O‘zbekiston

Murojaatlar bilan ishlash tizimi isloh qilinmoqda. Nimalar o‘zgaradi?

pic
Foto: Buxoroisharif.uz

Loading

Aholi murojaatlari tizimi tubdan yangilanadi: Xalq qabulxonalariga keng vakolatlar berildi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan davlat organlarining aholi bilan muloqoti samaradorligini oshirishga qaratilgan muhim farmon imzolandi. Ushbu hujjat orqali fuqarolarning murojaat qilish huquqini to‘liq ta’minlash, davlat boshqaruvida ularning ishtirokini kengaytirish hamda Xalq qabulxonalari faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish ko‘zda tutilgan.

Farmonga muvofiq, Xalq qabulxonalari faoliyati “yagona vertikal tizim” asosida qayta tashkil etiladi. Bu tizim orqali murojaatlar joylarda tezkor qabul qilinishi, o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi va samarali hal etilishi ta’minlanadi. Shuningdek, Xalq qabulxonalari “mahalla yettiligi”, davlat organlari va axborot xizmatlari bilan yaqin hamkorlikda ishlaydi.

Endilikda Prezident Xalq qabulxonasi yuridik shaxs maqomiga ega bo‘ladi, hududiy qabulxonalar esa uning bo‘linmalari sifatida faoliyat yuritadi. Ularning faoliyati Prezident administratsiyasining Kommunikatsiyalar departamenti tomonidan muvofiqlashtiriladi. Xalq qabulxonasi rahbari etib Farrux Omonov tayinlangan.

Farmon bilan Xalq qabulxonalariga keng vakolat va huquqlar berildi. Jumladan, ular davlat organlariga ko‘rsatmalar berish, zarur ma’lumotlarni talab qilish, murojaatlarni ko‘rib chiqish ustidan nazorat o‘rnatish hamda talablar bajarilmasa, materiallarni prokuratura organlariga yuborish huquqiga ega bo‘ldi.

Bundan tashqari, Xalq qabulxonasi murojaatlarda ko‘tarilgan tizimli muammolarni tahlil qilib, tegishli takliflar ishlab chiqadi hamda davlat organlari rahbarlarining sayyor qabullarini nazorat qiladi. Zarur hollarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda joyiga chiqib o‘rganish o‘tkazish vakolati ham berildi.

Yangi tartibga ko‘ra, 1-maydan boshlab virtual qabulxona orqali yuborilgan murojaatlar muddat nazoratiga olinadi. Belgilangan muddatdan kechikkan murojaatlar avtomatik ravishda yuqori turuvchi organlarga o‘tkaziladi. Murojaatlar esa “shoshilinch”, “odatiy” va “maslahat talab qiluvchi” toifalarga ajratiladi.

Shuningdek, davlat organlari rahbarlarining murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha hisobotlari parlament va mahalliy kengashlarda har chorakda kamida bir marta eshitiladi. Bu esa mas’uliyatni oshirish va ochiqlikni ta’minlashga xizmat qiladi.

Farmon doirasida yana bir muhim yangilik — davlat organlari faoliyati reytingi joriy etilishi bo‘ldi. Virtual qabulxona saytida har olti oyda murojaatlar bilan ishlash samaradorligi, muddatlarga rioya etilishi va hal etilgan murojaatlar ulushi asosida reyting e’lon qilinadi.

Shuningdek, hudud rahbarlari fuqarolarni muntazam qabul qilib, muammolarni joyida hal etishi shart etib belgilandi. Jamoaviy murojaatlar esa mahalla ishtirokida ko‘rib chiqilib, fuqarolar roziligi bilan nazoratdan olinadi.

Mazkur farmon fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, muammolarni tezkor hal etish va ochiq boshqaruv tizimini shakllantirishda muhim qadam bo‘ldi. Endilikda murojaatlar shunchaki qayd etilib qolmay, balki aniq natija beradigan mexanizm asosida ko‘rib chiqilishi ta’minlanadi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.