Munajjimlar bashorati
Bog‘chada farroshlik qilgan, xorijlik xonanda bilan olgan klipidan uyaladigan, 3 nikohi ham muvaffaqiyatsiz yakunlangan Ruxshona
Nafaqat qo‘shiqlari, balki filmlardagi rollari orqali ham tanilgan xonanda Ruxshona 21-mart sanasida 32 yoshni qarshiladi. Ota mehriga to‘ymagan, bog‘chada farrosh bo‘lgan, uch nikohi ham muvaffaqiyatsiz yakunlangan xonanda hozirda faqat onasi, farzandlari va o‘zi uchun yashamoqda. Ruxshonaning tug‘ilgan kuni munosabati bilan uning hayoti va ijodiy faoliyatiga nazar solamiz.
“12 yoshgacha baxtli bola edim”
Navro‘z bayrami kuni tug‘ilgan xonanda oilada yolg‘iz farzand. Ota-onasi bolaligida ajrashib ketgan — onasi uni yolg‘iz tarbiyalagan.

— Onam meni dunyoga keltirishlaridan avval to‘rt marta farzandlari bo‘lmay qolgan. Meni to‘qqiz oy ibodatda yurib dunyoga keltirganlar. Shuning uchun ota-ona bir aka-uka, opa-singlim yo‘q. Keyinchalik ularning bachadonlarini kista sabab olib tashlashgan.
O‘n ikki yoshgacha baxtli, ota mehrini his qilgan farzand edim. Ammo o‘sha yillari negadir ota-onam ko‘p janjallashadigan bo‘lib qolishdi. Janjallarning oxiri onamning kaltak yeyishi bilan yakunlanardi. Bir kuni onamning telefondagi suhbatini eshitib qoldim. “Xotinim kasal, 6 oylik umri qoldi deb uylangandi. Bolalariga qaradim, ammo xotini sog‘aygach, bizga butunlay befarq bo‘lib qoldi. Uning ustiga yana bir ayolga uylanib olibdi”, deb yig‘lab gapirardi. Shunda dadamning nima uchun kamnamo ekanligini tushundim. Ro‘zg‘orga pul sarflamas, onam so‘rasa, jahli chiqib, “Qaysi biringga yetkazay”, deb baqirardi. Bir kuni dadam “Sen emas, qizim uchun bu yerga kelyapman”, deganidan keyin o‘zimda kuch topib “Men uchun majburan yashayotgan bo‘lsangiz, mayli ajrashinglar, faqat janjallashmanglar”, deb baqirib yuborganman. Chunki janjallar meni hayotdan bezdirib qo‘ygandi, deydi xonanda intervyularining birida.https://www.youtube.com/embed/XtXK7Z1IKC8
“Asli qayerliksiz, deyishsa o‘ylanib qolaman”
Xonanda sanʼatga mehr onasidan o‘tgani, ammo oiladagi moddiy imkoniyatlar sabab birorta musiqa to‘garagiga qatnasholmaganini eslaydi.

— Onam bilan hamisha sirdosh, do‘st bo‘lganman. Ona ham qiziga suyanib qolarkan, qiz ham shu qatorda onasini eng yaxshi sirdosh deb bilarkan. Onam hamisha qo‘llab-quvvatlaydi, buning uchun rahmat aytaman. Otam asli samarqandlik bo‘lib, harbiy sohada ishlagan. Onam esa ota tomondan namanganlik, buvim esa piskentlik bo‘lgan. Xullas, “Asli qayerliksiz?” deyishsa, o‘ylanib qolaman. Sanʼatga qiziqishimga, shubhasiz, onam sababchi bo‘lgan. Bolalikdan to‘garaklarga olib borib, kichik qobiliyatimni rivojlantirgan. Ammo mustaqil ijod boshlashimga onamning moddiy imkoniyati bo‘lmagan.
Bir kuni dadam meni mashinasida maktabga olib borishi haqida aytib qoldi. Rosa quvongandim, mashinaga o‘tirdim. U zarur ish bilan mashinadan tushganidan old o‘rindiq yonidagi qutida ko‘p pul borligini ko‘rdim. Ammo o‘sha vaqtda dadam maktab ehtiyojlarim uchun ham pul berishni istamasdi. To‘garaklar haqidagi gap bo‘lishi mumkin emas, deydi Ruxshona.
“Bog‘cha mudirasi aldab ishlatgan”
Xonanda ota-onasi ajrashganidan keyin oilasi moddiy jihatdan tang ahvolga tushib qolgani va u ham ishlashni boshlagani haqida eslaydi.

— Ishlashni juda erta boshlaganman. Ilk ish joyim bog‘cha bo‘lgan. U yerda farroshlik qilardim, keyin tagliklarni almashtirish vazifasi menga tushgan. Ammo maoshi juda kam edi. Gavdali qiz bo‘lganim uchun meni yoshi kattaroq deb bilishardi, shu bois qahvaxonaga ishga kirganman. Yaxshi ishlab yurgandim, ammo bir kuni juda xunuk voqea yuz bergan. Tug‘ilgan kunni nishonlagan yigitlar hisobni berishimni so‘rashdi, so‘ng pullarni hisoblab menga qarab sochishdi. Bunday hurmatsizlikka chidolmay, qo‘limdagi patnis bilan boshiga urib, qochib ketganman. Bu voqeadan keyin qahvaxonada ishlolmadim.
Yana bog‘chaga qaytib bordim. Mudira o‘rinbosari farrosh o‘rni band ekanligini aytib, bolalarga pianino va musiqadan dars berishimni so‘radi. Oyiga bor-yo‘g‘i 30 ming so‘m oylikka kelishdik. Ammo uch oy davomida ishlatib, haqqimni bermadi. So‘raganimda esa “Sen kim eding, tanimayman”, deb turib oldi. O‘sha kuni uyimga yig‘lab kelgandim. Chunki o‘n kundan keyin maktab boshlanishi kerak edi, u pulga o‘quv qurollari olishni rejalashtirib qo‘ygandim, deydi xonanda Ruxshona.
“So‘nggi pulimizni sarflab, kastingga borganman”
Xonanda ro‘zg‘ordagi so‘nggi pulni sarflab, kastingda ishtirok etgani va uning qo‘shig‘ini Jahongir Ortiqxo‘jayev ham tinglaganini eslaydi.

— Bir kuni dugonam qo‘ng‘iroq qilib, qandaydir kasting haqida aytib qoldi. U bergan raqamga qo‘ng‘iroq qilsam, kotiba qiz kasting yarim soatda yakunlanishi haqida aytdi. Onamga qo‘ng‘iroq qildim va kastingga borish niyatimni aytdim. “Mayli, bolam borib ko‘r, hammasi yaxshi bo‘ladi”, dedi. Ammo muammo shundaki, avtobusda borsam, kech qolardim. Shunda oylikkacha yetishi kerak bo‘lgan so‘nggi 15 ming so‘mni olib, taksida borishimni aytdi.
Aytilgan manzilga borsam, u yerda bir guruh sanʼatkorlar va Jahongir Ortiqxo‘jayev ham bor ekan. Ularga rus va ingliz tillaridagi qo‘shiqlarni aytib berdim. “Qizim o‘zbekcha qo‘shiq ham bilasanmi?” dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev. Feruza Jumaniyozovaning birgina “Jang-jang” degan qo‘shig‘ini bilardim. Shuni aytib berganman va katta orzu umidlar bilan uyga qaytganman. Bir necha kundan keyin kastingdan muvaffaqiyatli o‘tganimni maʼlum qilishgan. U paytda mendan baxtli odam yo‘q edi. O‘shanda hamma kasting ishtirokchilari pasport bilan borishgandi, men esa bor-yo‘g‘i 15 yosh bo‘lganim uchun tug‘ilganlik guvohnomasini berganman, deydi Ruxshona.
Omadli qo‘shiq va filmlar
2010-yili ijodini boshlagan Ruxshonaning “ko‘tarilishi” u qadar qiyin kechmaydi. Chunki “Yuragim” nomli ilk qo‘shig‘i muvaffaqiyatli chiqadi va u ham hamma prodyuserlik kompaniyasining yulduzlari singari filmlarning yuziga aylanadi.
— U paytlari xonandalarning filmlarda suratga tushishi urfga aylangandi. “Shomurod va Durdona”, “Enagalar”, “Zamonaviy sovchilar” kabi filmlarda suratga tushganman. Ozmi-ko‘pmi, bu filmlar ham o‘z muxlislarini topgan, deydi xonanda Ruxshona.
“Keyinchalik qilgan ishingizda uyalarkansiz”
2010—2011-yillar xonanda uchun omadli kelgan. U xorijlik mashhur xonanda Avraam Russo bilan duet kuylagan va klip suratga oldirgan. Ammo xonanda haligacha bu qo‘shiqdan uyalishi va shu bois uni rasmiy sahifalarga joylamagani haqida aytib o‘tadi.

— Yoshlikda ertani o‘ylamay ish qilinarkan. Ertaga oila qursam, farzandli bo‘lsam, ularga nima deb tushuntiraman, deb o‘ylamas ekansiz. Ammo keyinchalik bu ishdan uyalarkansiz. Hozir bu qo‘shiqdan uyalaman, shu boisdan ham uni rasmiy sahifalarimga joylamaganman. Uni eshitmay qo‘yganimga ham ancha vaqt bo‘lgan. Keyinchalik baribir farzandlaringizdan uyalarkansiz, deydi xonanda Ruxshona.
“Onam xavotir olgandi”
Ruxshona tengdoshlariga nisbatan ancha erta oila qurgan. U turmushga chiqqanida 20 yoshda edi, shunday bo‘lsa-da, ijodda o‘z o‘rnini topgan va qo‘shiqlari yoshlar orasida ancha ommalashgandi. Hozir u sobiq turmush o‘rtog‘i Sanjar Matkarimov haqida gapirishni istamaydi, ammo o‘sha paytlari u nega u insonga turmushga chiqqani haqida to‘lib-toshib gapirgandi.

— Biz avvaldan tanish bo‘lganmiz, chunki u kishining yaxshi kliplar suratga olishini bilardim. Ishlarini kuzatib borardim. Ammo ancha vaqtgacha bu haqda sir saqlaganmiz. Shu bois restoran yoki ko‘ngilochar joylarda uchrashmasdik. Qizlik uyimning yonida ko‘prik bo‘lardi, ilk uchrashuvimiz ham, to‘y taklifi ham shu yerda bo‘lgan. Onam avvaliga biroz xavotir olgan, ammo Sanjar aka bilan gaplashgach, to‘yimizga rozi bo‘lgan, deydi xonanda Ruxshona.
“Otamni oxirgi marta to‘yim kuni ko‘rgandim”

— Onaning taqdiri bolada takrorlanadi, degan gap bor. Bu ba’zan haqiqatga aylanishi mumkin. O‘ylab qarasam, hayotim butunlay sinovlardan iborat ekan. Ko‘p tanishlarim Yaratgan suygan bandasiga sinov beradi, deyishadi. Shularni eslab Yaratgan meni juda qattiq suyarkan-da, deb kulib qo‘yaman.
2014-yilda otam to‘yim kuni yonimga kelib, oq fotiha berganlar. O‘shandan buyon haligacha ularni qaytib ko‘rmadim. Na yashash manzillarini, na telefonlarini bilaman. To‘yim kuni onamning ishxonasidagi erkaklar dadamga xabar berib to‘yimga olib kelishgan bo‘lgan. Ularni 12 yoshimda uyimizdan ketganlaridan keyin ko‘rmagandim. O‘sha vaqtda bizdan boshqa oilalari borligini men bilib qolganman. Onam bu haqda bilganlaridan keyin ham 24 yil sabr qilib yashaganlar. Otamning boshqa yana ikkita oilasi bo‘lgan, deydi Ruxshona.
“Turmush o‘rtog‘im mendan avval ham uylangan ekan”
2014-yilda rejissyor Sanjar Matkarimov va xonanda va boshlovchi Ruxshona turmush qurishgan. Oila yetti yillik hayotlari davomida bir o‘g‘il va qiz farzandli bo‘lgan. Xonandaning so‘zlariga ko‘ra, sobiq turmush o‘rtog‘i unga uylangunga qadar ham oilali bo‘lgan va buni undan yashirgan. To‘ylari o‘tgan bo‘lsa-da, “ZAGS”dan o‘tishi kechikkan Ruxshona buning sababini so‘raganida qaynonasi o‘g‘lining boshqa ayoli borligini, ammo sud ularni ajratmayotganini aytgan.

“Mana endi homiladorligingiz haqida hujjatni olib borsangiz, sud ularni ajratadi, so‘ng “ZAGS” dan ham o‘taverasizlar”, degan. Bu gaplar Ruxshonaga garchi og‘ir botgan bo‘lsa ham ko‘z yumgan. Biroq baribir keyinchalik oilada nizolar kelib chiqa boshlagan. Sobiq turmush o‘rtog‘i xonandaga qo‘l ko‘tara boshlagan. Ijtimoiy tarmoqda dugonasi bilan bir video yuzasidan muhokamasini yozib olib tarqatib yuborganidan so‘ng ajrimga, qo‘l ko‘targani uchun jinoiy ishga va videoni tarqatgani uchun sudga ariza topshirgan. Shu tariqa ular 2021-yilda ajrashishgan.
— Uch yil ichida ajrim, bolalar, mol-mulk, jinoiy ish, video tarqatish bo‘yicha sud bo‘ldi. Besh xil yo‘nalishda har kuni sudma-sud yurardim. U insonning maqsadi meni boshimni ko‘tarolmay qolishgacha olib borish edi. Buni o‘zi ajrim boshida ham SMS orqali yozgandi. “Bolalarim rasmingga qarab hatto yuzingni eslolmaydigan bo‘ladi hali” degan SMSlari haligacha bor menda, deydi u.
Omadli boshlangan nikoh va ko‘ngilsiz yakun
Juftlikning to‘ng‘ich farzandi Habiba 2015-yilda, o‘g‘li Shukurbek esa 2016-yilda tug‘ilgan. Ularning nikohi ikkisi uchun ham omadli kelgan. Boisi xonanda turmush o‘rtog‘i bilan “Yurakkinam”, “Yana”, “Imkon bo‘lsa” va “Yur” kabi qo‘shiqlariga klip suratga olgan. Ruxshona boshlovchiligida rejissyorning “Bola tilidan” nomli ko‘rsatuvi telekanallar orasida bir necha bor eng reytingi baland ko‘rsatuv sifatida eʼtirof etilgan. Sanjar Matkarimov Ruxshonaning “Yurakkinam” klipida rol ijro etib, aktyorlik mahoratini namoyish etgandi. Afsuski, bu er-xotin ijodkorlarning so‘nggi ijodiy ishi bo‘ldi.
Buzilgan oila…

Xonanda Ruxshona 2021-yilning oktyabr oyida turmush o‘rtog‘i, rejissyor Sanjar Matkarimov bilan ajrashganini maʼlum qildi. Shundan so‘ng u “Bola tilidan” ko‘rsatuvi boshlovchiligidan ham ketdi. Ko‘p o‘tmay ko‘rsatuvni aktrisa Aziza Yoqubova olib bora boshladi. Bu orada Azizaning Ruxshona va Sanjar Matkarimov ajrashishiga sababchi ekani haqidagi mish-mishlar tarqaldi. Blogerlardan biri aslida Azizaga tegishli bo‘lmagan audioni tarqatib, Aziza Yoqubova Ruxshonaning oilasini buzgani haqida xabar tarqatdi. Aziza Yoqubova ushbu gap-so‘zlarga nuqta qo‘yish maqsadida blogerni izlab topdi va uni omma oldida kechirim so‘rashga majbur qildi.
Ruxshona ishtirokidagi ko‘rsatuv ko‘pchilikka manzur bo‘lgani uchunmi, tomoshabinlar undan keyingi boshlovchilarni u qadar yaxshi qabul qilishmadi. Shu bois boshlovchilar ketma-ket o‘zgardi yoki boshqa sabablar tufayli ular ishlashni istashmadi.
“Eri juda rashkchi edi”
Xonanda Nigora “Mirsodiqova bilan” YouTube-kanaliga bergan intervyusida klipmeyker Sanjar Matkarimov va xonanda Ruxshonaning darz ketgan oilasi haqida ham gapirib o‘tdi.

— Eri judayam rashkchi, Ruxshona ham chiroyli ayol. Ko‘rishishga u-bu joyga yubormasdilar. Qoyil qolaman shu qizga, oilasidagi biror narsani hech qachon tashqariga bildirmagan. Endi mana, yig‘ilib kelganlari chiqib kelayotgandir. Lekin shu paytgacha erim bunaqa edi, qaynonam unaqa edi, degan gap bo‘lmagan. Erim rashk qiladilar, bora olmayman, tushunasizlar, deb aytardi. Hattoki bolalarimizning tug‘ilgan kunlarida ham farzandlaringni olib kel, tanishsin bir-biri bilan, der edik, nimaga olib kelmaysan, deb jahlimiz ham chiqar edi. Keyin yana o‘zimizga nima ham derdik, er xo‘p desa xo‘p, yo‘q desa yo‘q, deymiz. Biz hech narsa qila olmaymiz, jim turamiz. Ko‘p joyga yubormas edi, shuni bilaman, deydi xonanda.
Afsuski, katta orzu-umidlar bilan qurilgan oilaga darz ketdi. Ajrimdan avval Sanjar Matkarimov turmush o‘rtog‘iga yetkazgan yengil tan jarohati, ijtimoiy tarmoqlar orqali shaʼnini toptagani va haqorat qilgani uchun 2 yil-u bir oyga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Undan keyin ajrim va bolalar otasini ko‘rishni istamasligi bilan bog‘liq videolar ham ko‘plab shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.
Ikkinchi turmush…

Shu kabi mojarolardan so‘ng Ruxshona 2024-yilning 28-oktyabrida Ruxshona ikkinchi bor Ulug‘bek ismli yigitga turmushga chiqdi. Katta to‘y marosimi poytaxtdagi restoranlardan birida o‘tkazildi. To‘yda o‘zbek shou-biznesining ko‘plab mashhur vakillari xizmatda bo‘lishdi. Ular to‘ydan so‘ng Ummonning Salala kurortiga sayohatga jo‘nab ketdi. Biroq chiroyli boshlangan ushbu turmush ham yakuniga yetdi.
Muvaffaqiyatsiz uchinchi nikoh

2025-yilning yozida xonanda Doniyor ismli DJ bilan yashayotganini ma’lum qildi. Juftlik Sharm ash-Shayxda asal oyini o‘tkazib keldi. Biroq bir necha oy davom etgan munosabatlar muvaffaqiyatsiz yakunlaganini Ruxshona Instagram’dagi storisi orqali bildirdi. U muxlislarining turmush o‘rtog‘i haqidagi savoliga “Men o‘zimga o‘zim xo‘jayinman” deya javob berdi.
“Dadam shu yoshimgacha xabar olgani yo‘q”

— Mashinam yo‘qligida taksiga chiqdim. Yonimda bir kishi ketyapti, qarib ketgan, jussasi kichraygan va qorayib ketgan xunuk erkak. Yaxshilab qarasam, adam ekan. G‘am odamni yeb qo‘yarkan. O‘girilib ketdim. Hozir 30 yoshman, turmush qurdim, ajrashdim. Ammo shu kungacha biror marta adam kelib “qizim, hayoting bo‘lmabdi, nima bo‘ldi”, degani yo‘q. Xabar olishlarini haligacha kutaman. To‘g‘ri, hozir menga otalik qilolmaslar, ammo men 12 yoshgacha u insonning mehrini his qilganman. Meni erkalab, onash qizim, deb o‘zlari bilan olib yurganlar. Taqdir ekan, onam bilan hayotlari o‘xshamadi, ajrashish peshanada yozilgandir. Ammo men farzandlariman-ku. Eng qizig‘i, o‘zim ota mehriga zor bo‘lib ulg‘aydim va bu bolalarimning taqdirida ham takrorlandi, deydi xonanda Ruxshona.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xo‘jayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


