Mashhurlar

Erkin Komilovning sobiq kuyovi, 12 farzandning otasi Valijon Shamshiyev haqida

pic
Foto: Daryo.uz

Loading

Yigit kishiga 40 hunar oz, degan gapni eshitgan bo‘lsangiz kerak. Aftidan, bu gapga Valijon Shamshiyev amal qilishga odatlangan. Boisi u shu kungacha qiziqchilikdan tashqari, aktyor, rejissyor, shoir, sportchi, fermer, tadbirkor va hatto prodyuser sifatida ham o‘zini sinab ko‘rgan. Eng qizig‘i, hech bir urinishi muvaffaqiyatsizlikka uchramagan. Daryo uning hayoti va ijodiga nazar soldi.

“Akamning murdasini olib kelishgan”

Valijon Shamshiyev 1975-yilning 16-yanvar kuni chilangar usta xonadonida dunyoga kelgan. U onasi farrosh bo‘lgani va to‘rt yoshga to‘lganida oilasi boshiga og‘ir musibat tushganini quyidagicha eslaydi.

— Oilada olti o‘g‘il farzand bo‘lganmiz. Anvar ismli to‘ng‘ich akam bor edi. Nihoyatda mehribon, aʼlochi bo‘lgan. Meni yelkasiga o‘tqazib, terlab-pishib ketsa-da, aylantirib yurardi. Xullas, u bezori bolalar bilan tortishib qolgan, ularning akamda qasdi bormikan, bilmadim. Ota uyimiz yonida katta Farg‘ona kanali oqib o‘tardi. Akam suzishni yaxshi bilardi, ammo bezori yigitlar akamni avvaliga kanalning sayoz yerida cho‘ktirmoqchi bo‘lgan. Ularni qishloq odamlari ko‘rib, dakki berishganidan keyin akamni qo‘yib yuborishgan. Keyin tez oqadigan janubiy Farg‘ona kanaliga olib borib, “Mana shu yerdan o‘tib berasan”, deb kichik temirning ustidan yurishga majburlashgan. Akam o‘sha yerdan o‘tayotganda kanalda oqib ketgan. Ammo qishloq bolalari hech kimni chaqirmay, qo‘rqqanidan uylariga borib, yashirinib olishgan ekan.​

— Hech narsadan xabari yo‘q dadam ishdan qaytib, akamni so‘ragan. Onam ukamni ovqatlantirayotgan bo‘lgan, ikkisi ham akamni izlab, topisholmagan. Anvar akamni kanalda oqib ketganini eshitgach, otam tildan qolgan va yetti kungacha suvdan chiqmay, izlagan ekan. Shu vaqt ichida hech kim bilan gaplashmagan. Akamning murdasini Quvasoy tomonlardan topib kelishganidan keyin “Xudoga shukr, bolamning o‘ligini yerga qo‘yaman”, deb yana gapirishni boshlagan ekan. Bu voqealar sodir bo‘lganida men bor-yo‘g‘i to‘rt yoshda edim. Ammo ota-onam hamisha farzandlarining yodi bilan yashashdi, deydi Valijon Shamshiyev.​

“Ozodbek Nazarbekov bilan niyat qilgandik”

Qiziqchi sanʼatga qiziqqani va Ozodbek Nazarbekov bilan poyezd vagonida qilgan niyatini so‘zlab berdi. 

— Sanʼatga bolalikdan qiziqqanman. Akamning vafotidan so‘ng dadam farzandlarining bariga suzishni o‘rgatdi, sport bilan shug‘ullanishimizga sharoit yaratib berardi. Hamma narsa niyatga bog‘liq ekan. Andijondan Ozodbek Nazarbekov bilan poyezdda kelayotganimizda “Men Muhriddin Xoliqovga shogirdlikka tushaman, men ham zo‘r inson bo‘laman, uni o‘z akamdek yaxshi ko‘raman”, dedi. Va ertasi kuni Muhriddin Xoliqov bilan Mirzabek Xolmedov qaysidir ko‘rsatuvda birga chiqishdi. Ularni ko‘rib, ko‘nglimdan nimadir o‘tdi. Ammo bu haqda hech kimga aytmadim, deydi Valijon Shamshiyev.

“Mirzabek Xolmedov bilan to‘yda tanishganmiz”

Valijon Shamshiyev ustozi bilan ilk marta to‘yda uchrashib qolganini quyidagicha eslaydi.

— To‘ylarga chiqishni ancha erta boshlaganman. Toshkentga kelganda, yaxshigina tajribam bor edi. 1993-yili to‘yda xizmat qilib tursam, Mirzabek Xolmedov kelganini aytishdi. Ustoz sanʼatkor Soyib Xo‘jayevning ovozlarini taqlid qilyotgandim. U paytlari sanʼatkorlarning pulini chaqqonlik bilan olib qo‘yish urfda edi. Mahallaning olg‘ir yigitlari sanʼatkor kelin-kuyov qistirmoqchi bo‘lgan pulni olguniga qadar darrov egalik qilishardi. Simli mikrofonlar chaqqon harakat qilishga to‘sqinlik qilardi.

— Mirzabek ustozga pul qistirishganida “Soyib aka, mikrofonni ushlab turing, nasibamni olib kelay”, degan va qaytganda o‘sha paytdagi eng yirik kupyura puldan menga berib, “bunisi sizning ulushingiz”, degan. Pulni olib, “O‘h-ho‘, bunga qaytim berishim kerak”, deb cho‘ntaklarimni izlaganman, ammo mayda pul topolmay, “Uzr, o‘zi pulingiz mayda ekan, ko‘zimga yirik ko‘rinibdi”, deb vaziyatdan chiqqanman. Odamlar maza qilib kulishgan. O‘shanda Mirzabek aka telefon raqamini berib, bog‘lanishimni tayinlagandi. Ammo bir necha marta uyiga qo‘ng‘iroq qilib, gaplasholmaganman. Undan keyin televideniyeda ko‘rishib qoldik, biroq bemalol gaplashishga imkon bo‘lmadi.​

— Institutda darsda o‘tirsam, meni tashqarida mashinada bir kishi chaqirayotganini aytishdi. Keyin bilsam, Mirzabek aka jamoasiga isteʼdodli yigitlarni izlab kelgan va institutdan meni tavsiya qilishgan ekan. Xullas, taqdir ekan, bu insonlar bilan ishlash nasib qildi, deydi Valijon Shamshiyev.

“AQShga ketmoqchi edim”

Valijon Shamshiyev Mirzabek Xolmedov sabab AQShga ketish fikridan qaytgani va teatrdagi hamkasblari undan ranjigani haqida so‘zlab berdi.

— To‘ylarga chiqqanim bilan topishim haminqadar edi. O‘qirdim, ijara uyda yashardim. Xullas, o‘qishdan keyin Yosh tomoshabinlar teatrida yarim stavka asosida ishga qabul qilingandim. O‘shanda bitta spektaklda bosh rolni ijro etib, uni endi repertuarga joylagan paytlarimiz edi. Buning ustiga rus jurnallarining birida “Filmda Jeki Chan bilan birga suratga tushishni istaysizmi?” degan eʼlon chiqarilgandi. Bir necha oy davomida tayyorgarlik ko‘rib, ingliz tilini o‘rgandim. Hatto chet el bilan ishlaydigan qo‘shma korxonaga ishga kirib, ularning yordami bilan xorijga ketishni reja qilgandim. Mirzabek Xolmedovning taklifidan keyin o‘ylanib qolganman. Xo‘p desam, bir vaqtning o‘zida ikkita ishimdan bo‘shashim kerak, keyin Mirzabek akaning jamoasida ishlolmasam nima qilaman, deganman. Oxiri tavakkal qilib, qiziqchilar jamoasiga qo‘shilganman, deydi Valijon Shamshiyev.

“To‘ylarda musht ham yeganman”​

Qiziqchi Valijon Shamshiyev ijodni endi boshlagan vaqtda to‘ydagi mushtlashuvlar haqida so‘zlab berdi.

— U paytlari mushtumzo‘rlar, ko‘cha bezorilari ko‘p edi. Chunki qonun ishlamasdi, odamlar birovning haqqidan qo‘rqmasdi. To‘ylarda bir-ikki bezori ichib, sanʼatkorga tashlanardi. Yo‘q, menda bunday vaziyatlar bo‘lmagan, deyolmayman. Ko‘p marta janjalli vaziyatlarga uchraganman, kaltak ham yeganman. Ammo sport ustasi ekanim hamisha qo‘l kelardi. Ustozim aytganidek, xira pashshadek o‘ralashayotgan odamning yonidan sekingina qochardim, deydi so‘z ustasi.

“Xotira yo‘qolishining azobi”

Qiziqchi Valijon Shamshiyev xotirasini bir necha kun yo‘qotgani va koma holatiga tushganidan xabaringiz bormi? Valijon Shamshiyev “O‘g‘lon” filmini suratga olish jarayonida bir necha metr balandlikdan sakrayotganda, boshi bilan yerga tushgan. Bu ijodkorga juda qimmatga tushib, avval Buxoroda, undan so‘ng Toshkentda davolangan.

— Ko‘zimni ochib, kim ekanimni eslolmaganman, uch oyda sekin-asta xotiram tiklangan, deydi Valijon Shamshiyev.

Valijon Shamshiyev ham bog‘bon

— Dehqonchilik bilan shug‘ullanayotganimga ancha yil bo‘lgan. Ilgari 60 gektar yerim bor edi, shundan 7 gektariga bog‘ tashkil qilgandik. Ammo bu sohaning ham qiyinchiligi bor, shu bois uni topshirishimizga to‘g‘ri keldi. Hozir faqatgina Oltiariqda 40 sotixlik bog‘im bor. U yerda asosan o‘rik va shaftoli yetishtiriladi. Toshkentdagi uyim atrofiga esa uzum va shaftoli ekkanmiz. Uyim atrofidagi bog‘ga o‘zim qarayman, katta bog‘ning esa o‘z bog‘bonlari bor, deydi qiziqchi Valijon Shamshiyev.

Qiziqchining o‘xshamagan turmushi 

Valijon Shamshiyev 1998-yilda O‘zbekiston xalq artisti Erkin Komilovning qizi Dilfuza Komilovaga uylangan. To‘y marosimi Toshkent va Andijon viloyatlarida bo‘lib o‘tgan. Qiziqchining Layli taxallusi bilan ijod qiluvchi qizining ma’lum qilishicha,  2018-yilda ota-onasi ajrashishgan. 

— Dadam bobomga shogird bo‘lib, uylariga kelib yurgan vaqtlarda onam bilan tanishishgan. 1998-yilning 12—14-sentyabr kunlari ikki viloyatda to‘ylari shov-shuvli tarzda bo‘lib o‘tgan. O‘sha kuni Damas’chilar faqat ota-onamning to‘ylariga kelayotganlarni stadionga tashishgan ekan. Chunki to‘y stadionda bo‘lgan. To‘ydan keyin baxtli hayot kechira boshlashgan. Ular kinolarda birga rol o‘ynashardi. Keyinchalik birin-ketin men va ukalarim tug‘ilganmiz. Yillar o‘tib katta bo‘ldik. Maktabni bitirib, kollejga o‘qishga kirdim. Har yili konsertlar berardik. Hayotimiz go‘zal va juda baxtli edik. 

— Ammo 2018-yil biz uchun eng qayg‘uli va alamli yil bo‘lib qoldi. Oyim uydan ketayotgandagi holat esimda: hammamiz oyimning orqasidan yugurib, yig‘lab qolgandik. Hatto kichkina ukamgacha orqalaridan “ketmang”, deb yugurganmiz. O‘shanda biz yettita farzand edik. Ota-onam ajrashishdi. Bu hammamizga juda yomon ta’sir qildi. Ukalarim har qayoqqa tarqab ketib, uyimiz huvullab qoldi, deb xotirlaydi Layli. 

12 farzandi bor ota 

So‘z ustasi Valijon Shamshiyev o‘zbek shou-biznesining eng serfarzand vakillaridan biri. U 2025-yilda 12-marta ota bo‘lgan. Bugungi kunda uning 8 qizi va 4 o‘g‘li bor.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.