Islom

Savdogar kishi shubhali narsalardan yiroqda bo‘lishi juda ham zarur

pic
Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

Loading

Tijoratda ko‘p uchrab turadigan shubhali, noaniq, aslini bilib bo‘lmaydigan, shuning bilan birga, shariatdagi hukmi noaniq bo‘lgan savdo mollaridan uzoqda bo‘lish tojir uchun o‘ta muhimdir. Musulmon tojir bunday narsalarning hukmini biladigan olimlardan so‘rab olib, keyin sotsa, haromdan saqlangan bo‘ladi.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, halol ochiq-oydindir. Albatta, harom ochiq-oydindir. Va ikkovlari orasida shubhali narsalar bordir. U  shubhali narsalarni odamlarning ko‘plari bilmaslar. Bas, kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘si uchun poklangan bo‘ladi. Kim shubhalarga tushsa, haromga tushadi”, dedilar.

Ushbu hadisi sharif eng ulug‘ hadislardan hisoblanadi. Ulamolarimiz: “Bu hadis Islomga mador bo‘lgan uchta hadisning biridir, shuning uchun uni Islomning uchdan biri desak bo‘ladi”, deyishgan.

Bu hadisi sharifning ulug‘ligi shundaki, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam unda taom, ichimlik, kiyim, nikoh va boshqa hamma sohalardagi narsalarning halol bo‘lishi qoidasini bayon qilib berganlar.

Shuningdek, u zot bu hadisda harom narsalarni ham bayon qilib, kishilarni halolga urinib, haromdan hazar qilishga chaqiradilar. Shu bilan birga, halol bilan haromning o‘rtasida shubhali narsalar borligini, dini va obro‘sini pok saqlashni istagan odam shubhali narsalardan ehtiyot bo‘lishi lozimligini ta’kidladilar. Shubhali narsalarga yaqinlashish xuddi podshoh o‘zi uchun xos qilgan qo‘riqxona yonida hayvon boqishdek xatarli ekanini bayon qiladilar.

So‘ngida esa bu jabhada eng muhim masala qalb masalasi ekanini, halol-haromda qalb solih bo‘lishi lozimligini tushuntiradilar.

Imom Ibn Arabiy: “Birgina ushbu hadisning o‘zidan hamma ahkomlarni chiqarib olish mumkin”, deganlar.

Imom Qurtubiy esa: “Bu hadis halol va boshqa narsalarni batafsil ravishda hamda barcha amallar qalbga bog‘liq ekanini o‘z ichiga olgandir. Shuning uchun ham barcha ahkomlarni unga qaytarib, solishtirib ko‘rish mumkin”, deganlar.

Manba:

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.