Islom

Er va xotin farzand ko‘rish borasida ojizligi va ular bir sabab ekanligini insonlarga bildirish maqsadida Alloh taolo ayrim oilalarni tug‘mas qilib qo‘yadi

photo 584

Loading

Farzand – Allohning ne’mati

Bismillahir Rohmanir Rohiym. Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin. Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Alloh taolo insonlarga behisob ne’matlarni bergan, ularning har biri qadrli va fazilatlidir. Avvalo har bir mo‘min eng qadrli bo‘lgan ne’mat – iymon va ilm ne’matidir. Bu ikki ne’mat mujassam bo‘lgan taqdirda ruyobga chiqadigan eng ulug‘ ne’mat – Allohga qullikni izhor qilishga sabab bo‘ladigan ibodatdir. Shuningdek ko‘rish, eshitish, gapirish, sezish, tafakkur, aql, farosat, qo‘l, oyoq kabi ne’matlarni sanasak, hargiz sanog‘iga yetib bo‘lmaydi. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: “Agar sizlar Allohning ne’matlarini sanasangiz, sanog‘iga yetolmaysizlar” (Ibrohim surasi, 34-oyat).

Ana shunday ne’matlardan biri, bu farzand ne’matidir. Bu ne’matning ulug‘ligini, uni Alloh taolodan boshqa zot bera olmasligini to‘liq anglab yetish uchun befarzandlarning holiga nazar solish kerak. Ana shunda inson farzand ne’mati qanchalik ulug‘ ne’mat ekanini tushunadi. Demak, har bir ota-ona ularga farzandni Alloh taolodan boshqa hech qanday zot bera olmasligini chuqur his qilishlari zarur. Har bir bolaning sog‘-salomat tug‘ilishi butun insoniyat uchun Allohning tengsiz lutfu karami, in’omi va marhamati ekanini anglab yetish uchun Qur’oni karimga bir nazar solishning o‘zi yetarli.

Alloh taolo “Sho‘ro” surasida bunday marhamat qiladi: “Osmonlaru yerning mulki Allohnikidir. (U zot) xohlagan narsasini yaratur. (U zot) xohlagan kishiga qizlar hadya etur va xohlagan kishiga o‘g‘illar hadya etur. Yoki ularni juftlab – o‘g‘il-qiz qilib berur va xohlagan kishisini tug‘mas qilur. Albatta, U Aliym va Qodiyrdir” (49-50 oyatlar).

Darhaqiqat, “Osmonlaru yerning mulki Allohnikidir”. Tafakkur qilinsa bizni qurshab turgan borliq osmonlar, yer, quyosh, oy, yulduzlar, maxluqotlar va o‘simliklarni Alloh taolo yaratgan. Demak, borliqdagi hamma narsaning haqiqiy egasi Alloh taolodir. Mulkning egasi Alloh bo‘lgani uchun “( U zot) xohlagan narsasini yaratur”. Yo‘qdan paydo qilish, yaratish sifati Allohga oiddir. O‘g‘il yoki qizni ham Alloh yaratadi. Bu yaratishga hech kim aralasha olmaydi.

“(U zot) xohlagan kishiga qizlar hadya etur va xohlagan kishiga o‘g‘illar hadya etur”. Alloh “xohlagan kishiga qizlar hadya etur”. Ayrim oilalar faqat qizlardan iborat bo‘ladi. O‘g‘il farzand ko‘rish maqsadida diniy va dunyoviy sabablarni qilishadi. Agar qanday farzand ko‘rish irodasi insonga tegishli bo‘lsa, o‘zi xohlagan vaqtda, xohlagan farzandga ega bo‘lar edi.

Demak, o‘g‘il yoki qiz bo‘lishi Allohning irodasiga bog‘liq ekan. Inson bu masalada ojiz. Shuningdek, “va xohlagan kishiga o‘g‘illar hadya etur”. Ayrim oilalar faqat o‘g‘illardan iborat bo‘ladi. Qiz farzandga muhtoj bo‘ladi. Insonning qiz farzandga ega bo‘lishida ham o‘zida ixtiyor yo‘q, bu ham Allohning irodasiga bog‘liq ekan. “Yoki ularni juftlab – o‘g‘il-qiz qilib berur”. O‘g‘il va qizdan iborat oilalar odatda jamiyatda ko‘p uchraydi. Aralash farzand ko‘rish ham Allohning irodasiga bog‘liqdir.

“Va xohlagan kishisini tug‘mas qilur”. Er va xotin farzand ko‘rish borasida ojizligi va ular bir sabab ekanligini insonlarga bildirish maqsadida Alloh taolo ayrim oilalarni tug‘mas qilib qo‘yadi. Farzandga zor bo‘lib mutaxassislarga ko‘rinib yurishadi, lekin insonning farzand ko‘rishi Allohning irodasiga bog‘liqligi uchun farzand ne’matidan bebahra bo‘lib o‘tib ketishadi. “Albatta, U A’liym va Qodiyrdir”.

Ya’ni, Alloh hamma ishni bilib qiladi. Hohlagan bandasiga qiz, xohlagan bandasiga o‘g‘il va xohlagan bandasini tug‘mas qilib qo‘yadi. Bu ishlar Allohga osondir, chunki U zot barcha ishga qodirdir.

Farzand tug‘ilishi ko‘p takrorlangani sababli, insonlar orasida er-xotinlik munosabatidan keyin farzand tug‘iladi degan noto‘g‘ri tushuncha mavjud. Homilaning paydo bo‘lishi, uning rivojlanib borishi va onadan sog‘-omon tug‘ilishi bu – Allohning irodasi va insoniyatga qilgan lutfi-karamidir. Homilaning rivojlanishi va sog‘lom tug‘ilishi insonga bog‘liq emasligin eslatish maqsadida Alloh insondan ozgina marhamatini burib qo‘ysa, homila 2 yoki 3 oyligida nobud bo‘lishi mumkin.

Homila 9 oylik bo‘lganidan keyin ham eson-omon tug‘ilishiga hech kim kafolat bermaydi. Alloh marhamatini homiladan burib qo‘ysa, homila tug‘ilish vaqtida vafot etishi mumkin. Ayrim hollarda tug‘ruq holatida ayollar vafot etadi. Gohida tug‘ruq vaqtida Alloh marhamat qilmasa ayol ham, bola ham vafot etishi mumkin. Demak, homilaning rivojlanishi, bolaning sog‘lom holatda dunyoga kelishi Allohning bandasiga qilgan lutfu-karami va marhamati tufaylidir. Alloh taolo kimga farzand ne’matini bersa, banda o‘sha ne’matga shukr qilishi kerak. Shukr qilish 3 xil bo‘ladi:

Qalb bilan shukr qilish – har bir ne’matni Alloh taolodan boshqa hech kim bera olmasligini inson qalbdan his qilishi lozim. Farzand ne’matini berganligi uchun Allohga qalbi bilan shukr qilishi kerak.

Til bilan shukr qilish – inson o‘ziga yetgan ne’matga qalbi bilan shukr qilsa, bu shukr keyinchalik tiliga o‘tadi. Ya’ni, farzandni bergan Alloh taologa hamd va maqtov so‘zlarni aytadi.

Amaliy shukr – ne’matni ne’mat beruvchini rozi qiladigan qilib tasarruf qilishga qilishga amaliy shukr deyiladi. Alloh taolo bir kishiga farzand bersa, unga ne’mat beribdi. Banda Alloh taoloni rozi qilmoqchi bo‘lsa, farzandni Allohni taniydigan, Uning buyruqlarini bajaradigan, qaytariqlaridan qaytadigan, chin musulmon qilib tarbiyalashi shart bo‘ladi. Demak, inson farzandini e’tiqodli, tarbiyali, insonlar, jamiyat va vatanining manfaatiga xizmat qiladigan inson qilib voyaga yetkazsa, Allohning ne’matiga shukr qilgan bo‘ladi.

Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 23-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.