Mashhurlar

“Qish sonatasi”ning afsonaviy yulduzi Jun Sang (Pe Yong Jun) hozirda qanday yashaydi?

pic
Foto: YouTube (K-Star Stories by TV CHANNEL)

Loading

Nafaqat Osiyo davlatlarida, balki Yevropada ham “Koreys to‘lqini”ning ilk davrini boshlab bergan “Qish sonatasi” seriali o‘zbek tomoshabinlarining ham sevimli doramasiga aylangan. Daryo bugun undagi bosh qahramon — Jun Sang obrazi bilan tanilgan mashhur aktyor Pe Yon Junning ijod yo‘li va shaxsiy hayoti haqida ma’lumot beradi.

Janubiy koreyalik aktyor, prodyuser va tadbirkor Pe Yon Jun 1972-yil 29-avgustda Seulda tug‘ilgan. Aktyorlik sohasiga 1990-yillarning boshida kirib kelgan. Uning ekranlardagi debyuti 1994-yilda “Yashasin sevgi” dramasi bilan bo‘lgan. Oradan bir yil o‘tgach, Yon Jun “Quyosh ostida” nomli romantik dramasida rol o‘ynadi. Uning obrazi ilk bor yirik rejissyorlar e’tiborini tortdi va tanqidchilar tomonidan ijobiy baholandi.

Aktyorning navbatdagi diqqatga sazovor roli “Birinchi muhabbat” (1996) seriali bo‘lib, unda u jinoyatchilar to‘dasiga qo‘shilib, oilasi uchun qasos olishga “Huquqshunoslik” fakultetini tugatgan yigit rolini o‘ynadi. 1998-yilda esa aktyor “Yalangoyoq bolalik” romantik dramasida suratga tushdi.

1999-yilda Pe Yon Jun Songyungvan universitetining “Kino” fakultetiga kirdi va asosiy vaqtini o‘qishga sarflashga qaror qildi. Oradan 2 yil o‘tgach, u “Muhabbat va ehtiros” dramasi bilan ekranlarga qaytdi.

Universitetni tamomlagach, 2002-yilda “Qish sonatasi” romantik melodramasida bosh rolni ijro etdi. Dramadagi Jun Sang obrazi nafaqat Janubiy Koreyada, balki dunyoning boshqa ko‘plab mamlakatlarida katta muvaffaqiyat qozondi. “Qish sonatasi” 20 dan ortiq davlatda muvaffaqiyatli namoyish etilgandan so‘ng, Pe Yon Jun eng talabgir aktyorlardan biriga aylandi.

Bundan tashqari u ishlab chiqarish va restoran biznesini yo‘lga qo‘ydi va moliyaviy barqarorlikka erishdi. Uning yozuvchilik tajribasi ham omadli kechdi: uning koreys oshxonasi, tarixi va madaniyatiga bag‘ishlangan “Koreya go‘zallik olamiga sayohat” asari bir necha tillarga tarjima qilindi va bestsellerga aylandi.

2006-yilga kelib Pe Yon Jun Koreya shou-biznesidagi eng badavlat shaxslardan biriga aylandi. New York Times uni “2,3 milliard dollarlik odam” deb atadi. Biroq Yon Jun tez orada aktyorlik faoliyatini yakunladi. U 2007-yilda so‘nggi marta dramada rol ijro etdi.

2015-yilda Pe Yon Jun yana bir mashhur aktrisa va xonanda, SUGAR guruhi solisti Pak Su Jin bilan unashtirilgani haqidagi xabar bilan barchani lol qoldirdi. Juftlik umumiy do‘stlar orqali tanishib qolgan va ularning munosabatlari tabiiy ravishda rivojlanib borgan. Koreys matbuotida aytilishicha, aktyor Su Jinni bir qarashda sevib qolgan va munosabatlarda tashabbusni o‘z qo‘liga olgan.

Ularning to‘yi 2015-yil 27-iyulda Seuldagi Sheraton Walkerhill mehmonxonasida yopiq formatda bo‘lib o‘tgan. Nikoh marosimiga faqatgina kelin-kuyovning yaqin do‘stlari va oila a’zolari taklif qilingan.

2016-yil oktyabr oyida oilada o‘g‘il farzand dunyoga keldi. Bu vaqtdan e’tiboran Pak Su Jin karyerasida bir muddat tanaffus oldi. Oradan ikki yil o‘tib er-xotin qiz farzandli bo‘ldi. Shundan so‘ng sobiq xonanda Koreya shou-biznesidan butunlay voz kechib, butun e’tibori va vaqtini oilasi va farzandlar tarbiyasiga bag‘ishlashga qaror qildi. Bu vaqtda Keyeast (hozirgi Kakao Entertainment) agentligiga asos solib, muvaffaqiyatli tadbirkorga aylandi.

Er-xotin shaxsiy hayotini namoyish etishni istamaydi: ular kamdan-kam hollarda ommaviy tadbirlarda qatnashadi va ijtimoiy tarmoqlarda turli tafsilotlarni baham ko‘rmaydi.

Bugungi kunda aktyor ko‘proq strategik biznes loyihalar, media va ko‘ngilochar soha bilan bog‘liq investitsiyalar orqali faoliyat yuritadi.

Shu bilan birga, Pe Yon Jun restoran va madaniy loyihalar, shuningdek, Koreya madaniyatini targ‘ib etishga oid tashabbuslarga ham qiziqish bildiradi. Uning oshxona va madaniyatga bag‘ishlangan kitobi hanuzgacha muxlislar orasida qadrlanadi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.