘yda tirikchiligini qilib yuribdi. Shuncha harakat qilib ham mashhur bo‘lgani yo‘q”, degan keskin javobni olganmiz. “Men mashhur bo‘laman, kun kelib menga aytgan gaplaringizni eslaysiz”, deb xonadan chiqib ketgan. Bu gapi menga juda qattiq taʼsir qilgan.
Munisaning faoliyati hammasi oddiy kechgandek tuyulishi mumkin. Ammo u ham ko‘p qiyinchiliklarga uchragan. Chunki biz sanʼatdagi past-balandliklarni bilmasdik, puldan aldashgan. Ishonchni suiisteʼmol qilishgan, deydi xonandaning onasi.
“Ahdimdan qaytmayman”
Munisa Rizayeva Londonda yashasa-da, O‘zbekistonga kelganida ko‘rik-tanlovlarda ishtirok etishga harakat qilardi.

— 18 yoshimdan to 22 yoshimgacha uchga bo‘linib harakat qilganman, desam ham bo‘ladi. O‘shanda rosa qiynalganman. Ikki yo‘nalish bo‘yicha o‘qish bilan bir qatorda, ishlaganman ham. Garchi dadam ishlashimga ruxsat bermasalar-da, o‘z ahdimdan qaytmaganman, ishlab pul topishga ishtiyoqmand edim. Bu odatim haligacha saqlanib qolgan, degan edi u intervyularining birida.
2004-yili Toshkentda o‘tkazilgan “Umid yulduzlari” ko‘rik-tanlovida “Nega-nega” qo‘shig‘i bilan qatnashib, g‘oliblar safidan joy oladi. Shundan keyin u ijod qilishga jiddiy bel bog‘laydi.
“Aha-oho” sabab ochilgan yo‘llar
Xonandaning 2008-yili “Ko‘zlarim yana” qo‘shig‘i va unga dengiz bo‘yida suratga olingan klip omadli chiqib, tinglovchilar eʼtiboriga tushadi. U 2012-yili “Aha-oho” taronasi bilan o‘zbek shou-biznesida shuhrat qozonadi. Folklor va zamonaviy yo‘nalish uyg‘unlashgan mazkur tarona va uning videoklipi yosh-u keksaning tilidan tushmaydi.https://www.youtube.com/embed/PRWPSg6UBxA
Shundan so‘ng xonanda “Gollivud”, “Sekin-asta”, “Ey, samo” singari ijod mahsullarini birin-ketin tinglovchilarga havola qiladi va barchasi xit darajasiga ko‘tariladi.
“Plastik operatsiya qildirganimdan xursandman”
Xonandaning avvalgi qiyofasi bilan bugungi tashqi ko‘rinish unchalik bir-biriga o‘xshash emas. To‘g‘ri, yosh ulg‘aygach, tabiiyki tashqi ko‘rinish ham o‘zgaradi. Ammo xonanda tashqi ko‘rinishidagi o‘zgarish faqatgina yillar bilan emas, plastik jarrohlik bilan ham bog‘liq ekanligini yashirmaydi.

— 2014-yili burnimni operatsiya qildirganman. Burnimning ustki qismidagi bo‘rtib chiqqan suyak ekranda va suratlarda biroz xunuk ko‘rinardi. Ilgari klip va konsertlarni tasvirga olish ishlarida tasvirchilarimiz, montaj ustalari kerakli rakursda ishlay olmay juda qiynalishardi. Qolaversa, o‘zim ham baʼzida bundan biroz uyalardim. Bu noqulaylikdan biryo‘la qutulish uchun plastik jarrohlik qilishga ahd qildim. Bolaligimdan orzu qilgan ishimni amalga oshirdim. Menimcha, endi burnimning ko‘rinishi chakki emas, deydi xonanda Munisa Rizayeva.
“Gulnora Karimova sabab o‘zimni o‘ldirmoqchi bo‘lganman”
Munisa Rizayeva intervyularidan birida 2012-yillarda Gulnora Karimovaning taqiqiga uchragani ortidan o‘zini o‘ldirishga uringani haqida aytib o‘tgan.

— Gulnora Karimovaga men haqimda turli asossiz gap-so‘zlar yetkazishgan. Meni uning nomini sotishda ayblashgan. Masalan, meni yo‘lda YPX xodimlari to‘xtatganida, men ularga “Guli Karimovaning dugonasiman”, deb aytganmishman go‘yo — bu birinchisi. Bundan tashqari, o‘sha vaqtda unga yaqin bo‘lgan bir guruh ayol xonandalar Karimovaga men haqimdagi bo‘lmag‘ur gaplarni gapirgan. Ularning kimligini juda yaxshi bilaman, hozirgacha ular bilan yaxshi munosabatdaman. Biroq ular mening bu vaziyatdan xabardorligimni bilishmaydi. Men hozirga kelib, ularning nega bunday qilganini tushunyapman. Bu gaplar M&TVA taqdirlash marosimidan bir kun avval bo‘lgan. O‘shanda menga “Yil qo‘shig‘i” va “Yil xonandasi” nominatsiyalarida mukofotni berishmoqchi bo‘lishgan. Shuning uchun ushbu intriga atayin uyushtirilgan. Gulnora Karimova men haqimdagi gaplarga ishongan va “Bo‘ldi, unga hech qanday mukofot bermaysizlar. Hamma yoqdan haydaysizlar” deb ko‘rsatma bergan.
Shundan so‘ng meni Terra kompaniyasidan haydashgan. Mening kompaniya bilan 5 yillik shartnomam bor edi o‘shanda. Men Sevara Nazarxon bilan “Golos” loyihasida qatnashayotgan edim. Terra’ning direktori menga qo‘ng‘iroq qilib, “Guli sening ‘Golos’da qatnashishingni istamayapti, tez Toshkentga qaytsang qayt, bo‘lmasa, ‘zapret’ga tushasan”, dedi. Men “Golos”ning hamma saralash bosqichlaridan o‘tgan edim. Shunga qaramay, loyihadagi ishtirokimdan voz kechib, Toshkentga qaytib keldim, lekin baribir “zapret”ga tushdim. 7 oy mendan hamma yuz o‘girdi. Hamma o‘zidan qo‘rqib men bilan gaplashishga qo‘rqardi. O‘zimni xuddi o‘lgandek his etardim. Hatto yurak xuruji bilan kasalxonaga ham tushib qolganman, ota-onam meni yo‘qotishiga bir baxya qolgan. O‘zimni osib o‘ldirishga ham uringanman, deb eslaydi Munisa Rizayeva.
2020-yildan boshlab O‘zbekiston prezidenti va hukumat vakillari ishtirokidagi davlat tadbirlarida ham faol xizmat qilayotgan xonanda 2021-yil “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
1 mln dollar sarflangan “Yil to‘yi”
2023-yil Munisa Rizayeva hayotida o‘chmas iz qoldirgan yillardan biri bo‘ldi. Aynan bir yil avval xonandaning nafaqat o‘zi, balki muxlislari tomonidan yillar mobaynida kutilgan hodisa ro‘y berdi — xonanda oila qurdi. Munisa va Arseniyning nikoh kechasi ikki marta nishonlandi. Birinchi to‘y hindcha o‘tkazildi, kechada nafaqat kelin-kuyov balki mehmonlar ham hind madaniyatiga monand kiyingan edi.
7-sentyabr kuni Munisa Rizayevaning asosiy to‘yi o‘tkazildi. Ushbu to‘y san’at olamida “Yil to‘yi” sifatida e’tirof etildi. Xonandaning nikoh kechasida bir necha xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan san’atkorlar bilan bir qatorda o‘zbek shou-biznesining eng taniqli vakillarini ko‘rish mumkin edi.
Uning yaqin do‘sti, vayner Ozod Xurramov Munisaning to‘yiga bir million dollar sarflangani haqida aytib o‘tgan.

— Munisa Rizayevaning to‘yiga bir million dollar mablag‘ sarflandi. Hamma xarajatlarni kuyovning o‘zi qopladi. Munisa Rizayeva kelin ko‘ylagi, hatto pardoz-andozi uchun ham cho‘ntagidan pul sarflagani yo‘q. Ular o‘n oy avval tanishib, bir-birini sinashgan. Arseniyni katta biznes bilan shug‘ullanuvchi insonlar juda yaxshi tanishadi. U o‘ziga to‘q, badavlat inson, degan edi Ozod.
Uzoq kutilgan farzand ne’mati
Munisa intervyularida hayotidagi eng katta orzusi ona bo‘lish ekani haqida juda ko‘p gapirardi. 2024-yilda uning ushbu orzusi amalga oshdi — xonanda 24-noyabr kuni ilk marta ona bo‘ldi. U Argentinaning Buenos Ayres shahrida joylashgan klinikalardan birida o‘g‘il farzandni dunyoga keltirdi va shu yilning 1-mart sanasida O‘zbekistonga qaytib keldi.

— Farzandli bo‘lganim uchun Allohimga faqat shukr aytaman. Chunki menda farzand ko‘rish bilan bog‘liq juda katta muammo bo‘lgan. Kichik yoshimdan boshlab juda ko‘p shifokorlarga olib borishgan va ko‘p marta muolajalar olganman. Lekin EKUsiz, kutilmaganda tabiiy yo‘l bilan homilador bo‘lib qoldim. Bu hayotda har narsaning o‘z vaqt-soati bor ekan.

O‘g‘lim tug‘ilishi bilan turmush o‘rtog‘imning o‘zlari azon aytganlar, bundan tashqari Rahmatullo qori aka Dubaydan videoqo‘ng‘iroq orqali aloqaga chiqib, telefonda azon aytib qo‘yganlar.
Ijtimoiy tarmoqlar orqali juda ko‘p sanʼat vakillari, muxlislar tabriklashdi. Bolamning ismi bilan bog‘liq taxminlar ham tarqaldi. Kimdir Alan, Muhammad yoki Marat deyotganlar ham bor. Ammo men shu kungacha hech kimga o‘g‘limning asl ismini aytganim yo‘q. Buning sababi ahli ilmlar bilan maslahatlashganimizda, ismini sir tutishimizni va yomon ko‘zlardan asrashimizni tavsiya qilishdi. Hozir yuzini ko‘rsatmaganimda ham qorni ko‘p og‘riydi, injiqlanadi. Aslida bolam juda yuvosh, ammo u bilan bog‘liq videolar qo‘ysam, o‘sha kuni o‘zgarib qoladi. U tug‘ilmasidanoq mashhur bo‘lib ketdi. O‘g‘limning ismini u bir yoshga kirganida hammaga e’lon qilaman. Uning yuzini ham o‘shanda ko‘rasizlar. Ko‘z tegishidan qo‘rqaman, chunki nazar bor narsa. deydi u.
O‘zbek shou-biznesidagi reklamasi eng qimmat xonanda
Munisa Rizayeva deyarli 8 million kuzatuvchisi bo‘lgan Instagram sahifasidan ham mo‘maygina pul ishlashini yashirmaydi. Xususan, uning sahifasiga joylangan eng qimmat reklama 120 ming dollar bo‘lgan.

— Hozirgi kunda Instagram’imda juda katta jamoa ishlaydi. Sahifamni yuritish uchun juda katta mablag‘ sarflaymiz. Instagram’im faolligi juda ortib ketgan. Oldin Munisa Rizayevani yaxshi ko‘rgan bo‘lishsa, hozirda Arseniy ikkalamizni juftlik sifatida kuzatish hammaga qiziq bo‘lyapti. Sahifamda chiqadigan reklamalar juda qattiq tanlab olinadi. Stories’imda reklama joylash 3500 dollardan 10 ming dollargacha.
Menimcha faqat men givda qatnashmagan va jonli obunachilarga ega bo‘lgan O‘zbekistondagi yagona san’atkorman. Yirik kompaniyalar bilan bir yillik shartnoma qilaman, 250 ming dollardan boshlanadi, undan pasti bilan hatto gaplashib ham o‘tirmaymiz. Ko‘p emas, 2-3 ta shartnomam bor.
Munisa — qimmatbaho avtomobillar ishqibozi
Munisa Rizayevaning garajidan bir nechta qimmatbaho avtomobillar o‘rin egallagan. Umuman olganda, Munisa yoshligidanoq avtomobillarga qiziqadi. U intervyularidan birida ilk haydagan avtomobili “Jiguli” bo‘lganini aytib o‘tgan.
— 2023-yilda Gelandewagen avtomobilini 420 ming dollarga xarid qildik. Undan keyin turmush o‘rtog‘im menga Mercedes sovg‘a qildi. Chunki men u paytda xizmatlarga Malibu’da yurardim. Keyinroq men homilador bo‘ldim va Filippindan enagamiz uchib keldi hamda turmush o‘rtog‘im endi farzandli bo‘lsak, hammamiz bu avtomobilga sig‘maymiz, deb 7 kishilik Lixiang Li 9 avtomobilini olib berdilar. Endi Urus yoki Rolls-Royce sotib olmoqchimiz, deydi xonanda.
Munisa 15 daqiqada 1 500 dollar topadimi?
Munisa Rizayevaning muxlislaridan biri uning Toshkent shahridagi “birrov” xizmati narxi bilan tanishdi. Ma’lum bo‘lishicha, xonanda poytaxt to‘ylarida 4 ta qo‘shiq kuylab berishi uchun 1 500 dollar oladi. Bitta qo‘shiqning taxminan 3-4 daqiqa davom etishi hisobga olinsa, xonanda bu pulni 12-15 daqiqada topadi. U bir kunda o‘rtacha 4 ta to‘yga chiqishi aytadi — xonandaning xalq xizmatidan topadigan bir kunlik o‘rtacha daromadi umumiy 6 ming dollarni tashkil etadi.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


