Qiziqarli
Ota-onalar uchun muhim eslatma: nima uchun bolalarni tinglash juda muhim?
Zamonaviy texnologiyalar insonlar orasida jonli muloqotni kamaytirmoqda. So‘nggi 80 yil ichida odamlarning boshqalarni tinglashga sarflaydigan vaqti 42 foizdan 24 foizgacha kamaygan. Smartfonlardan foydalanish bizni nafaqat bir-birimizdan, balki farzandlarimizdan ham uzoqlashtirmoqda. Bugungi kunda bolalar ota-onalarining e’tibori uchun smartfon bilan raqobatlashishga majbur. Kattalar go‘yo smartfon ichida yashayotgandek: bola bilan suhbat orasida yozishmalar bilan band, sayr chog‘ida, hatto qahvaxonada ham ota-onalar ko‘zi ekranlardan uzilmaydi. Daryo maqolasi shular haqida.
Alfi Kon o‘zining “Qalb tarbiyasi” kitobida shunday yozadi:
Ko‘pchilik kattalar bolalarni mas’uliyatsiz, injiq yoki gapga kirmas deb biladi va ularni doimiy nazorat ostida tutish kerak deb hisoblaydi.
Oqibatda hatto mehribon ota-onalar ham farzandlariga bexosdan hurmatsizlik bilan munosabatda bo‘ladi: kichiklarning gapini bo‘lishadi, fikrini jiddiy qabul qilmaydi yoki umuman tinglamaydi. Bu nafaqat munosabatlarga, balki bolalarning rivojlanishiga va o‘z-o‘zini baholashiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Nega farzandlarini tinglash muhim?
1. Bu o‘ziga bo‘lgan sog‘lom munosabatni shakllantiradi
Ota-onalar o‘z xatti-harakatlari bilan bolaga uning muhimligini ko‘rsatadi. Agar bolalikda unga e’tibor berilmasa, u o‘zini butun hayoti davomida “qoniqarsiz” yoki “keraksiz” deb his qilishi mumkin.
Bolaning fikrini tinglash orqali siz unga qarashlari va his-tuyg‘ulari siz uchun ahamiyatli ekanini bildirasiz. Bu esa unda o‘ziga nisbatan ijobiy bahoni shakllantiradi va o‘z qadr-qimmatini his qilishga yordam beradi.
2. Muloqot rivojlanishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi
O‘z taqdirini o‘zi belgilash nazariyasiga ko‘ra, insonning uchta asosiy ehtiyoji bor: avtonomiya, kompetensiya va daxldorlik.
Avtonomiya — bu o‘z tanlovlarini mustaqil amalga oshirish istagi. Ota-onalar bu ehtiyojni qo‘llab-quvvatlashlari yoki, aksincha, nazorat va manipulyatsiya orqali bostirishlari mumkin.
Bolaning mustaqilligini hurmat qilib, uning his-tuyg‘ularini tinglash orqali siz uni o‘z qiziqishlarini aniqlashga, qarorlar qabul qilishga va muammolarni hal etishga o‘rgatasiz. Bunday bolalar o‘qishda, ijodda va hayotda muvaffaqiyatga erishadi.
3. Siz unga muloqot madaniyatini o‘rgatasiz
Bolalar ota-onalarining xulqidan andoza oladi. Agar siz suhbat davomida telefonga qarasangiz yoki bolaning gapini bo‘lsangiz, u ham shunday qiladi.
Albatta, bolalar har kuni o‘z hikoyalari bilan murojaat qiladi va har safar ularni diqqat bilan tinglashning imkoni bo‘lmasligi tabiiy. Ammo bu holatda siz boladan hikoyani biroz kechiktirishni so‘rab, keyin bo‘sh vaqtingizda unga to‘liq e’tibor bilan quloq solishingiz mumkin.
4. Ko‘plab muammolarga yechim topiladi
Ko‘p ota-onalar bolalar bilan suhbatni monolog shaklida o‘tkazadi: ular o‘z fikrlarini aytadi, lekin bolaning javobini tinglamaydi. Yaxshi tarbiya esa aslida ko‘proq tinglash, kamroq tushuntirishdir.
Har qanday muammoni hal etishdan avval uning sababini tushunish kerak. Buning uchun esa bola nima his qilayotganini, nimadan xavotir olayotganini eshitish zarur.
Alfi Kon bunga misol keltiradi: bir ota to‘rt yoshli qizining yerga shirinliklarni sochib tashlaganini ko‘radi va uni yig‘ishtirishni so‘raydi. Qiz rad etadi. Ota tanbeh berish o‘rniga: “Nega buni istamaysan?” deb so‘raydi. Qiz shunchaki ularni yeb qo‘ymoqchi ekanini aytadi. Ota esa “u holda ularni yig‘ishtirib, stolga olib qo’y, keyin bemalol yeyishing mumkin,” deydi. Natijada muammo tinch yo‘l bilan hal bo‘ladi.
Qanday qilib bolani tinglashni o‘rganish mumkin?
1. Farzand uchun vaqt ajrating
Suhbat vaqtida chalg‘ituvchi omillarni bartaraf eting: telefonni olib qo‘ying, televizorni o‘chiring. Masalan, gadjetsiz oilaviy kechki ovqat an’anasini yo‘lga qo‘yish mumkin.
2. Tinglay biling
Bola gapirganda uning ko‘ziga qarang, gapni bo‘lmang, aytilgan fikrni qisqacha qayta ifoda etib, to‘g‘ri tushunganingizni aniqlang. Agar bola xafa bo‘lsa va his-tuyg‘ularini ifodalash qiyin bo‘lsa, siz “Senga nimadir yoqmayapti, shekilli?” kabi muloyim taxminlar bilan unga yordam bering.
Ba’zida esa umuman gapirmaslik, shunchaki yonida bo‘lish kifoya. Quchoqlang, boshini silang — bu ham tinglashning bir shaklidir.
3. Farzandingizni hurmat qiling va his-tuyg‘ularini qadrsizlantirmang
Bolalarning his-tuyg‘ulari ham kattalarnikidek haqiqiy. Ularning gapini bo‘lmang, ustidan kulmang, istehzo bilan javob bermang.
Tasavvur qiling, siz do‘stingizga dardingizni aytyapsiz, u esa “bo‘lmag‘ur narsani o‘ylab topma” deydi. Bu sizni qayta ochilishga undaydimi? Bolalar uchun ham xuddi shunday.
Ular uchun “uchib ketgan shar” yoki “maktabdagi masxara qilgan sinfdosh” ham jiddiy muammo bo‘lishi mumkin. Shu sabab farzandingiz nima demasin, jiddiy qabul qiling va uni tushunishga harakat qiling.
Yaxshi tinglovchi — bu gapirish navbatini kutayotgan odam emas, suhbatdoshini chin dildan tushunishga harakat qiladigan insondir.
Xulosa qilib aytganda, farzandingizni tinglash tarbiyaning eng muhim asosidir. Chunki eshitilgan bola o‘zini muhim, qadrli va sevimli inson sifatida his qiladi. Bu hislar esa uni baxtli va mustaqil shaxsga aylantiradi.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


