Mashhurlar

“Mashhur qo‘shiq plagiat bo‘lib chiqdi”. Xonanda Shuhrat Daryo o‘g‘irlanayotgan taronalar va o‘zbeklarning “baqirib” kuylashi haqida gapirdi

pic
Foto: YouTube / @FeruzaBonu

Loading

Taniqli xonanda Shuhrat Daryo “O‘zimizning gap” ko‘rsatuvi uchun intervyu berib, hozir ommalashib borayotgan, ammo o‘g‘irlangan qo‘shiqlar, Farrux Fazelning “Bor” taronasi hamda o‘zining ijodiy uslubi haqida gapirdi. Daryo shular haqida yozmoqda.

“Bir qo‘shiq yoqqandi, plagiat bo‘lib chiqdi”

— Xalq sevib tinglaydigan yulduzimiz televizorda zo‘r qo‘shiq bilan chiqdi. Jo‘shib eshitdim. “Barakalla, zo‘r qo‘shiq qilibdi, zo‘r kuy bastalabdi” deb o‘tirsam, keyinroq internetda shuning originalini eshitib qoldim-da. Asl qo‘shiqda qiz bola aytgan-u, bu yerda o‘g‘il bola o‘sha musiqaga o‘zbekcha so‘zni qo‘yib, hammani o‘ynatib yotibdi. Buning uyat ekanini his qilish uchun qanday tarbiya, qanday did kerak? Yoki unga faqat olqish bo‘lsa bo‘ldimikan?

Bugungi kunda tinglovchilarning o‘zi ham biroz sabrsiz bo‘lib qolgan. Ballada qo‘shiqlarni hit qilish darajasiga ko‘tarish og‘ir bo‘lib qoldi. Ammo Farrux Fazel ballada usulidagi “Bor” qo‘shig‘ini hit qildi, baraka topsin. Menga yoqdi, juda chiroyli tarona chiqqan. 20—30 yoshdan oshgan odamlar eshitib, qabul qilib, yoqtiryapti. Bahodir ismli yana bir qo‘shiqchimiz “18 yosh” deb qo‘shiq aytdi, u ham 40 yoshdan oshganlar ichida hit bo‘ldi. Muhimi 30—40 dan oshgan so‘zni qadrlab, qo‘shiqlarni mazmuniga qarab tinglay olyapti. Aytmoqchi bo‘lganim, musiqiy did shakllanib, ancha o‘sdi, deydi Shuhrat Daryo.

“Turk yoki greklarning musiqasini o‘g‘irlab yulduz bo‘lish oson”

— Har bir ijodkor o‘zi uchun bir yo‘lni tanlaganida, u unga xotirjamlik, taskin berishi mumkin. Masalan, men hech qachon o‘zimcha qayerdandir so‘zlarni o‘g‘irlab, kuylamayman, albatta, birorta shoirning so‘zini qo‘shiq qilaman deb qaror qilganman. Musiqa yaralayotganda 3—4 ta nota kimningdir qo‘shig‘iga o‘xshab qolsa, o‘sha qo‘shiqdan voz kechaman. Ya’ni asarim hech kimnikiga o‘xshamasligi kerak. Eng yomon ko‘rgan narsam — plagiat. Ko‘pincha greklarning kuylari bizning tinglovchilarga xush keladi, o‘ynatadi. Greklar, ozarlar yoki turklarnikini shunday olib, o‘zbekcha so‘z qo‘yib mashhur bo‘lib olish hammaning qo‘lidan keladi. Qo‘lingizdan kelsa, o‘zingiz yangilik yaratib, yulduz bo‘ling, deydi xonanda.

“O‘zbeklar baqirib aytadi, deyishadi”

— Chet el safarida ko‘p bo‘laman. Turkiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Ozarbayjon. Ular bizning tilimizni juda yaxshi tushunishadi. Turklar “sizlarda qo‘shiq kuylanmaydi” deyishdi. Bu gap bilan nima demoqchisiz, desam, “sizlar baqirasizlar” dedi. Nahotki men ham baqirsam, desam, yo‘q, sizda unday emas ekan, ammo sizlarning aksariyatingizda baqirish, kuylash emas dedi. Xuddi shu so‘zlarni ozarbayjonliklar ham aytgan. Odam o‘zini professional qo‘shiqchi deb hisoblasa, bu tanbehlarni inobatga olib qo‘yishi kerak, deydi ijodkor.

To‘ylarda Shuhrat Daryodan o‘zidan kichik yoshdagi xonandalarning qo‘shiqlarini kuylab berishini so‘rashsa, rad etmaydimi?

— So‘rashadi, yoshi kichik yoki taniqli bo‘lmagan san’atkorning qo‘shig‘ini aytishni uyat hisoblamayman. Qaytanga, o‘rganib, aytishni xohlayman. Bu davraning talabi, davra bizni boqadi. Men “asardan katta” bo‘la olmayman. Asar hammaga yoqib bo‘lgan, uning hurmatini joyiga qo‘yish kerak. Balki men o‘zim tinglovchilarga yoqmasman. Men ko‘pgina san’atkorlarning qo‘shig‘ini yoddan bilaman — Ozodbek Nazarbekov, Alisher Fayz, Sevar Nazarxonning qo‘shiqlarini aytaman. Ulardan mening ham qo‘shig‘imni so‘rashadi. Davrani hurmat qilib, talabini qondirish kerak. Qo‘limdan kelmasa, madaniyat bilan “Uzr, bu qo‘shiqni hali yodlab olmagandim. Kelasi safar, albatta, yodlab olaman”, deyman.

Bir gala-konsertda ustoz Farrux Zokirovning “Layli” qo‘shig‘ini jonli kuylab berganman. Gulduros qarsak bo‘lib ketdi. Yulduzlik onlarimdan mast bo‘lib tursam, oldimga oppoq kostyum-shimlarda Farrux akaning o‘zi chiqib keldi. Birdan qaddimni rostlab turib olsam, “Yo‘q-yo‘q, sizda yaxshi chiqar ekan, Shuhratjon. Davom eting. Yaxshi kunlarga aytib yuring” deb fotiha bergan, deydi Shuhrat Daryo.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.