Islom

Farishtalar yer yuzida sodir bo‘ladigan narsalar haqida bulutlar orasida gaplashganlarida, jinlar ularning bitta so‘zlarini eshitadilar va uni folbinlarning quloqlariga kelib quyib ketadilar. U so‘zga jinlar 100 ta yolg‘onni qo‘shadilar

photo 593

Loading

Folbinlarga ishonmang!

Parvardigori olam o‘zining ilmi azaliysi bilan hamma voqea va hodisalarni oldindan biladi. Lekin O‘zining hikmati bilan bandalarini imtihon qilish uchun g‘aybiy ishlarni va kelajakda bo‘ladigan voqealarni sir tutadi. Islom aqidasidek ochiq, aniq va ravshan aqidani anglamaslik har bir inson, har bir jamiyat uchun juda ham xavflidir. Folbinlarning oldiga borgan kishilar turli maqsad bilan borishadi, ularning aksari o‘z kelajaklarini bilishga qiziqadilar. Ammo oddiy bir farosat bilan o‘ylab ko‘rishmaydiki, borayotgan joylarida o‘tirgan odam xuddi o‘zlari kabi bir odam. Agar folbin bo‘lib, kelajakni bilsa, nima uchun turli konlarni topib, lotoreyalarni o‘ynab boyib ketmagan? Nima uchun kambag‘al va xor bo‘lib yashamoqda? Faybni biladigan odamga yarashadimi bu holat?! Butun olamlarni yaratgan Alloh taoloning ilm va qudrati cheksizdir. Hech bir sifatda uning misli va o‘xshashi yo‘qdir.

Alloh taolo marhamat qiladiki: “Ayting: «Allohdan boshqa osmonlar va Yerdagi biror kimsa g‘aybni bilmas». Ular qachon qayta tirilishlarini ham seza olmaslar” (Naml surasi, 65-oyat).

Boshqa bir oyatda: “Gʻayb (yashirin sirlar) kalitlari Uning huzuridadir. Ularni Undan o‘zga bilmas. Yana, quruqlik va dengizdagi narsalarni (ham) bilur. Biror yaproq (uzilib) tushsa (ham) uni bilur. Yer zulmatlari (qa’ri) dagi urug‘ bo‘lmasin, ho‘lu quruq bo‘lmasin, (hammasi) aniq Kitob (Lavhul-Mahfuz) da (yozilgan) dir” (An’om surasi, 59-oyat).

Inson bilib-bilmay gunohga qo‘l uradi. Agar aqli yetsa, iymoni bo‘lsa, Allohdan qo‘rqsa, gunohi uchun tavba qiladi va qaytib bu gunohga qo‘l urmaydi. Ammo teskarisi bo‘lsa, Allohning g‘azabiga uchraydi, bu dunyoda ham, u dunyoda ham. Ammo shunday gunohi kabiralar bor-ki, u shirkka olib borishi va kishining ikki dunyosini kuydirib yuborishi mumkin. Ana shunday gunohlardan folbinlik, folga ishonish, sehr-jodu va munajjimlik gapimizga misol bo‘la oladi.

Bu mavzu haqidagi muborak hadisi shariflarda shunday deyiladi: Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Farishtalar yer yuzida sodir bo‘ladigan narsalar haqida bulutlar orasida gaplashganlarida, jinlar ularning bitta so‘zlarini eshitadilar va uni folbinlarning quloqlariga kelib (idishga suv quygandek) quyib ketadilar va u so‘zga jinlar yuzta yolg‘onni qo‘shadilar».

Bundan ko‘rinib turibdiki, folbinlar jin va shaytonlar bilan aloqa qilishadi. Ularning yolg‘on-yashiq gaplarini ko‘pirtirib, ustiga ming yolg‘onni qo‘shib odamlarga yetkazishadi. Bu ishlarning turgan-bitgani gunohi azimdir. Ko‘pchilik xonadonlarga e’tibor berib qaralsa, darvozalarning tepasiga isiriq osib qo‘yishganining, bolalarga ko‘z tegmasin deb ko‘zmunchoq yoki tumor taqib qo‘yishganining guvohi bo‘lamiz. Buning illat va gunoh ekanligi yuqoridagi hadisda keltirilmoqda. Agar kishi o‘sha tumorga ishonib qolsa, Alloh undan yuz o‘girar ekan. Alloh yuz o‘girgan bandaning na hayotida, na turmushida va na oxiratida yaxshilik bo‘lmaydi. Aksincha, xorlik va azob ichida qoladi.

Keyingi vaqtlarda kelajakdan bashorat beruvchilar, insonni taqdiri haqida xabar qiluvchilar soni ko‘payib bormoqda. Bashorat qilishning ham turli yo‘llari bo‘lib, ularga: kaftga, yulduzlarga, rasmga, qartaga, qahva quyqasiga, suvga va boshqa narsalarga qarab insonlarning taqdiridan xabar berishadi. Bashoratchilarning o‘zlarini esa: folbin, kohin, romchi, munajjim, arrof va boshqa nomlar bilan nomlanadi. Alloh taolo butun borliqni yaratar ekan, jami mahluqot-u mavjudotlarining holatini, kelajagini, taqdirini O‘zining buyuk ilmi ila taqdirga bitik qildi. Shuningdek, g‘ayb ilmi, ertangi kun holati, kelajakdagi bo‘ladigan ishlarni bilish faqat Allohgagina xosdir.

Muallif: Abduraxmon Bakoyev, Buxoro tumani «Imom Buxoriy» jome’ masjid imom-xatibi.
Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 23-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.