Buxoro yangiliklari

Sog‘liqni saqlash vaziri Buxoroda: Har bir xodim ishga bo‘lgan munosabatini tubdan o‘zgartirishi kerak

photo
Foto: Buxoro viloyat SSB

Loading

Tibbiyot sohasida aholini o‘ylantirayotgan dolzarb muammolar mavjud bo‘lib, ularni tezkor va manzilli hal etish uchun joylardagi haqiqiy vaziyatni o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu maqsadda kuni kecha Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov Buxoro viloyatida bo‘lib, hududlarda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyati hamda bemorlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

O‘rganishlar davomida aniqlanishicha, ayrim muammo va kamchiliklarning asosiy sababi ba’zi rahbar va xodimlarning loqaydligi hamda mas’uliyatsizligi bilan bog‘liq.

Ta’kidlanishicha, viloyat sog‘liqni saqlash tizimida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlar yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagan. Korrupsion holatlarni ildizi bilan bartaraf etishga qaratilgan profilaktik choralar samarali tashkil etilmagan.

Xususan, kadrlarni ishga qabul qilish va davlat xaridlarini amalga oshirish jarayonlarida korrupsiyaviy xavf-xatarlar saqlanib qolayotgani qayd etildi.

Shuningdek, tizimda ayrim xodimlar tomonidan manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilayotgani ta’kidlandi. Bunday holatlar, ayniqsa, Buxoro shahri, Romitan, Kogon va Vobkent tumanlarida ko‘proq kuzatilgan.

Tahlillarga ko‘ra, joriy yilning dastlabki besh oyida viloyatdagi tibbiyot muassasalariga kelib tushgan murojaatlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 foizga oshgan.

Murojaatlar soni bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlar Buxoro shahri, G‘ijduvon va Shofirkon tumanlarida qayd etilgan. Bundan tashqari, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan 41 ta murojaat o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmagani aniqlangan.

Sog‘liqni saqlash vazirining Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida o‘tkazilgan tanqidiy-tahliliy yig‘ilishda ushbu va boshqa masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Yig‘ilishda viloyatdagi barcha tibbiyot muassasalarida korrupsiyaga nisbatan keskin va murosasiz munosabatni shakllantirish zarurligi alohida ta’kidlandi.

“Ishimizga xolis bahoni xalq beradi. Xalq ishonchini oqlash uchun esa har bir xodim, eng avvalo, ishga bo‘lgan munosabatini tubdan o‘zgartirishi kerak. Bundan buyon tizimni korrupsiyaga moyil bo‘lgan xodimlardan tozalash bo‘yicha qat’iy choralar ko‘ramiz”, — dedi vazir Eldor Adilov.

Yig‘ilish yakunida hududda “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha alohida yo‘l xaritasi hamda tug‘ruq muassasalari faoliyatida korrupsiyaviy omillarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanib, ijroga yo‘naltirildi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.