Mashhurlar

Teatrga ishga olinmagan va javobsiz sevgidan aziyat chekkan Mirjalol Ne’matov haqida

pic
Foto: Daryo.uz

Loading

Aslida oʻzbek shou-biznesida bu xonanda nomining paydo boʻlganiga koʻp boʻlgani yoʻq. Xoʻsh qisqa fursatda mashhurlikka erishgan Mirjalol Neʼmatov aslida kim? Daryo maqolasi shu haqida.

“O‘g‘ling pulsiz hech nimaga erishmaydi”

Mirjalol Neʼmatov tugʻilgan yilini yashiradigan xonandalar toifasiga kiradi. U shu kungacha birorta intervyusida yoshi bilan bogʻliq savollarga javob bermagan.

— Navoiydagi oddiy, kamtarona hayot kechiradigan oilada tugʻilganman. Singlim va ukam bor. Otam ustachilik bilan, onam esa Navoiydagi markaziy kasalxonada oddiy hamshira boʻlib ishlagan. Oilamizda sanʼatkorlar yoʻq. Ammo onam bolaligida hofiza boʻlishni orzu qilgan ekan. Uning shirali ovozi bor, qarindoshlarimiz toʻy-hashamlarda “Siz ham bir kuylab bering”, deb mikrofon tutishardi. Oila qurib, orzulari sarobga aylangach, onam mening xonanda boʻlishimni istadi. “Oʻgʻling sanʼatkor boʻlolmaydi, pulsiz hech nimaga erishmaydi”, deyishganda ham menga ishonch bergan onam boʻladi, deydi Mirjalol Neʼmatov.

“Otam meni o‘qitish uchun Rossiyada ishlagan”

Mirjalol Neʼmatov Toshkentga kelishi va moliyaviy qiyinchiliklarga uchragan kunlarini quyidagicha eslaydi.

— Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutining “Musiqali drama aktyorligi” fakultetiga oʻqishga qabul qilinganman. Ammo testlarda past ball toʻplaganim uchun shartnoma asosida oʻqishimga toʻgʻri keldi. Oddiy, oylikka kun koʻradigan oila edik. “Shartnoma asosida oʻqimayman”, deganimda ota-onam amallaymiz, deyishdi. Oʻqishga kirgan yilim otam shartnoma pulini ishlab topish uchun Rossiyaga ishlagani ketdi. U yerda nima ish qilgani va qanday qiyin kunlarni boshdan kechirganini eslagim ham kelmaydi. Hamma viloyatlik talabalar singari ijara uyda yashaganman, baʼzan choʻntagimda 10 ming soʻm pulim ham boʻlmagan. Hozir koʻpchilik “Ikki-uch yilda mashhurlikka erishdingiz”, deydi. Aslida ijodni boshlaganimga 10 yildan koʻproq boʻldi, faqat oʻzimni mustaqil ijodkor sifatida olib chiqolmaganman, deydi xonanda.

“Teatrga ishga olishmagan”

Mirjalol Neʼmatov teatrga ishga olinmagani va ota-onasini aldab, ofitsiantlik qilgan kunlarini quyidagicha eslaydi.

— Shartnoma asosida oʻqishni tamomlab, ishga olishar degan umidda Muqimiy nomidagi musiqali drama teatriga ish soʻrab borganman. Ammo turli bahonalar bilan ishga olishmagan. Aslida, u yerning oyligi u qadar koʻp emasdi, ammo toʻrt yil oʻqib, oʻz mutaxassisligim boʻyicha ishlolmaymanmi, deb achinganman. Diplomim boʻyicha ish topolmay, ofitsiantlik qilishimga toʻgʻri kelgan. Puldan qiynalib yurganimni sezgan ota-onam “Navoiyga qayt, Toshkentda tentirab yurma”, deyishgan. Oʻshanda ofitsiant boʻlib ishlayotganimni aytishga uyalib, “Madaniyat uyiga ishga kirdim, menda hammasi yaxshi”, deb aldardim, deydi Mirjalol Neʼmatov.

“Pulsizlik sabab sevgim rad etilgan”

Ayriliq haqida koʻp kuylovchi xonanda Mirjalol Neʼmatov pulsizligi sabab sevgisi rad etilgani va hozir u qiz haqida eslashni ham istamasligi haqida gapirdi.

— Menimcha, sevgi bir tomonlama boʻlgan, agar bunday boʻlmaganida, hech qanday sabab bizni ayirmagan boʻlardi. Sharoitim yoʻqligini va qachondir hammasi yaxshi boʻlishini tushuntirganman, ammo rad javobini bergan. Pulsizligim sabab sevgim ham rad etilgan. Hozir u haqida bilishni ham istamayman. Muhabbatiga sodiq insonman. Peshonamda boshqa inson yozilgan ekan, u bilan oila qurdim, deydi u.

“Meni haqorat qilgan”

Xonanda Yorqinxoʻja Umarovning jamoasida ishlagani va undan achchiq gap eshitgan kunini quyidagicha eslaydi.

— Bir yilga yaqin Yorqinxoʻja Umarovning toʻy xizmatlarida ikkinchi hofiz sifatida ishlaganman. Yaʼni u charchasa va navbatchi toʻyimizda “birrov”larga borib kelishi kerak boʻlsa, men qoʻshiq aytib turardim. Yorqinxoʻja bilan aslida tengdoshmiz, ammo u mashhurlikka erishib boʻlgandi. U “birrov”ga ketsa, toʻy egalari “Bunaqasiga kelishmagandik, nega bu bola qoʻshiq aytyapti”, deb norozi boʻlishgan paytlari ham boʻlgan. Yorqinxoʻja jonli kuylagani uchun chanqab qolardi, bu paytda sovuq suv ichish mumkin emas. Unga iliq qaynatilgan suv berardik. Bir toʻyda eʼtiborsizlik qilib, unga meʼyoridan issiqroq suvni berib yuborganman. Ogʻzi kuyib, meni haqorat qilgan. Ammo jamoadan ketishimga bu voqea sabab boʻlmagan. Jamoa aʼzolari bilan kelisholmay qolganman va haydalganman, deydi Mirjalol Neʼmatov.

“Essiz, o‘zim ijro etsam bo‘lar ekan”

Mirjalol Neʼmatov xonanda sifatida tanilguniga qadar koʻp sanʼatkorlarga qoʻshiq yozib bergani va Shohruxxonga sotgan qoʻshigʻini oʻzi ijro etmaganiga afsuslanishi haqida gapirdi.

— Shu kungacha juda koʻp xonandalarga qoʻshiq yozib berganman. Munisa Rizayeva, Rayhon, Ziyoda, Shohruxxon, Yulduz Turdiyeva, Dildora Niyozova bilan doimiy hamkorlik qilardim. Shohruxxonga “Yurak” nomli qoʻshiqni yozib berganman va kutilmaganda u mashhurlikka erishib ketgan. Oʻshanda “Essiz, oʻzim ijro etsam boʻlar ekan”, degan fikr xayolimdan oʻtgan. Ammo nasiba degan narsa bor, uning ustiga oʻsha paytda mustaqil qoʻshiq ijro etadigan ahvolda emasdim. Shohruxxonning yordamchisi menga 500 AQSh dollari bergan va oʻsha puldan 100 dollarini uyga joʻnatganman. Bu 23 yoshga kirib oilamga bergan ilk yordamim edi, deydi xonanda.

“Hamdam Sobirov akangizmi?”

Mirjalol Neʼmatov ustozi Hamdam Sobirov bilan tanishuvi va u bilan yaratilgan duet tarixi haqida gapirdi.

— Hamdam Sobirov bilan bir viloyatdan boʻlsak ham, avval bir-birimizni tanimasdik. Musiqa bastalashim haqida eshitib, meni chaqirtirgan. Ijodiy suhbat qilganmiz, keyin “Holimga qara” va “Darak ber” nomli qoʻshiqlarni tayyorlab berganman. Duet aytish taklifi esa mendan chiqqan va u muxlislarga manzur boʻlgan. Koʻpchilik bizni aka-ukaga oʻxshatadi, haqiqatan, ijodimiz ham, kiyinish uslubimiz ham bir-biriga oʻxshash. Ikkimiz ham erkinlikni yaxshi koʻramiz, deydi xonanda.

“Endi qo‘shiqlarimni boshqa xonandalarga bermayman”

Mirjalol Neʼmatov endi boshqa xonandalarga qoʻshiq yozishni istamasligi haqida maʼlum qildi.

— Ilgari mustaqil xonanda boʻlib, qoʻshiq va klip yaratishga imkoniyatim boʻlmagan. Hozir hammasi joyida. Shu bois oʻzim yaratgan qoʻshiqlarni boshqa xonandalarga bermayapman, deydi Mirjalol Ne’matov.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.