Islom

Buning oqibatida banda do‘zaxning mashriq va mag‘rib o‘rtasidagi masofadan ham uzoqroq joyiga toyilib ketadi

pic
Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

Loading

Til – ko‘ngilning tarjimoni. Fikr to‘g‘ri bo‘lsa, aytar so‘zimiz foydali bo‘ladi. Foydasiz so‘z ziyon keltiradi. Davralarda, odamlar orasida shunday ezma kishilar bor, hech kimga so‘z bermaydi, odamlar undan xunob bo‘layotganini sezmaydi.

Abu Hurayra roziyallohu anhu bunday deganlar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Albatta, banda yaxshi-yomonligini o‘ylamay ba’zi so‘zlarni gapirib yuboradi, oqibatda do‘zaxning mashriq va mag‘rib o‘rtasidagi masofadan ham uzoqroq joyiga toyilib ketadi”

Mahmadanalik, ezmalik va sergaplik dinimizda qoralanadi. Foydasiz gap-so‘zlar odamlarning vaqtini oladi, foydali ishlardan qoldiradi. Kayfiyatni buzadi. “Banda yomon so‘zlardan tilini tiymagunicha haqiqiy mo‘min bo‘lolmaydi”, degan hadis bor. O‘tgan azizlar: “Ko‘p o‘yla, oz so‘zla, bo‘lmasa tek tur”, deyishgan.

Sergaplardan bezor bo‘lgan Ahmad Yassaviy hazratlari bunday deganlar: “Og‘zi ochuq, nafsi ulug‘ misli laqqa, nodonlardin qo‘rqub Senga keldim mano”.

Dono odamlarning suhbatini tinglab, vaqti kelganida o‘rinli javob qaytara bilish kishiga hurmat keltiradi. Hech kim ko‘p so‘zlab, dono bo‘lgan emas. Ammo ko‘p eshitib ko‘pchilikka bosh bo‘lganlar qancha. Kamgaplik donolikning boshidir. Sergap odamni vaysaqi deb atashadi. Uning bilim o‘rganishga vaqti qolmaydi. 

Tarixda sahobalar, allomalar kam gapirib, ko‘p eshitishgan, tilga erk berishdan qochib og‘izlariga ba’zan tosh solib yurishgan. Ularning bu odatlari biz uchun ibrat. Aflotun aytadi: “Badanning quvvati ovqat, aqlning quvvati esa hikmatli so‘zlar, donolik va donishmandlikdir. Ovqatsizlardan badan halok bo‘lgani kabi aql ham yaxshi, hikmatli so‘zlardan ayrilsa halok bo‘ladi”. Hissa shuki, aqlli, dono bo‘lishni istagan kishi o‘rganadi, diqqat bilan quloq soladi, mulohaza va andisha bilan so‘zlaydi.

So‘zlovchi tinglovchining holiga e’tibor berishi lozim. Me’yoridan ortiq so‘zlash foydasizdir. Chunki tinglashning nihoyasi bor. Ma’lum darajadan oshgan so‘z nafratga sabab bo‘ladi. Buzurg-mehrning “Zafarnoma” asarida bunday to‘xtam bor: Dedim: “Oqilkim?” Dedi: “Kam gapirib, ko‘p tinglaydigan, ko‘p biladigan odam”.

Alloh barchamizni behuda so‘zlardan saqlanib, xikmat ila lafz etmoqlikka musharraf aylasin!

Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.