Buxoro yangiliklari
Aholining markazlashgan toza ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 69% ga yetadi
Buxoroda azaldan toza ichimlik suvi ta’minoti tanqis va dolzarb muammo bo‘lib kelgani hech kimga sir emas. Keyingi 4 yilda soha rivojiga xizmat qiluvchi investitsiya loyihalari samarasi o‘laroq, viloyat aholisining 1 million nafardan ortig‘i, toza ichimlik suvidan bahramand bo‘lgan. Shunga qaramasdan, bu boradagi past ko‘rsatkich Qorako‘l, Olot, Peshko‘, Jondor, G‘ijduvon va Shofirkon tumanlarida qolayotgani aniq maqsadga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar ko‘rishni taqozo etmoqda.
Bugunga kelib suvdan foydalanishni samarali tartibga solishni ta’minlash uchun mavjud resurslarni boshqarish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim amaliyotga joriy etilayotganini ko‘rish mumkin. Bu borada viloyatda 5 ta yirik loyiha amalga oshirilayotgan bo‘lib, ulardan 3 ta yirik loyiha nihoyasiga yetkazildi. Jumladan, dastlabki loyiha – qiymati 16,7 million Yevroga teng bo‘lgan Ispaniya Qirolligi kredit liniyasi asosida 2003–2006-yillar davomodi 4 ta yirik suv inshooti modernizatsiya qilinib, ishlab chiqarish quvvati 40% ga oshirildi va suv inshootlarni to‘liq, avtomatik tarzda boshqaruvga o‘tkazildi. Bir oyda o‘rtacha 519,5 ming kVt yoki bir yilda 6 ming 234 kVt elektr energiyasini tejashga erishildi.
Ikkinchi loyiha – Jahon banki kreditlari asosida Buxoro shahridagi suv tarmoqlarini rekonstruksiya qilish loyihasini amalga oshirilishi natijasida shahardagi 114 kilometr avariya holatiga kelib qolgan tarmoqlar yangidan qurildi. Suv sarfi hisobini yuritishning zamonaviy, avtomatlashtirilgan tizimi joriy qilindi. Bu tufayli 200 ming nafar aholining iste’molga yaroqli “obi hayot”ga bo‘lgan ehtiyoji qondirildi.
Uchinchi loyihaga muvofiq, Osiyo Taraqqiyot banki krediti asosida G‘ijduvon, Vobkent, Romitan, Peshko‘ va Buxoro tumanlari markazlarini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash hamda “Damxo‘ja” mintaqalararo suv quvurlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha qarib $25 000 000 miqdorda qurilish-montaj, ta’mirlash-tiklash ishlari bajarildi. Romitan, Peshko‘, Vobkent, G‘ijduvon, Buxoro tumanlarida 181,2 kilometr polietilen suv quvurlari yotqizildi. Mazkur loyiha natijasida shu tumanlar markazida yashovchi aholi davlat standart talablariga javob beradigan ichimlik suvi bilan ta’minlandi. “Damxo‘ja” suv ishlab chiqarish inshooti modernizatsiya kilinib, suv ishlab chiqarish quvvati bir kecha-kunduzda 215 ming metr kub hajmga yetkazildi.
Tahlillardan aniq aytishimiz mumkinki, yuqoridagi kabi yangilanishlar tufayli viloyatda aholini ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 35 foizdan 54,8 foizga oshirildi. Bu yo‘nalishdagi ishlar davom ettirilib, ayni kecha-kunduzda viloyatda 2 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda.
– Dastlabki loyihada Qorako‘l va Olot tumanlari aholisining iste’molga yaroqli suvga bo‘lgan talab va ehtiyojini yaxshilash maqsadida qiymati $139 000 000 bo‘lgan Jahon banki kreditlari asosida amalga oshirish ishlari yil yakuniga qadar to‘liq nihoyasiga yetkaziladi, – deydi “Buxoro suv ta’minoti” MCHJ rahbari vazifasini bajaruvchi Shoxruxali Sa’dullayev. — Bu harakat mazkur ikki tumanning 230 000 aholisi to‘liq toza ichimlik suvidan bahramand etiladi deganidir. Keyingi sa’y-harakat, ya’ni loyihada Jahon banki kreditlari asosida Buxoro va Samarqand shaharlari oqava tizimlarini rekonstruksiya qilish bo‘yicha umumiy qiymati $55 000 000 ga teng qiymatda ishlar boshlangan. Bu loyiha ham joriy yilning oxiriga qadar to‘liq yakunlanadi va Buxoro shahri oqava tizimi ta’minoti darajasi 52% dan 82% ga yetkaziladi.
Umuman, shu kabi loyihalarni amalga oshirish natijasida aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 69 foizga oshiriladi. Biroq bu yetarli emas, sababi, Buxoro viloyati aholisi 2 million nafarga yaqinlashgan bo‘lsa, uning yarmidan ortig‘i, ya’ni 54,8 foizi ayni kunda markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Qolgan 900 mingga yaqin aholiga esa maxsus texnikalar yordamida ichimlik suvi tashib yetkazib berilmoqda. Jumladan, Vobkent tumanida 62,1 ming, G‘ijduvon tumanida 195,2 ming, Shofirkon tumanida 128,4 ming, Jondor tumanida 119,2 ming, Peshko‘ tumanida 63,4 ming nafar aholi ana shunday tashima usulda toza ichimlik suvidan bahramand bo‘lmoqda.
Aholiga markazlashgan holda ichimlik suvi yetkazib berish manbalari xususida to‘xtalsak, jumladan, “Kuyu-Mozor suv ombori”, “Jo‘yzar” kanali “Zarafshon suv inshooti orqali, “Amu-Qorako‘l kanali”, “Damxo‘ja” mintaqalararo suv quvuri va 50 ta alohida turuvchi yer osti suv inshootlaridan foydalanib kelinmoqda. Viloyatdagi mavjud 4 ta yirik ichimlik suv olish inshootlarining loyihaviy quvvati sutkasiga 250 ming metr kubni tashkil kilib, amalda sutkasiga 170 ming metr kub quvvat bilan ishlatilmoqda. Shunga qaramasdan, bu tarmoqda jami 100 ta suv inshootidan 41 tasi ta’mirtalab ahvolda.
Shuningdek, mavjud gidroinshootlaridagi nasos agregatlari, suv burg‘ulash quduqlari ma’nan va jismonan eskirganligi, 3321,2 kilometr suv tarmoqlaridan 1132,5 kilometri ta’mirtalab holatda bo‘lganligi uchun energiya xarajatlari belgilangan me’yorlardan 25 foizgacha ortiqcha sarflanishiga sabab bo‘lmoqda. Viloyatda kanalizatsiya xizmati Buxoro va Kogon shaharlari hamda Qorovulbozor tumani markazida qisman mavjud bo‘lib, bu viloyat aholisining 1 million 700 mingdan ortig‘i talab va ehtiyojini qoplamoqda. Shuningdek, mavjud 208,7 kilometr kanalizatsiya tarmog‘idan 104,5 kilometr qismi va 23 ta oqava inshootidan 11 tasi ta’mirtalab ahvolda.
Yuqoridagilardan kelib chiqilganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 29-30 mart kunlari viloyatimizga tashrifi davomida Buxoro viloyatini to‘liq ichimlik suv ta’minoti va tuman markazlarida kanalizatsiya tizmini qurish bo‘yicha bergan topshiriqlariga asosan Osiyo infratuzulmaviy investitsiyalar banki (OIIB) mablag‘lari hisobidan hududdagi ichimlik suvi hamda kanalizatsiya tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish uchun 626,1 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ ajratishga doir tavsiya va topshiriqlar berilgan.
Hozirda ikki tomonlama kelishuvlarga asosan loyihani 2 ta ustuvor yo‘nalishda amalga oshirish belgilangan. Ilk yo‘nalishda Buxoro va Kogon shaharlari, Buxoro, Kogon, Romitan, Jondor, Peshko‘, Qorovulbozor tumanlari ichimlik suv ta’minoti, shuningdek, G‘ijduvon, Romitan, Olot, Qorako‘l, Qorovulbozor tumanlari markazlarini oqava tizimi bilan ta’minlash bo‘yicha texnik iqtisodiy asoslar ishlab chiqilgan. Mazkur loyihaning umumiy qiymati 437,62 million AQSH dollariga teng bo‘lib, jumladan, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki tomonidan 385,12 million AQSH dollari hamda respublikada soliq va bojxona faoliyatiga oid joriy etilgan imtiyozlar hisobidan 52,5 million AQSH dollari ajratilgan.
E’tiborlisi, loyiha doirasida viloyatda 2347,8 kilometr suv tarmog‘i, 45 ta suv inshootini qurish va rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, tuman markazlarida kanalizatsiya tizimini joriy etish uchun 612,7 kilometr oqava tarmog‘i hamda 66 ta oqava inshooti qurilishi belgilangan.
— Bundan tashqari, ikkinchi ustuvor yo‘nalish bo‘yicha — Vobkent, Shofirkon, G‘ijduvon tumanlarini ichimlik suv ta’minoti va Peshko‘, Vobkent, Jondor, Shofirkon, Kogon, Buxoro tumanlari markazlari hamda Buxoro va Kogon shaharlarini oqava tizimlarini qurish bo‘yicha taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra 310,4 million AQSH dollari talab etiladi, – deydi “Buxoro suv ta’minoti” MCHJ rahbari vazifasini bajaruvchi Shoxruxali Sa’dullayev. — Loyiha doirasida viloyatda jami 1 ming 239,9 kilometr suv tarmog‘ini, 36 ta gidroinshootni qurish va rekonstruksiya qilish ishlari bajarilishi rejalashtirilgan. Tumanlar markazida kanalizatsiya tizimini joriy etish uchun 623,9 kilometr oqava tarmog‘ini hamda 60 ta oqava inshooti qurilishi ko‘zda tutilgan. Hozirda aynan ikkinchi ustuvor yo‘nalish bo‘yicha texnik iqtisodiy asoslar tayyorlangan bo‘lib, respublika Vazirlar Mahkamasiga taqdim etilgan. Mazkur loyihalar to‘liq amalga oshirilgandan so‘ng viloyat aholisining 96,5 foizi markazlashgan holda toza ichimlik suvi bilan ta’minlanib, shahar va tuman markazlaridagi 710 ming nafar aholi markazlashgan kanalizatsiya tizimi bilan ta’minlanishi belgilangan.
Shu nuqtai nazardan, ayni paytda joylarda markazlashgan ichimlik suvi yetib bormagan aholi punktlarini toza ichimlik suvi bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan. Masalan, keyingi ikki yilda “Jahon banki” krediti ishtirokida maxsus “Olot va Qorako‘l tumanlarida ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash” loyihasi ishlab chiqilgani hudud aholisi uchun ham ayni muddao bo‘ldi. Bunda Amudaryodan sutkasiga 50 ming kub metr hajmda to‘ppadan-to‘g‘ri suv oluvchi “Dvoynik” majmuasi kapital rekonstruksiya qilinmoqda. Bu ishlar joriy yilda to‘liq yakuniga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.
Ta’kidlash kerakki, mamlakatimiz Prezidentining o‘tgan yillarda viloyatimizga amalga oshirgan rasmiy tashriflari davomida aynan ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash yuzasidan qator vazifalar belgilab berilgan. Shu boisdan 2020-2025 yillarda viloyatni to‘liq markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash loyihasi ustida ish boshlangan. Keng qamrovli bu loyiha doirasida 3 ta asosiy manbadan foydalanilishi nazarda tutilgan bo‘lib, “Quyu-mozor” suv ombori, “Damxo‘ja” bosh suv quvuri hamda Shofirkon tumanining “Jilvon” massividagi yerosti suv manbalarini qayta ochish va aholi manfaatlarini qondirish yuzasidan amaliy ishga o‘tilgan.
2018–2020-yillarda budjetdan ajratilgan 202,21 milliard so‘m sarmoya hisobiga viloyatdagi 78 ta obyekt va 690,4 kilometr suv, 40,3 kilometr kanalizatsiya tarmog‘i qurilgan hamda rekonstruksiya qilingan. Chunonchi, Shofirkon tumanida 24,9, Jondor tumanida 6,3 milliard so‘mlik ish bajarilib, natijada iste’mol qamrovi 32 foizdan oshirildi. Bu borada G‘ijduvon tumanida 10,9 milliard so‘mlik (natijadorlik 35,6 foiz), Romitan tumanida 5,1 milliard so‘mlik (iste’mol qamrovi 41 foiz) amalga oshirilgan ishlar aholi manfaatdorligiga xizmat qilmoqda. Shu yil yakuniga qadar viloyatda toza ichimlik suviga ehtiyoji yuqori bo‘lgan 87 ming nafar aholini qamrab olish ko‘zda tutilgan. Buning uchun 12 milliard so‘m mablag‘ moliyalashtirilmoqda.
Kogon tumani “Siyozpoyon” suv inshootida filtrlash jihozlari va suv tarmoqlarini kurish ishlari 2019 yilda “Obod qishloq” davlat dasturi asosida boshlangan. Ammo mablag‘ muammosi bois ishlar oxiriga yetkazilmagan. Ayni paytda esa “Inqirozga qarshi kurashish fondi” mablag‘i hisobidan 2 milliard so‘m ajratish va ishlarni sifatli yakunlash, muhimi, bu jarayonda hududdagi 5 ta aholi punktini ichimlik suvi bilan ta’minlash chorasi ko‘rilmoqda.
Shu tumandagi “Siyozpoyon” hamda Buxoro tumanidagi “Zarafshon” suv olish va tozalash inshootlarini ham ishga tushirish ikki yildirki, aro yo‘lda qolgan. “Zarafshon” uchun “Inqirozga qarshi kurashish fondi” hisobidan 3,2 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan. Ammo gidroinshoot uchun yana 5,5 milliard so‘m mablag‘ moliyalashtirilishi taqozo etilmoqda.
Tahlillardan ko‘rinishicha, o‘tgan yillar mobaynida viloyatimizda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida Ispaniya Qirolligi kredit liniyasi, “Jahon banki” hamda “Osiyo taraqqiyot banki” mablag‘lari hisobidan G‘ijduvon, Vobkent, Olot, Romitan, Peshko‘, Buxoro, Kogon tumanlarida, shuningdek, viloyat markazidagi qator gidroinshootlarda yangilanish va mukammal ta’mirlash ishlari olib borildi. Buxoro shahridagi 114 kilometr suv tarmog‘i kapital rekonstruksiya qilinib, texnologik jarayon to‘liq avtomatlashtirilgan tizimga o‘tkazildi.
Birgina “Jahon banki” kredit liniyasi ishtirokida Buxoro shahridagi 17 ta oqava nasos stansiyasi, 100 kilometrga yaqin kanalizatsiya tarmog‘ini qurish va rekonstruksiya qilish belgilangan bo‘lib, hozirda 15 ta oqava nasos stansiyasi, 78 kilometr kanalizatsiya tarmog‘i yangilandi. Shu yil yakuniga qadar bu borada barcha ish nihoyasiga yetkazilib, Buxoro va Kogon shaharlarida aholining kanalizatsiya xizmati bilan ta’minlanganlik darajasi 82 foizga yetkaziladi.
“Osiyo taraqqiyot banki” kredit liniyasiga binoan Buxoro, Romitan, Vobkent, G‘ijduvon, Peshko‘ tumanlarida istiqomat qilayotgan aholining 112 ming nafarining ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyoji qoplandi va gidroinshootlardagi suv yo‘qotishlari 20 foizga kamaytirildi.
Ochiq aytish lozimki, qilinayotgan ishlarga qaramasdan, aholining 5,5 foizi, jumladan, Gazli shaharchasi, Qorovulbozor Neftni qayta ishlash zavodi atrofida istiqomat qilayotgan aholi, G‘ijduvon tumanidagi qator aholi punktlari “Zarchashma”, “Obi hayot” va boshqa manbalar hisobidan ichimlik suvi bilan imkon qadar ta’minlangan bo‘lib, yagona billing tizimiga kiritilmagan. Aholining 17 foizi esa ko‘cha kolonkalaridan yoki tashib keltirish orqali “obi hayot”dan bahramand bo‘lmoqda. Tegishli qonunchilikka muvofiq, bir mas’ul shaxsga o‘lchov hisoblagich asosida biriktirilgan kolonkalarning har biridan 20 ta va undan ortiq xonadon foydalanmoqda. Ayni paytda iste’molchilarini yagona billing tizimiga kiritish ishlari boshlangan.
Shu kecha-kunduzda viloyatda soha tarmoqlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash, aholi talab va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda gidroinshootlar quvvatidan yetarli darajada foydalanish choralari ko‘rilmoqda. Sir emaski, hududda ichimlik suvi ta’minotida, suvoqava tizimida ta’mirga muhtoj ob’ektlar yetarlicha. Ayniqsa, bu jihat ko‘p qavatli uy-joylar misolida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Shu boisdan, har bir ko‘p qavatli uy tegishli bo‘lgan Uy-joy mulkdorlari shirkatlari bilan hamkorlikda ish olib borilib, iqtisodiy nochor sub’ektlardagi ayni ahvol manzilli o‘rganilmoqda. Muammolarni bartaraf etish uchun moliyaviy manbalar, shirkatlarning bank kreditlariga oid qarzdorliklarini bartaraf etish yo‘llari qidirilmoqda.
Albatta, yuqoridagi kabi sa’y-harakatlardan kutilayotgan natijalar ahamiyati ham beqiyos. Avvalo, viloyat aholisining aksariyatini toza ichimlik suvi bilan ta’minlashga erishilishi barobarida zamonaviy va energiya tejamkor nasoslarni o‘rnatish energiya harajatlarini va operatsion harajatlarni 30 foizgacha kamaytiradi.
Xuddi shunday, ichimlik suvini yetkazib berishda yo‘qotishlar va sizib chiqishlarni, hamda suvdan irratsional foydalanishni kamaytirish, shahar va tuman markazlarida aholining markazlashgan kanalizatsiya qamroviga erishish juda muhim. Qolaversa, viloyatimizda ekologik va sanitariya-epidemiologik vaziyatni yaxshilash, aholi salomatligini barqaror saqlashda toza ichimlik suvining nechog‘li ahamiyat kasb etishini ortiqcha izohlashga hojat yo‘q. Qator o‘tkir yuqumli kasaliklar, difteriya, o‘tkir ichak-oshqozon kasalliklari, jigar va o‘t qopi xastaliklari oddiy iste’mol qilinayotgan suv sifatiga uzviy bog‘liq ekanini vrach mutaxassislarimiz ham bot-bot uqtirishlari bejiz emas. Boshqacha aytganda, tozalanmagan yoki kam ishlov berilgan oqova suvlarni ariq, zovurlarga oqizish natijasida aholining kasallanish darajasini kamaytirishga ham hissa qo‘shiladi.
Shofirkon tumanining shimoli-sharqiy qismidagi ba’zi aholi punktlari, jumladan, Jo‘yrabod, Jilvon, Horin, Navro‘z, Kalon hamda Ko‘hna Kalon, Jabbor Sattorov, Dorigar, Mahallaqozi kabi qishloqlar aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash harakatlari mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlangan desak, mubolag‘a emas. O‘sha paytlari mavjud “Jo‘yrabot” suv inshooti ishlab chiqarish quvvatidan yetarli darajada foydalanilmaganligi, nasos agregatlar va quvur tarmoqlarining eskirib, yaroqsiz holga kelgani sababidan bu nuqtadan uzatilayotgan “obi hayot” chekka hududgacha yetib bormagan, natijada gidroinshoot mukammal ta’mirga muhtoj holga kelib qolgandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi hamda 2018-yil 19-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2019-yilga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari tug‘risida”gi qarorlari ta’bir joiz bo‘lsa, tizimning ana shunday “og‘riqli” jabhalariga qayta hayot bag‘ishladi.
— Suv tozalash gidroinshootini mukammal ta’mirlash va talab darajasida jihozlantirishga 2019 yilgi Investitsiya dasturi doirasida 3,14 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan va “Obod qishloq” davlat dasturiga muvofiq aynan “Jo‘yrabod” MFY tarkibidagi aholi punktlarini vodoprovodlashtirish-plastmass quvur tortish uchun 2,3 milliard so‘mga teng qurilish-montaj ishlari bajarilgan, – deydi “Buxoro suv ta’minot” MCHJ Shofirkon tumani filiali boshlig‘i Anvar Bekmurodov. — Jumladan, 2 ta suv olish qudug‘i, 2 ta 200 metr kub hajmdagi rezervuar qayta ta’mirdan chiqarilgan. Mavjud nasos stansiyasi rekonstruksiya qilingan. Ob’ektga kirish binosi, 11,8 kilometrga teng ichki tarmoq, 2,4 kilometrli suv tarmog‘i qurib, ishga tushirildi va ob’ekt atrofi obodonlashtirilgan. Bu ishda bosh pudratchi–“Temiryo‘lmaxsusqurilishmontaj” MCHJ jamoasining alohida jonbozligi bor.
Eng muhimi, bu obyekt endilikda hududdagi qishloqlarda istiqomat qilayotgan qariyb 19 ming nafar aholini iste’molga yaroqli toza ichimlik suvi bilan ta’minlash imkonini berdi. 2020 yil dastlabki oyiga kelib birgina Shofirkon tumanida xuddi shunday 5 ta gidroinshoot mukammal ta’mirdan chiqarilib, foydalanishga topshirilgani, bu sa’y-harakat samarasi o‘laroq, o‘ttizdan ortiq qishloq ahlining toza ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyoji qondirilayotgani albatta, katta yutuq.
Faqat shugina emas, Shofirkon tumani miqyosida “Jo‘ynav”, “Zarchabek”, “Arabxona”, “Sho‘robod” kabi gidroinshootlarda ham o‘tgan uch yilda davlat investitsiya dasturlari asosida keng ko‘lamdagi ta’mirlash-tiklash, modernizatsiyalashtirish ishlari amalga oshirildi. Jumladan, “Jo‘ynav”da “Sheyxon magistral qurilish” qurilish-pudrat korxonasi tomonidan 4 milliard 350 million so‘mlik, “Zarchabek”da “Elektro bur stroy” MCHJ tomonidan 6 milliard 120 million so‘mlik, “Arabxona” gidroinshootida “Kogon rem stroy komplekt” MCHJ tomonidan 4 milliard 350 million so‘mlik, “Sho‘robod” gidroinshootida “Buxoro gidroinshoot ta’mir” MCHJ tomonidan 4 milliard 350 million so‘mlik qiymatdagi ishlar bajarilib, inshootlar foydalanishga topshirilgan.
Bundan tashqari, 2020-yildan e’tiboran Shofirkon tumanining Boboato qishlog‘ida 6,4 kilometr suv tarmog‘ini qurish, 1,5 kilometr suv tarmog‘ini rekonstruksiya qilish, Talisafed qishlog‘ida 7 kilometr suv tarmog‘i va 3,5 kilometr quvurni ta’mirlash, tuman markazida esa 10,8 kilometrdan iborat suv quvurini qayta ta’mirlash ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda. Bu loyihalarga mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “Elektro bur stroy”, “Salim ota FAMILY”, “STORYSERVIS” kabi pudrat korxonalari tomonidan umumiy qiymati 14 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ moliyalashtirilgan. Ayni paytda tuman markazida borayotgan ishlar 9,6 kilometrga uddalangan.
Buxoro viloyati hokimligi Matbuot xizmati ma’lumotlari asosida
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi