Mashhurlar

Qo‘shiqlari sabab tinchi buzilgan va rajabiylar sulolasining kuyovi Ravshan Komilov haqida

pic
Foto: Instagram / ravshankomilov_

Loading

“Odam bo‘laylik”, “Nolima”, “Muqaddas ayol”, “Yurishlaring yoqadi” kabi bir qator qo‘shiqlari bilan o‘zbek xalqining yuragidan joy olgan xonanda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ravshan Komilov Rahimovich bo‘ladi. O‘zining ta’biri bilan aytganda, Ravshan Komilov hech qachon ijoddan ortda ham qolmagan, ilgarilab ham ketmagan — “oltin o‘rtalikni mahkam tutgan”. Daryo uning hayoti va ijodiy faoliyatiga to‘xtalgan.

“Ota-onam skripkachi bo‘lishimni xohlagan”

Ravshan Komilov 1964-yil 26-oktyabr kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. Otasi “Suvsoz” boshqarmasida bosh muhandis, onasi esa to‘qimachilik kombinatida rahbar bo‘lgan. Yosh Ravshan dastlab musiqa maktabida ta’lim oladi va madaniyat texnikumini tamomlaydi. So‘ngra pedagogika oliygohining musiqa fakultetini bitiradi.

– Ota-onam musiqa yo‘lidan ketishimni xohlashgan, ammo o‘sha paytda bunga sharoitlar bo‘lmagan. Onam meni oppoq kostyum-shimda katta sahnada skripka chalayotganimni ko‘rishni orzu qilganlar. Shu sababli meni musiqa maktabiga o‘zlari olib borganlar. Keyinchalik u yerda qashqar rubobi bo‘yicha tahsil olganman.

Shunday vaziyat ham bo‘lganki, birdan musiqaga qiziqmay qolganman. Har kuni rubobni ko‘tarib, o‘qishga ketyapman derdim-u, stadionga borib, to‘p tepardim. So‘ng kechga yaqin changga belangan rubob bilan uyga qaytardim. Bu hol bir oyga yaqin davom etgan. Onam bilib qolganidan keyin dakki berib, o‘zi men bilan borib ustozlardan uzr so‘ragan. Agar o‘shanda onam majburlamaganda, sanʼatni davom ettirmasligim aniq edi, deydi xonanda.

“Oilamizda tartib kuchli edi”

Milliy estrada sohasidagi faoliyatini 1987-yildan boshlagan xonanda Ravshan Komilov o‘zini “otasini dehqon oilasidan, onasini esa katta savdogarlar oilasidan” deb ta’riflaydi.

– Bizning oilada tartib kuchli edi. Har kuni soat 18:00 da butun oila kechki ovqatga birga o‘tirishimiz shart edi. Agar otam qayergadir ketadigan bo‘lsa, albatta, onamni ogohlantirib: “Men bugun falon joyga, falon paytgacha ketaman”, deb aytardilar. Shu xislat menga ham o‘tgan. Hozir ham qayergadir ketsam, onamga, o‘g‘limga, kelinimga, hatto manzilimni ham aytib ketaman. Har doim to‘g‘riso‘z bo‘lib kelganman. O‘g‘lim, kelinim, nabiralarim ham bu narsani o‘rganishsin, chunki men mana shunday oilada ulg‘ayganman.

Otam og‘ir xastalikdan vafot etgan. Keyinchalik singlim ham shu kasallik bilan olamdan o‘tdi. Ularning betobligini onamdan uch yil davomida yashirib keldim, iloji qolmaganda aytganman. Hozirda onam 83 yoshda, deydi ijodkor.

“Xalqlar do‘stligi qurilishida qatnashganman”

Ravshan Komilov “Xalqlar do‘stligi” sanʼat saroyi qurilishida ishtirok etgani va kun kelib o‘sha yerda konsert berishni niyat qilgani haqida so‘zlab berdi.

— 1980-yili maktabni tamomlab, Toshkent madaniyat texnikumida o‘qishga kirdim. Ushbu bilim yurtida o‘qib yurgan vaqtlarim bir voqea xotiramda muhrlangan. Toshkentda muhtasham “Xalqlar do‘stligi” sanʼat saroyi qurilar ekan, deyishganda biz ham yordamga kelganmiz. Saroy zinalari uchun marmar tashir ekanmiz, biz ham mana shu saroyda konsert berarmikanmiz, deb orzu qilgandik.

Bolaligimda buvim rahmatli “Falon kuni dugonalarim kelishadi, konsertga tayyorlaning”, derdi. Aslida buvim hazillashib gapirardi, ammo men buni chin deb bilib, kamida to‘rtta yangi qo‘shiq o‘rganardim. Buvimning dugonalari ham qo‘shig‘imni eshitib olqishlashardi va men ham o‘zimni xuddi konsert bergandek his qilardim, deydi xonanda Ravshan Komilov.

“Kursdoshimga uylanganman”

Xonanda hozirgi Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universitetining musiqa fakultetida o‘qigani va kursdoshi bilan oila qurgani haqida so‘zlab berdi.

— Armiyaga borib kelgandan keyin Toshkent davlat pedagogika universitetining musiqa fakultetiga o‘qishga kirganman. Birinchi kursda “Kamolot” ko‘rik tanlovida ishtirok etib, “Odam bo‘laylik” qo‘shig‘i bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritganman. Yolg‘iz o‘g‘il bo‘lganim uchun onam qachon uylanasan, deb qo‘ymasdi. Shunda kursdoshim bilan oila qurishga qaror qilganman. U diplomli musiqa o‘qituvchisi bo‘lgani uchun ham o‘g‘lim ikkimizning eng birinchi tanqidchimiz, deydi xonanda Ravshan Komilov.

O‘zbekiston xalq hofizi Hasan Rajabiy intervyularidan birida Ravshan Komilovning rajabiylar sulolasining kuyovi ekanini aytgan.

– Bizning Nabohat opamiz bo‘lardi. Ularning Nodira degan go‘zal qizlari bor edi. Ravshan Komilov “Ozodani sevaman” deb yurib-yurib, oxiri shu musiqadan dars beradigan Nodiraxonga uylangan. Mashhur dirijyor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ergash Toshmatovga kuyov bo‘lgan. U oilamizga kuyov bo‘lganidan xursandmiz. Mana, hozirgacha chiroyli oila bo‘lib, farzand, nabiralar ko‘rib yashashyapti, deydi xalq hofizi.

“Ayolim Mavluda Asalxo‘jayevadan rashk qiladi”

Ravshan Komilovning Mavluda Asalxo‘jayeva bilan ijro etgan “Oyim bilmasin” qo‘shig‘i ikki xonandaga ham omad keltirgan. Ammo qo‘shiq bilan bog‘liq mish-mishlar Ravshan Komilovning turmush o‘rtog‘iga yoqmagan.

— Bu qo‘shiq sabab ancha vaqtgacha uyimda janjal bo‘lgan. Bo‘rining yesa ham, yemasa ham og‘zi qon deyishganidek, qo‘shiq chiqqanidan keyin xalq orasida har xil mish-mishlar tarqalgan. To‘ydan kelsam, doim uyda bir gap chiqib turardi. Undan keyin “Hech kim bilmasin” degan duetni aytdik. Qo‘shiq odamlarga yoqdi, ammo negadir bizni bir-birini sevadi, deb hisoblashardi. Ayolim tabiatan rashkchi bo‘lgani uchun duetdoshlar borasida juda ko‘p ziddiyatlarga borganmiz, deydi xonanda Ravshan Komilov.

“Ravshan Komilovga o‘xshatishgani sabab jarimadan omon qolganman” — Uchqun Tillayev

Ko‘pchilik Ravshan Komilovni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, aktyor Uchqun Tillayevga o‘xshatadi. Uchqun Tillayev bir voqeani shunday hikoya qiladi:

– Bir kuni Sirdaryoda spektakl qo‘yiladigan bo‘ldi. Qolganlar avtobusda ketishyapti, men o‘sha paytlar mashina olgandim. Mashinamda Abdurayim Abduvahobov va Tohir Saidov bilan yo‘lga chiqdik. Shoshayotganimiz uchun mashinani tez haydashga majbur bo‘ldim. Bir payt bizni Yangiyo‘lda to‘xtatishdi. Yangi haydovchiman, mashinani jarima maydonchasiga olishsa kerak deb jim o‘tiribman. Shunda yonimdagi sheriklarim o‘zlari hal qilishlarini aytishdi. Lekin birin-ketin umidsiz ortlariga qaytishdi. “GAI” xodimining oldiga oxiri o‘zim tushdim. Ikkala san’atkor hamrohimni ortga qaytargan xodim meni ko‘rishi bilan birdan yuzi yorishib “Ee, aka!” deb quchoqlab olsa bo‘ladimi. Hayronman, jim turibman. “Bu aka xizmatimizni qilganlar-ku! O‘tgan hafta ham uyimizda to‘rtta qo‘shig‘ingiz bilan bizni xursand qilgandingiz, Ravshan aka, oq yo‘l sizga”, deb mashinamizni o‘tkazib yubordi. Bir mahal orqadan “Aka, 7272 raqam qani” degani eshitildi. Boshida tushunmadim, keyin bilsam, “GAI” xodimi meni Ravshan Komilov deb o‘ylagan ekan, deydi Uchqun Tillayev.

Ma’lumot uchun, Ravshan Komilov uchun 72 raqami alohida ahamiyatga ega. Uning telefon va mashina raqamlarida ham 72 soni mavjud.

“Ozoda” sabab uyimga pichoq ko‘tarib kelishgan

Ravshan Komilov intervyularining birida “To‘y bola” qo‘shig‘i ko‘plab oilalarda mojarolarga sabab bo‘lganini hamda o‘g‘il farzandi yo‘q oilalarda bu qo‘shiq tufayli janjallar chiqib turganini aytadi.

Shundan so‘ng “Nolima” qo‘shig‘i yaratilgan. Xonandaning so‘zlariga ko‘ra, bu qo‘shiq shunday oilalarga ibrat bo‘lsin, degan niyatda, 7 oy davomida Mirzo Karim she’ri va Iqbol Muhammad musiqasi asosida yozilgan. Bundan tashqari, xonandaning “Ozoda” qo‘shig‘i ham ba’zi oilalarning tinchini buzgan.

– “Ozoda” qo‘shig‘imiz yaralganiga 15 kun bo‘lganida bir to‘yda aytdim. Bir ayol ro‘moliga lab bo‘yog‘i bilan “Ozodani sevaman” deb yozib, menga ko‘rsatdi. Shu lahza hech esimdan chiqmaydi. Ana shunda bilganman, bu qo‘shiq xalqqa yoqadi. She’r muallifi — Muhammad Yusuf. Bir tadbirda shoirning o‘zi o‘qib berganlarida butun zal turgan joyida qarsak chalgan. Lekin ba’zilar “Ozodani sevaman”ni yoqtirsa, ba’zilar yoqtirmaydi. To‘y egalari ba’zida bu qo‘shiqni aytmaslikni so‘rashadi.

image
image

Bir kuni uyga bir ayol va erkak so‘rab keldi. To‘yga aytishmoqchidir deb chiqsam, erkak menga pichoq o‘qtalib keldi. “Nima bo‘ldi, tinchlikmi?” desam, “Ozodani qayerdan taniysan?” deydi. Keyin bilsam uning turmush o‘rtog‘ining ismi Ozoda, bir o‘g‘il va qiz farzandi bor ekan. Shunda Muhammad Yusufning kitobini olib chiqib, she’r muallifini ko‘rsatib, holatni tushuntirganman. Shundan so‘ng toki shu qo‘shiqni odamlar o‘zi so‘ramaguncha aytmaydigan bo‘lganman, deydi Ravshan Komilov.

“Ahmadboy birga biznes qilishni taklif qilgan”

Bir necha yil avval soxta tadbirkor Ahmadboyga ko‘plab odamlar aldanganida, ularning orasida mashhur san’atkorlar borligi haqida mish-mishlar tarqalgan edi. Ravshan Komilov Ahmadboy unga biznes qilishni taklif qilgani haqida eslaydi.

– Men Ahmadboyning oldiga bormaganman. U oldimga biznes rejasi bilan kelgan va uyida o‘tkazilayotgan sunnat to‘yga ham taklif qilgan. To‘yga mendan boshqa san’atkorlar ham borgan. Biznes taklifini rad etganman, lekin to‘yda xizmatimni qilib, haqimni olib qaytganman. Hech qanday mablag‘ yo‘qotmaganman, deydi xonanda.

“X-Faktordan bir tiyin ham haq olmaganman”

“X-Faktor” ko‘rsatuvida hakam sifatida ishtirok etgan Ravshan Komilov bu loyihada qatnashishi o‘zining xohishiga ko‘ra emasligini aytadi.

– “X-Faktor” O‘zbekistonda ilk marta o‘tkazilgan va shu orqali mamlakatimiz bu loyihani o‘tkazgan 47-davlat sifatida ro‘yxatga olingan. Hakamlar hay’atini tanlash bizning ixtiyorimizda bo‘lmagan — ularni Angliyadan kelgan loyiha mualliflari tanlab, biz bilan suhbat o‘tkazishdi va shartnomalar tuzildi. Ko‘rsatuv katta masshtabda o‘tkazilganligi sababli gastrol va to‘ylarni chetga surib, suratga olish jarayoniga jiddiy yondashganmiz. Shu kungacha bu ko‘rsatuvdan bir tiyin ham haq olganim yo‘q. Ko‘rsatuvda ishtirok etganlarning ko‘pchiligi juda yosh, san’at sohasida o‘qimagan yoki ishlamaydi. Shu sababli hakamlar o‘z fikrlarini ularni ranjitmasdan, do‘stona ohangda tushuntirishlari kerak, deb hisoblayman, deydi u.

image

Ravshan Komilovning o‘g‘li Farrux Komilov ham otasi kabi san’at yo‘lidan ketgan. Nozima va Durdona ismli qizlari uy bekasi, kichik o‘g‘li Farhod esa otasiga tadbirkorlik ishlarida ko‘maklashadi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.