Mashhurlar
Noodatiy kasallikni boshdan kechirgan va “Shoshilma, qizgina” xit-qo‘shig‘i muallifi Otabek Muhammadzohid haqida
O‘zbekiston xalq artisti Gulsanam Mamazoitovaning akasi, 3—4 yoshidan san’at ichida ulg‘aygan, g‘alati kasallik bilan og‘rigan, ijodda jonli ijroni ustun qo‘yadigan kam sonli xonandalardan biri Otabek Muhammadzohid bu yil 52 yoshni qarshiladi. Shu munosabat bilan Daryo uning hayoti va ijodiy yo‘liga nazar soldi.
“Bolalikda oila boshiga aylanganman”
Otabek Muhammadzohid 1974-yilning 24-yanvar kuni Farg‘ona viloyatida hofiz Mamadali Mamazoitov xonadonida dunyoga kelgan. Bolalikdan uning sanʼatkor bo‘lishiga hech kim shubha qilmasdi. Chunki sanʼat uning qonida bor. Otasi o‘z davrida vodiyning mashhur hofizi bo‘lgan bo‘lsa, onasi sanʼatni tushunadigan madaniyat xodimi bo‘lib ishlardi. Xonanda oilada to‘ng‘ich farzand, uning Go‘zalxon va Gulsanam ismli singillari bor.
.jpg)
— Sanʼatga qachon kirib kelganimni eslay olmayman. Chunki maktabga chiqmasimdan avval musiqa asboblarini chalishni bilardim. Onamning aytishicha, 4 yoshimdan akkordeon va doira chalishni o‘rgangan ekanman. Bolalikda erka o‘g‘il farzand bo‘lganman. Chunki onam tomonda ham, otam tomonda ham erka bosh o‘g‘il nabira edim. Ammo hayotda kutilmagan voqealar ko‘p bo‘larkan. Erka o‘g‘il bo‘lib ulg‘aydim-u, birdan hammasi o‘zgarib, hayot “hamma erkaliklaringni yig‘ib sandiqqa solib qo‘y, endi oila boshi bo‘lding”, dedi.
Maktabda faqat aʼlo baholarga o‘qiganman, to uni tamomlaguncha sinf sardori bo‘lganman. Oila boshi bo‘lgandan keyin masʼuliyatni his qilar ekan odam. Onam madaniyat uyida rahbar bo‘lgan, singillarimga o‘zim bosh bo‘lib o‘qishiga masʼul edim. Gulsanam ham haligacha “Sanʼatga qiziqishimga siz sababchi bo‘lgansiz”, deydi. Chunki singlimni o‘zini yolg‘iz uyda qoldirmaslik uchun musiqa maktabiga o‘zim bilan olib ketardim va orqa partada o‘tirib darsni eshitardi, deydi Otabek Muhammadzohid.
“To‘rt yil ko‘zimga bir nimalar ko‘rindi”
7 yoshida xonandaning hayotida g‘alati voqea sodir bo‘ladi. Uning taʼsiri haligacha sezilishi va uni shifokorlar ham davolay olmaganini aytib o‘tdi.

— Ko‘zingizni tez-tez yumasiz, asabiymisiz, deb ko‘p so‘rashadi. Aslida bu holat bolalikdan odat bo‘lib qolgan. Onam asli Andijonning Buloqboshi tumanidan Farg‘onaga kelin bo‘lib tushgan. Yozda xolamning uyiga tez-tez borardik. Ularning uyiga yaqin yerda qumloq yer bor edi. Odamlar u yerning qumidan devor suvashda foydalanardi. Bir kuni ayni peshin vaqtida mendan 3—4 yosh katta xolamning o‘g‘li va o‘rtog‘i qum olib kelishga ketayotgan ekan. Ularga qo‘shilib men ham qumloqqa bordim. Ko‘zimga ikkita ayiq bolalari ko‘rindi, ular bir-biri bilan o‘ynardi. “Muqim aka, ayiq bolalarini qarang, o‘ynashyapti”, dedim. Ular kulishdi va uyga qaytdik. Kechga borib birdan tobim qochdi, isitmalab ko‘zimga har xil narsalar ko‘rina boshladi. Tuni bilan uxlolmasdim, ko‘zimga ko‘ringanlar juda qo‘rqinchli edi. Onam erta tongda mullaga olib borib, dam soldirib qo‘ysa biroz yengillardim. Onam shifokorlarga olib borganida “bu kasallik emas”, deyishgan. Bu holat 4 yil davom etdi. Undan keyin ahvolim yaxshilandi, ammo ko‘zimni tez-tez pirpiratishim “esdalik” bo‘lib qoldi, deydi xonanda.
“Uyda tug‘ilgan ekanman”
Otabek Muhammadzohid 1994-yildan buyon professional xonanda sifatida faoliyat yuritadi. Shu kungacha unga Toshkentda ijod qilish bilan bog‘liq takliflar juda ko‘p bo‘lgan. Xonanda har gal Farg‘onani tashlab ketolmasligini aytadi.

— Farg‘onadagi tug‘ilib o‘sgan uyimni yaxshi ko‘raman. Hatto, tug‘uruqxonaga ham borishni istamay, uyda tug‘ilgan ekanman (kulib). Haqiqatan ham shunday, onamning ko‘zi uyda yorigan, shuning uchunmi Farg‘onaga mehrim bo‘lakcha. 1994-yili Turkiyada o‘qishni tamomlab, O‘zbekistonga qaytganimda, hamkorlik qilish bo‘yicha takliflar juda ko‘p bo‘lgan. Toshkentda ijod qilish yaxshi, tanilish oson, katta sahnalarga ham imkoniyat ko‘proq deyishadi. Ammo ijoddan tashqari, yolg‘iz o‘g‘il farzandlikning ham masʼuliyati bor. Onamning yoshi katta, uning tanish-bilishlari, yaqinlarining bari Farg‘onada yashaydi. Uni yaqinlaridan ajratib, Toshkentga olib kelishni istamayman, deydi xonanda.
Raqqosalar bilan bog‘liq mojaro
Bir necha yil avval Otabek Muhammadzohid raqqosalar sabab to‘yxonada qo‘shiq aytishni istamagani va undan to‘y egalari ranjigani haqidagi xabar OAVda tarqalgandi.

— Farg‘onada 2 ta to‘yda juda qattiq asabim buzildi. Farg‘onada to‘yga borsak, xonanda aka-ukalarimiz, kuttirmasdan darrov navbat beradi. Bir to‘yda 5-10 daqiqa choy ichib o‘tirgim keldi. Shu joyda bir raqs guruhiga navbat berishdi. Raqqosalar arabcha, yarim-yalang‘och kiyimlarda Lazgiga raqsga tushib ketdi. Raqs tugashi bilan, hech kim eʼlon qilishini ham kutmay, mikrofonni shartta oldimda: “Kim chaqirdi bularni, qani bu guruhning rahbari?”, dedim.
Guruh rahbari yoshgina bir qiz ekan. O‘tirganlarga qarab: “Sizlarga ham hayronman, kim sizlarni o‘zbek deydi? Hozir shu yarim-yalang‘ochlarga qarsak chaldilaring-a? Bularni nimasiga qarsak chaldingiz?! Yarim-yalang‘och kiyimda Lazgiga raqsga tushishga kim ruxsat bergan?!”, deya, gapiradigan gapimni gapirib, “Bunaqa to‘yda qo‘shiq aytmayman”, deb chiqib ketdim.
Yana bir to‘yda xuddi shuning davomi bo‘ldi. Ko‘plab ayollar, hoji onalar o‘tirgan to‘yda qo‘shiq aytayotsam, yarim-yalang‘och to‘rt qiz “Tezroq tugating, biz raqsga tushishimiz kerak”, degan maʼnoda oldimga turib oldi. “O‘tir!”, dedim ularga. Kayfiyatim tushib ketib, “Bularni kim chaqirgan? Men erkak bo‘lib bularga qarashga uyalyapman. Kimga kerak shunaqa narsalar? Bu hayosizlik o‘zbekchiligimizga yarashadimi?”, deb o‘sha davradan ham chiqib ketdim, deydi xonanda.
“Singlimni qo‘llash akalik qarzim edi”
Ko‘pchilik Otabek Muhammadzohid o‘zidan ko‘ra ko‘proq singlisining ijodiga vaqt sarflagani va uni mashhurligi uchun intilgani haqida gapiradi. Xo‘sh, xonanda bu fikrga qanday munosabat bildiradi?

— Tan olish kerak, Gulsanamning ovoz imkoniyatlari menikiga nisbatan keng. Masalan, “Meni unut” qo‘shig‘ini 1995-yili ijro etganman. Ammo o‘zim istagandek chiqmagani uchun u qadar ommalashmagan. Qo‘shiqning o‘ziga xos nolalari bor, uni singlim maromiga yetkazib aytgan.
Ijodni boshlashiga qo‘ldan kelganicha yordam berganman. Bu mening akalik qarzim va farzim edi. Singillarimni yaxshi ko‘raman, doim ularni qo‘llab-quvvatlashga harakat qilaman, deydi xonanda.
“Onam hamisha tanqid qiladi”
Xonanda eng birinchi tanqidchisi onasi ekani va uni qaysi ishi uchun ko‘p tanqid qilishi haqida gapirdi.

— Onam sanʼatni juda yaxshi tushunadi, shuning uchun ham eng birinchi tanqidchimiz uning o‘zi. Menga “Ko‘p qochirim qilasan, bemaza qochirimlar tinglovchiga yoqmaydi”, deydi. Tanish ukalarim onamning “Qo‘shig‘ingda BQ ko‘p ekan”, degan gaplarini eshitib hayron bo‘lgan va bu musiqiy termin nima maʼnoni anglatishini so‘rashgan. “Bu hech qanday termin emas, bemaza qochirim so‘zlarining qisqartmasi”, deganimda kulishgandi. Onamning tanqidlariga quloq solib hech qachon kam bo‘lmaganman, deydi xonanda.
“‘Mayli telba denglar’dan ko‘nglim to‘lmaydi”
Otabek Muhammadzohid eng mashhur qo‘shiqlaridan biri “Mayli telba denglar” qo‘shig‘idan o‘zi qoniqmagani haqida gapirib berdi.
— San’atkor o‘ziga o‘zi mahliyo bo‘lgan kuni ijoddan to‘xtagan bo‘ladi. Shuning uchun men hamisha ijodimga tanqid ko‘zi bilan qarab, kamchilik topaman. “Mayli telba denglar”ni mendan ham yaxshi ijrochi aytganida yanada yaxshi bo‘lardi. Masalan, Botir Qodirov, Gulsanam, Yulduz Turdiyevalar aytib ko‘rsin-da. Ular yondiradi. Men shu qo‘shiq studiyada ilk marta yozilganidagi ovoz yozuvlarini eshitsam, ko‘nglim to‘lmaydi. Boshqalar “Siz eng zo‘risiz” deb turgani bilan, qayerda xato ketgani, qayerda ovoz nojoiz ketgani, talaffuz — xatolarni o‘zim ko‘rib, ichimda bilib turaman.
Xonanda turk shou-biznesida ijod qilishi mumkinmi?
Otabek Muhammadzohid turk tilida erkin qo‘shiq aytib, hatto she’rlar yoza oladi.

— 18—20 yoshim Turkiyada o‘tgani uchun u yerga ko‘p talpinaman. Shuning uchun u yerda biror festival bo‘ladi deyishsa, qo‘shoyoqlab yuguraman. Oldin ham, hozir ham turk san’atida faoliyat yuritish fikri bo‘lmagan. Avval o‘z diyorimda nimanidir uddalab qo‘yay, meni tan olishsin. Keyin yurtimdan ortib boshqa joyga chiqsam, yarashadi. O‘z vatanimda biror narsani qoyilmaqom qilolmagan odam qanday qilib boshqa davlatda nimanidir qoyil qilib berishim mumkin?
Masalan, Gulsanamxonga qilib bergan “Qandoq go‘zal seni sevmoq” qo‘shig‘imni birinchi turk tilida yozganman. Keyin “Odamlar hozir buni eshitib, asli turkcha qo‘shiq deydi” deb, to‘xta, shu qo‘shiq turkcha bo‘lib ketmasin deb, o‘zimning she’rimni o‘zbekchaga tarjima qilganman. Manmanlik emas, turk tilidagi biror she’rni olib, turkiy ohanglarda bastalab, yangi qo‘shiq qila olish iste’dodini Alloh bergan. Ammo biz turkcha aytib, ularni qoyil qoldiramiz, deb o‘ylashimiz xato fikr. Undan ko‘ra, o‘zimizning qo‘shiqlarni ularga o‘tkazishimiz kerak, deydi serqirra xonanda.
“Ozodbek bilan yaqin do‘stmiz”
Otabek Muhammadzohid do‘sti, bir vaqtning o‘zida rahbari Ozodbek Nazarbekov bilan munosabati qanday?

— Rahbarlik faqat ishda. Eng qizig‘i, biz, ya’ni uni azaldan taniydigan san’atkorlar eng fidoyi xodimi bo‘lib berishimiz kerak. Boshqalar qilishni istamaydigan eng qora ishlarni ham biz qilib berishimiz kerak. O‘ziga shukr, bizga bu bolani Parvardigor shu ishlarda rahbar qilib berdi. Shaxs sifatida nazari to‘q, iroda, e’tiqodi kuchli. Agar biz unga qanot bo‘lmasak, uni vazir bo‘lib ishlashidan naf bo‘lmaydi, deydi u madaniyat vaziri bilan do‘stligi haqida.
“Bog‘imdan faqat o‘z ehtiyojim uchun foydalanaman”

— Ochig‘ini aytsam, dehqonchilik va bog‘dorchilikka qiziqmayman. Ammo shahardan tashqarida bog‘ tashkil qilganmiz. Chunki ijodkor ahli hamisha sokin, bahavo joyga borib, ijod qilishni istaydi. Shu maqsadda shahardan chekkaroqda yer olib, 5—6 tupdan turli mevalar va bodom ko‘chatlarini ektirganman. Yoz kunlari u yerga borib, hordiq chiqaramiz. Tabiat qo‘ynida yaratilgan ijod mahsuli ham go‘zal bo‘ladi. Misol uchun “Mayli telba denglar” qo‘shig‘i ham aynan o‘sha bog‘da yaratilgan. Daraxtlarga bog‘bon yigit qaraydi, u yerdan katta daromad olmaymiz. Ammo yozda mazali mevalar dasturxonimizdan arimaydi, deydi xonanda Otabek Muhammadzohid.

Otabek Muhammadzohid oilasi haqida gapirishni unchalik istamaydi. Uning uch qiz va bir o‘g‘il farzandi bor.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


