Islom

Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam: 3 ta la’nat olib keladigan amaldan ehtiyot bo‘linglar…

pic
Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

Loading

Islom – poklik dini. Poklik esa iymon belgisi. Dunyoda Islomdan boshqa hech bir din, tuzum yoki falsafa poklik va ozodalikni bu qadar yuksak darajaga ko‘tarmagan. Chunki poklik bo‘lmasa, bandaning ibodati ham qabul bo‘lmaydi. Islomda barcha ibodatlarning qabul bo‘lishi uchun, avvalo, bandaning qalbi, niyati pok bo‘lishi talab qilinadi. Qolaversa, ibodatlarning qabul bo‘lishi uchun insonning butun tanasi, kiyim-boshi, hatto, ibodat joyi ham pok, turli katta-kichik najosat va nopokliklardan xoli bo‘lishi kerak. 

Pokiza odamdan ifloslik, razillik chiqmaydi. Poklik – chin insoniylik ko‘zgusi. Bu haqda Haq taolo O‘z kalomida shunday deb xabar beradi: “Unda poklanishni xush ko‘radigan kishilar bor. Alloh esa poklanuvchilarni sevar”.

Alloh taolo boshqa bir oyati karimada yana shunday marhamat qiladi: “Alloh mo‘minlarni sizlardagi hozirgi holat uzra tashlab qo‘yuvchi emas. U hali pok kimu, nopok kim ajrim etadi. Alloh sizlarni ilmi g‘aybdan xabardor qilmadi, lekin Alloh O‘z payg‘ambarlari ichidan xohlaganlarini (ilmi g‘aybdan qisman bildirish uchun) tanlab oladi. Bas, Allohga va Uning payg‘ambarlariga imon keltiringiz! Imon keltirib, taqvoli bo‘lsangiz, sizlarga (oxiratda) buyuk mukofot (bordir)” (Oli Imron surasi, 179-oyat).

Poklik va ozodalik darajasi naqadar ulug‘ligini quyidagi hadisi sharifdan ham yaxshi bilishimiz mumkin:

“Albatta Alloh muloyimdir, muloyimlikni sevadi, pokizadir, pokizalikni sevadi, saxovatlidir, saxovatni sevadi, o‘ta saxiydir, o‘ta saxiylikni sevadi”.

Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam: “Uchta la’nat olib keladigan amaldan ehtiyot bo‘linglar: Suv havzalariga, yo‘l o‘rtasida va odamlar salqinlanayotgan joylarda qazoyi hojat chiqarishdan”, – deb ogohlantirganlar.

Ushbu hadisi sharif bebaho ilohiy ne’mat suv havzalarini, odamlar foydalanadigan ko‘cha va yo‘llar hamda soya salqin joylarni ehtiyotlab saqlash muhim ekanligini yana bir bor ta’kidlaydi.

Bundan tashqari, jamoat joylarida, o‘quv dargohlarida, keng jamoatchilik foydalanadigan metro, avtubos, yo‘nalishdagi avtoulovlarda ham tozalikka rioya qilishimiz lozim. Ularga pista po‘choqlari va maishiy chiqindilarini tashlab, iflos qilmasligimiz darkor. Har vaqt va har joyda tozalik va poklik odoblariga rioya qilishni aslo unutmaylik, zero, poklik imondandir, deb hadisda bejizga aytilmagan.

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam yana: “Uy va hovli sahnalaringizni tozalab saranjom sarishta qilinglar”, – deb buyurganlar (Termiziy rivoyati).

Axlatlarni ko‘chaga, odamlar yuradigan joylarga tashlamaslik, umuman hovli joylarda axlatni to‘plamaslik ham lozim. Toki ko‘rgan odam havas qilsin. Uy ichini, idish-tovoqlarni, kiyim va jihozlarni ham toza saqlash zarur. Ust-bosh, soch-soqolning, xususan, ko‘ylaklar yoqasining pokiza bo‘lishiga alohida e’tibor berish, odamlar ko‘z o‘ngida jirkanch va iflos holda yurishdan saqlanish talab etiladi.

Islom dini barchamizga yashayotgan joylarimizning toza, ozoda bo‘lishi, ichimlik suvimizning beg‘ubor, o‘zimizning esa pokiza yurishimizga buyuradi. Asrlar bo‘ylab musulmonlar ariq, daryo va dengiz suvlarini pokiza saqlashni o‘zlarining burchlari deb bilib kelganlar. Qur’oni karimda dengiz, daryo va ariqlarni ifloslantirmaslikka buyurilgan. Aks holda baliqlar ham noz-ne’mat o‘rniga zaharli moddalarga aylanishini unutmaylik.

Alloh taolo muborak kalomi sharifida bandalariga: “U sizlar uchun Yerni “poyandoz”, osmonni “bino” qilib qo‘ydi va osmondan suv tushirib, u sababli sizlarga rizq sifatida mevalar (mevali daraxtlar)ni undirdi” (“Baqara” surasi, 22-oyat). 

Hojatxonaga kirishning ham o‘ziga xos amaliy va ma’naviy tartiblari bor: bu yerga kirayotganda Shayton yomonliklaridan panoh tilanadi, qiblaga qarab yoki unga orqa o‘girib o‘tirilmaydi, u yerda gapirish, biror narsa o‘qish maqbul emas. Hojatxonaga boshyalang, yalangoyoq kirilmaydi. Suv va suv yoqasiga, yerning yoriq joylariga, jonivorlar uyasiga, daraxt ostiga, axlatxona yoki qabristonlarga hojat ushatilmaydi. Hojat ushatib bo‘lingach, kesak yoki maxsus chiqarilgan qog‘oz bilan tozalanish, iloji bo‘lsa chap qo‘l yordamida suv bilan yuvib tashlash lozim. Ayniqsa peshob qoldiqlarining kiyim yoki badanga tegishidan ehtiyot bo‘lish kerak.

Dinimizda g‘uslning ham talay tartib-qodalari bor.

Sof tabiat sunnatlari ‒ quyidagilardan iborat: mo‘ylabning lab ustiga o‘sib tushgan qismini qirib, tozalab yurish; tish va og‘izni tozalab yurish; burunga suv olib tozalash; tirnoqlarni qisqartirish; badanning bukiladigan (bo‘g‘im, qo‘ltiq osti, kindik) joylarini yaxshilab yuvish; qo‘ltiqdagi yunglarni yulish; qovuqdagi yungni qirish; suv bilan istinjo qilish; o‘g‘il bolalarni xatna qildirish. 

Tirnoqni olib turish lozim. Tirnoqlarini o‘stirib, unga har xil bo‘yoq va ishlov berish, ayrim ayollar o‘ylaganidek, mutlaqo ziynat sanalmaydi. Quloq burmalari, burun kataklari, kindik chuqurlari, ko‘z qovoqlari kabi odatda badanning kir to‘planadigan barcha bo‘g‘inlarini hamisha tozalab turishga to‘g‘ri keladi. Poklik va yoqimli hidni yo‘qotmaslik uchun ana shu joylarni muntamuntazam yuvib turish zarur.

Dinimizda og‘iz va tishlarni tozalashga alohida e’tibor qaratilgan.

Soch qo‘ygan kishi sochini parvarishlashi, o‘z vaqtida yuvib-tozalashi, tarab-o‘rishi lozim. Zero payg‘ambar (s. a. v.) bir hadisi muboraklarida: “Kimni sochi bo‘lsa (uni yaxshilab parvarish) qilsin”, ‒ deganlar.

Suyuqlik ichayotgan kishi idish ichiga nafasini tushirmasligi kerak. Siniq, darz ketgan yoki labi uchgan idishlarda taom yoki suyuqlik iste’mol qilinmaydi, chunki u yerda yig‘ilib qolgan mikroblar taomga aralashishi va natijada kasallik kelib chiqishi mumkin.

Alloh taolo barchalarimizni solih hayot kechirishimiz, ibodatlarimizni ado etishimiz, O‘ziga bandalik qilishimizda hamisha pok, toza bo‘lishga muyassar aylasin, imonimizning yarmi sanalgan poklik masalalariga e’tiborli bandalaridan qilsin, ibodatlarimizning komil bo‘lishini nasib aylasin, omin!

Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.