Mashhurlar

“Tangalik bolalar”dagi Zokir, “Suyunchi”dagi Sayfulla — mashhur filmlardagi aktyor bolalar hozir qanday ko‘rinishda?

pic
Foto: Daryo.uz

Loading

Barchaga birdek qadrdon bo‘lishga ulgurgan o‘zbek filmlaridagi bolakaylarning kinodan keyingi taqdiri ko‘pchilikka qiziq bo‘lsa kerak. Quyida mashhur filmlardagi aktyor bolalarning taqdiri qanday kechgani haqida Daryo so‘z yuritgan.

“Alpomish” filmidagi Alpomish — Azamatali Qalandarov 

“Alpomish” xalq dostonining 1000 yilligi munosabati bilan 2000-yilda “O‘zbekkino” tomonidan Habibulla Fayziyev rejissyorligi asosida suratga olingan filmda bosh rolni surxondaryolik sportchi Azamatali Qalandarov ijro etgan. U O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan professional sportchi. Sportning karate turi bo‘yicha qator musobaqalar g‘olibi. Ushbu filmdan so‘ng u shu kunga qadar kinoda boshqa rol ijro etmagan.

— Film suratga olinganida 26 yoshda bo‘lganman, deydi film qahramoni Azamatali Qalandarov.

 “Suyunchi” filmidagi Sayfulla — Oybek Narzullayev

1982-yilda rejissyor Melis Abzalov tomonidan suratga olingan “Suyunchi” filmini ko‘rmagan odam bo‘lmasa kerak. Ushbu filmdagi qishloqning vijdoni deya ta’riflanadigan Anzirat buvining nabiralarini ham eslasangiz kerak. Nabiralardan biri — Sayfulla rolini Oybek Narzullayev gavdalantirgan. Uning o‘zi film yaratilayotgan vaqtda 15 yoshda bo‘lganini aytadi. 

“Suyunchi” filmidagi Salima — Tursunoy Zulimova 

“Suyunchi” filmidagi qizlarning sovchilarga choy olib kirish sahnasi syujetning eng yorqin epizodlaridan biri hisoblanadi. Filmdagi katta qiz Salima obrazini Tursunoy Zulimova ijro etgan. Sovchilarga choy olib kirilgan kadrlar aynan Tursunoy Zulimovaning ota uyida suratga olingan. 

“Suyunchi” filmidagi Karima — O‘g‘iloy Solmetova 

Filmda qizlardan biri Karima obrazini O‘g‘iloy Solmetova ijro etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu kinokartina suratga olinayotganda u 17 yoshda bo‘lgan va uch oy davomida filmning ijodiy jamoasiga ovqat tayyorlab bergan. 

“Suyunchi” filmidagi Nazira — Shahnoza Shamsiyeva 

“Suyunchi”dagi qaysar qiz Nazira obrazini Shahnoza Shamsiyeva ijro etgan. Aktrisa 1997-yildan beri Afrika qit’asidagi Zambiya respublikasida istiqomat qilib keladi. 

“Tangalik bolalar” filmidagi Zokir — Ibrohim Saidahmedov

“Tangalik bolalar” filmi qayta-qayta tomosha qilinsa ham, insonni zeriktirmaydi. Sababi film syujeti va undagi aktyorlar ijrosi o‘z maromiga yetkazib ishlangan. Filmdagi bolalar Doston va Nortoy keyinchalik ham media olamida ko‘rinish berishgan. Ammo Zokir rolidagi bolakay keyinchalik kino olamida ko‘rinmaydi. Sababi Zokir rolidagi aktyor Ibrohim Saidahmedov keyinchalik aktyorlikni emas, ota kasbini davom ettirishga qaror qilgan.

— Ko‘pchilik nimaga keyinchalik ham filmlarda ko‘rinmadingiz, deb so‘rashadi. Bilmadim, nima uchundir tijorat sohasi ko‘proq tosh bosgan. Shu bo‘yi ota kasbimni davom ettirib kelyapman, deydi Ibrohim Saidahmedov.

“Kichkina tabib” filmidagi Nigora — Barno Nishonova 

1998-yilda Zulfiqor Musoqov rejissyorligida suratga olingan “Kichkina tabib” filmi o‘z vaqtida eng mashhur loyihalardan biri bo‘lgan.

Kichkina tabib Doniyor — Dilshodbek Kattabekov ushbu filmdan so‘ng ham qator loyihalarda suratga tushib, hamon media olamida ko‘rinish berib turadi. Biroq film qahramoni Nigoraning rolini ijro etgan Barno Nishonova keyinchalik kino olamini tark etdi. 

— Skripkachi Nodir Hoshimovga turmushga chiqqanimdan so‘ng Amerika Qo‘shma Shtatlariga ko‘chib kelganman. Bugungi kunda uch farzandimiz va qaynona-qaynotam bilan AQShda yashab kelyapmiz, deydi Barno Nishonova. 

“Abdullajon” filmidagi Abdullajon — Shuhrat Qayumov

 “Abdullajon” filmidagi o‘zga sayyoralik bolakayning “Rais buvaning ketmoni hech qachon uchmaydi”, degan so‘zlari barchaning yodida bo‘lsa kerak. Hatto ushbu jumla mashhur iboraga aylanishga ham ulgurgan. Filmda kichik bolakay rolini Shuhrat Qayumov ijro etgan.  

— Filmga Zulfiqor Musoqovning o‘zi meni taklif qilgan. O‘shanda bor-yo‘g‘i 10 yoshda edim, deydi u. 

Qayumovning aytishicha, u “Abdullajon” filmidan keyin boshqa kartinalarda bosh rollarni oʻynamagan. Bunga sabab — “Men uchun kinoda rol oʻynashdan koʻra kino suratga olish ancha qiziqroq”, deydi u.

Maʼlum boʻlishicha, Shuhrat Qayumovning Illusion Pictures nomli oʻz prodyuserlik kompaniyasi bor va u 2003-yildan buyon xorij kinokompaniyalari bilan hamkorlikda filmlar suratga olmoqda.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.