O‘zbekiston

Nazr qilish taqdirni o‘zgartiradimi?

pic
Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

Loading

Musulmon kishi hamisha farz amallardan tashqari uni Alloh taologa sevikli banda qiladigan turli nafl ibodatlarga ehtiyoj sezadi. Ammo bu toatlarni tark etishga ham ruxsat berilgan. Bu qurbatlar uni oliy darajalarga, ulug‘ saodatga yetkazadi. Biroq, inson tabiati tark etishga ruxsat berilgan ibodatlarni bajarishda sustkashlik qiladi. Chunki unda nafsni qiynash hamda uni mashaqqatga solish bor.

Agar inson mana shu ibodatlarni o‘ziga vojib qilib olsa, nafsini ularni ado qilishga majburlaydi va vafo qilishga urinadi. Bu esa nazr qilish orqali ro‘yobga chiqadi.

Bizning mazhabimizda nazr qilish mandub amal hisoblanadi. Nazr qilgandan keyin esa unga vafo qilish esa vojibga aylanadi.

Xalqimiz orasida “agar farzand ko‘rsam, Alloh uchun faqirlarga falon narsani sadaqa qilaman”, “agar o‘qishga kirsam Alloh uchun falon kun ro‘za tutib beraman” degan gaplar bilan nazr qilish keng tarqalgan. Nazr qiluvchilar odatda ado etiladigan ibodatlarni kelajakda bo‘lishini istagan biror muhim narsaga bog‘lab nazr qiladilar.

Shunda insonda “nazr taqdirni o‘zgartirishi mumkin” degan fikr paydo bo‘lishi mumkin. Chunki, ular ba’zan “nazr qilgan ibodatim men bo‘lishini istagan narsamni ro‘yobga chiqaradi” degan umidda bo‘lishadi. Bu gap qanchalik haqli. Bu haqda Kitob va sunnatda nima deyilgan. Quyida ana shu savollarga javob topishga urinib ko‘ramiz.

Alloh subhanahu taolo har bir narsani o‘z qadari bilan yaratgan. Shunga ko‘ra natijalarga olib boradigan turli xil sabablar ham taqdir qilib qo‘yilgan bo‘ladi. Chunki, bu olam aslida sababiyat olamidir. Haq taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:

إِنَّا كُلَّ شَيْءٍ خَلَقْنَاهُ بِقَدَرٍ

Ma’nosi: “Albatta biz har bir narsani o‘lchov bilan yaratdik”.

Nazr ham taqdir qilingan sabablardan hisoblanadi. Sabablar esa faqat Alloh taoloning xohish-irodasi ostida joriy bo‘ladi. Ularning barchasini Alloh taolo O‘z ilmi bilan belgilab qo‘ygan.
Ibn Arabiy aytadilar: “Nazr ham duoga o‘xshaydi. Shuning uchun u qadarni qaytarmaydi. Ammo nazr ham duo kabi qadardandir”.

Anas roziyallohu anhuda rivoyat qilingan marfu’ hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

إِنَّ الصدَقَةَ تَدفَعُ مِيتَةَ السُوءِ

Ma’nosi: “Albatta sadaqa o‘lim yomonligini daf qiladi”.

E’tibor beradigan bo‘lsak, ushbu hadisning zohiri hamda Ibn Arabiyning “nazr qadarni qaytarmaydi” degan so‘zlari qarama-qarshi kelib qolyapti. Ulamolar ikkalasining o‘rtasini quyidagicha jamlaganlar. Sadaqa o‘lim yomonligini daf qiladigan sababdir. Shuning uchun sabablar voqealardan oldin yuzaga chiqadi. Ular o‘sha hodisalar bo‘lishidan avval yuzaga chiqishi belgilab qo‘yilgan bo‘ladi.

قد قال صلى الله عليه و سلم لمن سأله عن الرقى هل ترد من قدر الله شيئا قال هي من قدر الله

Habibimiz sollallohu alayhi vasallamdan “tumor taqdirdagi biror narsani qaytaradimi?!” deya savol bergan kishiga: “u taqdirdandir” deb javob berganlar. Abu Dovud va Hokim rivoyat qilgan.

Umar ibn Xattob roziyallohu anhu Shomga ketayotgan paytlarida, u yerda o‘lat tarqagani haqida eshitib, Madinaga qaytishga qaror qilganlar. Shunda Abu Ubayda ibn Jarroh roziyallohu anhu Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan “ey mo‘minlar amiri Allohning taqdiridan qochasizmi?!” deb so‘raganlarida, u kishi “Allohning taqdiridan Allohning taqdiriga qochamiz” deb javob qaytarganlar.

Tibbiyotning, davolashning shariatga kiritilishi, rizq talabida harakat qilish va shunga o‘xshashlar barchasi Yaratuvchi Zot belgilab qo‘ygan sabablar hisoblanadi. Ana shu ma’noda nazr ham taqdirni o‘zgartirmaydi. Chunki, uning o‘zi ham taqdirning ichidagi narsa sanaladi. Ya’ni taqdiriga nazr qilish bitilgan kishigina nazr qilishga muvaffaq bo‘ladi.

Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.