Buxoro yangiliklari

Buxorolik hojilar safarlarini yakunlab qaytishdi

photo 420

Loading

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita axborot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatimizda joriy yil «Haj-2022» mavsumida o‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun kvotalar miqdori o‘tgan yillardagi 7 200 kishidan 10 865 nafarga oshirilgani muqaddas ziyoratni ixtiyor etganlar uchun yaratilgan qulaylikdir. Davlatimiz hukumatining Saudiya Arabistoni tomoni bilan olib borilgan muzokaralardan so‘ng joriy yil o‘zbekistonliklar uchun umumiy haj kvotasi oshirilgan.

Hukumatimiz tomonidan olib borilgan puxta tayyorgarlik tufayli o‘zbekistonlik ziyoratchilar shu yil 18–30-iyun kunlari Toshkent – Madina, Buxoro – Madina, Namangan – Madina, Samarqand – Madina, Qarshi – Madina, Urganch – Madina, Nukus – Madina yo‘nalishlari bo‘yicha haj safariga kuzatilgan edi. Bu muqaddas ziyoratga birgina Buxoro viloyatidan joriy yilda jami 11 ta guruhda 522 nafar yurtdoshimiz izzat-ikrom bilan jo‘natildi. Ularning Islom dini arkonlaridan biri Haj safarini ko‘ngildagidek amalga oshirishlari uchun hukumatimiz, viloyat hokimligi, qolaversa respublika Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan barcha zarur shart-sharoit yaratilgani quvonarli, albatta.

Muqaddas amalni bajarib, ona yurtga yorug‘ yuz va yuksak maqom bilan qaytgan hojilarimizni kutib olish marosimlari ham viloyatimizda tantanali ravishda tashkillashtirildi. Dastlab 30-iyul kuni soat 11:20 da Buxoro viloyatidan bo‘lgan 37 nafar ziyoratchi Buxoro temir yo‘l vokzalida kutib olingan bo‘lsa, yana 245 nafar ziyoratchimiz soat 20:40 da, qolgan barcha hojilarimiz Navoiy viloyatidan muqaddas safarga otlangan yurtdoshlarimiz bilan birga bugun, 31-iyul kuni soat 05:30 da va tushki soat 12:00 da havo yo‘li orqali “Jidda – Buxoro” yo‘nalishida viloyatimizga yetib kelishdi. Ziyoratchilarning kutib olinishini tartibli tashkil etish maqsadida viloyat IIB hamda O‘zbekiston Milliy gvardiyasining Buxoro viloyat bo‘yicha boshqarmasi tomonidan jamoat tartibini saqlash bo‘yicha xavfsizlik choralari ko‘rildi. Qolaversa, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi va sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati viloyat markazi xodimlari tomonidan haj ziyoratidan qaytgan yurtdoshlarimiz guruh rahbarlari boshchiligida tartibli ravishda aeroport chegara o‘tkazish punktida koronavirus infeksiyasiga bepul ekspress-antigen test ko‘rigidan ham o‘tkazildilar.

Muhimi, 1 oy davomida Makka va Madina shaharlarida bo‘lgan viloyatdoshlarimiz muqaddas Haj amalining barcha ruknlarini bajarib, ziyoratning eng so‘nggi bosqichi hisoblangan vidolashuv tavofini ham ado etib qaytdilar.

[metaslider id=4101 cssclass=»»]

Yuzlarida ulug‘ ziyorat fayzi, shukronalik hissi va yurt sog‘inchi ifodasi ko‘rinib turgan hojilar davlat va jamoat tashkilotlari vakillari tomonidan hurmat va ehtirom bilan kutib olindi.

Hojilarimiz aeroportdan uylariga kuzatildi. Endilikda el ichida munosib hurmat va sharafga sazovor hojilarimiz o‘zlarining ibratli fazilatlari, jamiyat hayotidagi faol ishtiroklari bilan yosh avlodimizni el-yurtga sadoqatli va hidoyat yo‘lidan boradigan halol-pok insonlar etib tarbiyalashga munosib hissalarini qo‘shadilar.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 23-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.