Mashhurlar

14 yil kutilgan farzand va o‘z doirachisiga turmushga chiqqan xonanda Gulasal Abdullayeva

pic
Foto: Daryo.uz

Loading

O‘zbek milliy estrada san’atida o‘z yo‘nalishiga ega xonanda, “Nihol” davlat mukofoti sovrindori Gulasal Abdullayeva shu yili 31 yoshni qarshi oldi. Shirali ovoz sohibasining hayot yo‘liga Daryo nazar tashladi. 

“14 yil kutilgan farzandman”

Xonanda Gulasal Abdullayeva 1995-yil Namangan viloyatida tavallud topgan. Xonandaning so‘zlariga ko‘ra, u oilasida uzoq kutilgan farzand hisoblanadi.

— Ota-onam tug‘ilishimni 14 yil kutishgan. Dunyoga kelganimda dadajonim xursand bo‘lib buvimning oldilariga borib “ona, qizli bo‘ldim, ismini nima qo‘yay”, deb so‘ragan ekan. O‘shanda buvim buvisining To‘xtaxon ismini qo‘yishni so‘ragan ekan. Keyin dadam bobomning oldiga borib, ularga ham qizli bo‘lganini aytgan ekan. Bobom ham o‘zining opasining ismini qo‘yinglar, deb aytgan ekan. Dadam ikkisining ham ko‘nglini og‘ritmaslik uchun xo‘p degan ekan-u, lekin har ikki ism ham eski zamonniki bo‘lgani uchun yuragi jiz etmagan ekan. Tug‘ilganlik haqidagi guvohnomamni olishga borganida o‘sha yerdagi opa ikkilanayotgan dadamga “o‘zingizga yoqqan ismni qo‘ying”, degan ekan. Shunda dadam qayerdadir Gulasal ismini eshitib, yoqtirib qolgani uchun shu ismni qo‘ygan ekan, deydi xonanda.

“Dadam qizim katta san’atkor bo‘lsin, deb duo qilardilar”

— Qishloqdagi qiz uchun san’at biroz qo‘rqinchli va uyatliroq hisoblanardi. Sababi hamma oila ham qishloq qizining san’atkor bo‘lishini to‘g‘ri qabul qilavermas edi. Lekin dadam mana shu qarashlarning birortasiga e’tibor bermagan. Aksincha, ular “qizim hali katta san’atkor bo‘ladi”, deb duo qilardilar. 

“Katta sahnaga chiqishimda ustoz san’atkor Ozodbek Nazarbekovning hissasi katta”

— Namangan san’at kollejiga endigina o‘qishga kirgan vaqtlarim edi. O‘sha yili “Nihol” mukofoti uchun tanlovning Namangan shahar bosqichi bo‘layotgandi. O‘shanda tanlov uchun hakamlikka Ozodbek Nazarbekov kelarkan, degan gaplar tarqaldi. Tanlovda 18 yoshdan boshlab qatnashish mumkin edi. Men bo‘lsa u vaqtda 17 yoshda edim. Shunday bo‘lsa ham Ozodbek Nazarbekovning muxlisi bo‘lganim sababli musobaqani kuzatish uchun borganman. Tanlov boshlandi. Zalning orqarog‘ida kuzatuvchi bo‘lib o‘tiribman. Hakamlik kursisida kollejimiz direktori Nortoji aya Yusupova va Ozodbek Nazarbekov o‘tiribdi. Sahnada kuylayotgan ishtirokchilarning birortasi ham Ozodbek ustozga ma’qul kelmagani uchun yaxshiroq aytadigan qatnashchi bor yoki yo‘qligini so‘raganida direktorimiz “bor”, deb meni sahnaga chiqargan. Tayyorlanmagan holimda sahnaga chiqib, qo‘shiq kuylagandim o‘shanda, deydi u.

Qo‘shiqni xirgoyi qilib bo‘lganimdan so‘ng birinchilardan bo‘lib ustozning o‘zi qarsak chaldi va mikrofonni olib, meni qayta sahnaga chaqirdi. “Milliy maqom yo‘nalishida qo‘shiq aytdingiz, milliy estradada ham kuylay olsangiz, bu yo‘nalishda ham nimadir aytib bering”, dedi. Xirgoyi qilib berdim va sahnani tark etdim. Biroz vaqt o‘tib viloyat bosqichiga o‘tganimni aytishdi. Lekin hali yoshim yetmagani uchun hakamlar tomonidan ozroq tortishuv bo‘lganidan so‘ng, o‘sha paytdagi bosh vazirning o‘zi ishtirok etaverishimni tasdiqlab berganidan so‘ng tanlovda qatnashaverdim. Tanlovning shahar, viloyat bosqichlari o‘tib, respublika bosqichiga yetganda esa yoshim ham konkurs mezoniga to‘g‘ri kelgan. Chunki bu paytga kelib 18 ga to‘lgandim, deydi Gulasal.

“2013-yilda ‘Nihol’ davlat mukofoti sovrindori bo‘ldim”

— 2013-yili “Nihol” davlat mukofoti sovrindori bo‘lganman. 2014-yilda Namangan san’at kollejini a’lo baholar bilan tugatib, so‘ng 2015-yilda O‘zbekiston davlat konservatoriyasiga grant asosida o‘qishga qabul qilinganman, deydi xonanda.

“O‘zicha siponi yoqib olgan, deyishadi”

— Kimdirlar meni ataylab ramkaga tushib olgan, shuning uchun sekin va muloyim gapiradi, deydi. Hattoki men haqimda “o‘zicha siponi yoqib olgan”, degan so‘zlarni ham eshitganman. Biroq bunday gaplarga e’tibor bermayman, o‘zimga ham olmayman. Chunki men hamma joyda: to‘yda, televideniyeda, uyda ham bir xil insonman. Tabiatim, oilaviy tarbiyam shunday bo‘lsa kerak. Hatto yoqtirmaydigan odamlarimga ham tabassum qilishga majbur bo‘laman.

“Bir safar tabassumimni deb ustozimdan gap eshitganman”

— Konservatoriyada birinchi kursda o‘qib yurgan kezlarim ko‘p davlat tadbirlariga qatnashardim. Mashg‘ulotlar sabab bo‘lib ko‘p dars qoldirardim va bir kuni darsga borganimda ustozimdan gap eshitganman. Auditoriyaga kirganimda talabalar ikki-uch guruh qo‘shilib ma‘ruza tinglashayotgan edi. Ustozim nechta dars qoldirganimni aytib, menga dakki berdi. Men bo‘lsa “xo‘p, ustoz” deb, odat bo‘lib qolgani uchun salgina nim tabassum qilib turgan bo‘lganman. Shunda ustozim buni ko‘rib battar koyib bergan. “Sizga dakki bersam-u, siz kulib turishingizni qarang”, degan edi o‘shanda. O‘ylab ko‘rilsa, balki ustozim tomondan qaralganda noto‘g‘ri ko‘rinar, lekin bizga rahmatli dadam “qizim, hattoki nigohing bilan ham birovga ozor berma.Har doim nim tabassum qilib yur. Hech kimga qovog‘ingni solib qarama”, derdi.

Gulasal Abdullayeva tabassum va ochiq chehra bilan yurishni o‘zining doimiy hamrohi qilib olgan bo‘lsa ham, tabiatan arazchi ekanini yashirmaydi. U bu odatini o‘zi ham yoqtirmasligini ta’kidlaydi.

“O‘z doirachimga turmushga chiqqanman”

Xonanda 2018-yilda musiqiy guruhida doirachi bo‘lib faoliyat ko‘rsatgan Kamol Otajonovga turmushga chiqqan. Intervyularidan birida u turmush o‘rtog‘i bilan qanday tanishgani haqida so‘zlab bergan.

— Ijodni 2013-yilda boshlagan bo‘lsam, 2014-yilda turmush o‘rtog‘im bilan tanishganmiz. Musiqiy guruhimga sozandalar yig‘ish payti edi. O‘shanda ular doirachi sifatida guruhimizga qo‘shilgan. Guruhdagi yigitlarning hammalari yosh, o‘zim tengi, ba’zilari mendan kichik edi. Lekin xo‘jayinim 1992-yil bo‘lsa ham, yoshi ancha katta ko‘rinardi.

Bir kuni shuncha yoshlar ichida katta yoshli kishi nima qilarkan, degan gap xayolimdan o‘tgandi. Keyin sekin-sekin salom-alik qilib gaplasha boshlaganimizda u kishining ham deyarli biz bilan tengdosh ekanini bilganman. Bir kuni o‘zlaridan yosh bo‘lsa ham, nima uchun katta ko‘rinishini so‘ragandim hatto. Keyinchalik bildimki, turmush o‘rtog‘im har doim qovog‘i solingan holda yurarkan. Balki shuning uchun ham yoshi katta ko‘ringan bo‘lsa kerak. So‘ng ularga kulib yursa, yosh ko‘rinishini aytganman. Fikrlashlari yaxshi, halol, ichmaydigan, chekmaydigan inson bo‘lgani uchun turmushga chiqish taklifini berganida ularning taklifiga rozi bo‘lganman. Shunday qilib Namangan viloyatidan Farg‘onaga kelin bo‘lganman, deydi xonanda.

“Otamga qilgan nohaqligimni hech ham kechirolmayman”

— Ota-onamni juda ham yaxshi ko‘raman. Buni yaqinlarim ham bilishadi. Toshkentda ham hovlimiz bor. Namangandagi hovlimizga ham yangi uy solgandik. O‘shanda dadam rahmatli ham ustalarga qo‘shilib baravar ishlagan edi. Ustalar g‘isht terishsa, ular ham qo‘shilib g‘isht terdilar. Ikki qavatli uyning tom qismini yopishda ham o‘zlari bosh-qosh bo‘ldi. Menga alam qilgani,  shunday issiq kunda dadamni ishlatib qo‘yganim bo‘ldi. Qo‘ying, dada, ustalar ishlayapti, siz dam oling, deyolmadim. To‘g‘ri, o‘sha uyda ota-onamning yayrab-yashnab yashashini xohlagan edim. Ammo nima bo‘lishini bilmas ekansiz. Ketar chog‘larida dadamni ishlatib qo‘yganim uchun o‘zimni hech ham kechirolmayman. 

“Dadam vafot etganida borolmadim”

Xonanda 2020-yilda otasini yo‘qotgan. Uning aytishicha, otasi vafot etgan chog‘da ilk farzandini dunyoga keltirgan bo‘lgan.

— Dadajonim ro‘za kunlari, qadr kechasida olamdan o‘tgan. Bu vaqtda shifoxonada bo‘lganim sababli ularning janozasida bo‘lolmay qoldim. O‘shanda domla yig‘layotgan yaqinlarimga “Yig‘lamanglar, nima uchun shunday ulug‘ kunlarda olamdan o‘tgan inson ortidan yig‘laysizlar? Hatto biz ham shunday kunni so‘rab yig‘laymiz. Bunday kunlarda jannatning hamma eshiklari ochiq bo‘ladi”, degan ekan. Ilohim, onajonimning umri uzoq bo‘lsin. Ota-onamdan juda-juda faxrlanaman. Dadajonim juda ham halol odam bo‘lgan. Agar yana qayta dunyoga kelish imkonim bo‘lganida, yana o‘z otam xonadonida tug‘ilishni istayman, deydi u. 

“Niyatim — Kumush rolini ijro etish”

— “O‘tkan kunlar”dagi Kumush rolini ijro etish orzum bor. Balki qachondir yaxshi kinorejissyordan shu rolni o‘ynashim uchun taklif ham tushib qolar. Yashirmayman, ko‘p kinolardan rol ijro etish taklifi berilgan. Ammo men xohlamaganman. Sababi berilgan rolni ko‘nglimdagiday ijro etolmasam, o‘zimning ham ko‘nglim xira bo‘lib qoladi. Menga ishonib rol bergan odamning ko‘ngli to‘lmay qolishidan qo‘rqaman. Ammo imkon bo‘lsa, faqat bir marta Kumush bo‘lgim bor, deydi xonanda.

Xonanda qachon o‘z yakkaxon konsertini beradi?

— Konsert berish niyatim yo‘q emas. Xudo xohlasa, nasib qilgan kun yakkaxon konsertimni muxlislarga taqdim etaman. Ochig‘ini aytaman, hozir konsert qo‘yaman, deb odamlarga majburlab bilet tarqatish niyatim yo‘q. Bu kabi voqealarni ham eshitganman. Qo‘shiqlarim muxlislarga manzur kelib, yakkaxon konsertimni kutishlarini, o‘zlari xohlab kelib, zalni to‘ldirib o‘tirishlarini havas qilaman.

Ikki farzandning onasi Gulasal Abdullayeva qo‘shimcha tadbirkorlikka ham qo‘l urgan san’atkorlardan. U 2024-yilda o‘z Instagram sahifasi orqali Namangan viloyatida Gulasal wedding nomli oqshom liboslari salonini ochganini ma’lum qilgan edi. 

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.