Buxoro yangiliklari

Olotlik ayol 100 mln kredit bilan boshlagan ishidan kuniga 1 mln so‘m daromad qilmoqda

pic
Foto: Buxoro viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi

Loading

Buxoro viloyati Olot tumanidagi “Jayxunobod” mahallasida yashovchi tashabbuskor ayol Obida To‘rayeva oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yib, qisqa fursatda barqaror daromad manbaini yaratdi. U 5 oy avval Samarqand viloyatidan jo‘jalar xarid qilib, 100 million so‘m imtiyozli kredit evaziga 1 200 bosh parranda uchun mo‘ljallangan qafaslar va zarur sharoitlarni tayyorlab ish boshlagan.

Bugungi kunda xo‘jalikda qariyb 1 000 bosh parranda parvarish qilinmoqda. Ular to‘liq tuxum berish davriga kirgan bo‘lib, har kuni o‘rtacha 800 dona tuxum olinmoqda. Bu esa kichik oilaviy biznes uchun sezilarli natija hisoblanadi.

— Dastlab biroz ikkilanib qoldik, — deydi Obida To‘rayeva. — Parranda kasalliklari, ozuqa va mahsulotni sotish masalalari haqida ko‘p o‘yladik. Ishni qish faslida boshladik, lekin parrandalarning o‘zi issiqlik berib, xonani ham isitdi. Parvarish qilish esa unchalik qiyin emas — kuniga 20–30 daqiqa vaqt ajratish kifoya.

Hozirda yetishtirilayotgan tuxumlar bozorda barqaror sotilmoqda. Bir dona tuxum 1 300 so‘mdan realizatsiya qilinib, kunlik tushum qariyb 1 million so‘mdan oshmoqda. Bu esa tadbirkorlikning samaradorligini yaqqol ko‘rsatadi.

Parranda ozuqasining 1 kilogrammi 5 500 so‘mni tashkil etadi. Har bir tovuq kuniga 100–120 gramm yem iste’mol qiladi. Natijada bir kunda bir parranda uchun 600–700 so‘m atrofida xarajat qilinadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, daromad xarajatlardan ancha yuqori bo‘lib, biznesning rentabelligi yuqori darajada saqlanmoqda.

Mazkur faoliyat turi katta sarmoya talab qilmasligi, tez natija berishi va doimiy daromad manbai bo‘lishi bilan ajralib turadi. Shu bois ham xalqimiz “tovuq — yetti xazinaning biri” deb bejiz aytmaydi.

pic 02

Obida To‘rayevaning tajribasi bugun qo‘ni-qo‘shnilar uchun ham ibrat bo‘lib xizmat qilmoqda. Uning faoliyatidan ilhomlangan holda yaqin hududlarda ham parrandachilik bilan shug‘ullanishni boshlayotganlar soni ortib bormoqda. Bu esa mahallalarda bandlikni ta’minlash, aholi daromadini oshirish va tadbirkorlik muhitini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Kelgusida tadbirkor ayol xo‘jalik hajmini yanada kengaytirish, parranda sonini oshirish hamda mahsulot turlarini ko‘paytirishni rejalashtirmoqda. Bu esa nafaqat oilaviy daromadni oshirish, balki hududda yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini ham beradi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng köp öqilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, Özbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim köchasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipoviç. Muassis: “Buxoroişarif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va şikoyatlaringizni info@buxoroişarif.uz ga yöllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan töliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, çop etish faqat manba körsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Uşbu sayt OAV sifatida Özbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda röyxatdan ötgan.