Islom
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan: “Jin va insonni faqat Menga ibodat qilish uchungina yaratdim…”
Alloh qalblaringiz va amallaringizga nazar qiladi!
Kim bu dunyoda iymon, islomga ko‘ra hayot kechiradigan bo‘lsa uning uchun oxiratda yaxshi mukofotlar bordir. Kim gunoh, ma’siyat yo‘lidan yurgan bo‘lsa, jazosi ham shunga ko‘ra bo‘ladi. Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan: “Jin va insonni faqat Menga ibodat qilish uchungina yaratdim” (Zariyat surasi, 56-oyat).
Alloh taolo ushbu oyatda insonlar va jinlarni o‘ziga ibodat qilishlari uchun yaratganini bayon qilmoqda. Shunga ko‘ra, kim Alloh taologa ibodatda bardavom bo‘lsa, Alloh taologa itoat qilgani uchun va qilgan ibodatlari uchun u ulkan ajrlarga ega bo‘ladi.
Alloh nazdida insonning darajasi yuqori bo‘lishi qalbidagi iymoni, qalbining pokligi va shunga muvofiq bo‘lgan solih amallari bilan belgilanadi. Hadisi sharifda shunday deyilgan:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: U kishi aytdilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta Alloh suratlaringiz va mollaringizga nazar qilmaydi, lekin qalblaringiz va amallaringizga nazar qiladi”, – dedilar. Muslim rivoyat qilgan.
Ushbu hadisda Alloh taoloning nazdida bandalarning darajasi, ularning zohiriy ko‘rinishlari-yu, molu dunyosining qancha ekaniga qarab emas, balki ularning qalbidagi iymoni va solih amallari bilan o‘lchanishi bayon qilinmoqda. Bu Alloh taolo o‘lchovidir. Ba’zilar o‘ylaganidek, molu dunyoning ko‘p bo‘lishi yoki tashqi ko‘rinishining chiroyli bo‘lishi insonning darajasini yuqori qilib qo‘ymaydi. Balki, kimning qalbida iymoni bo‘lsa va uning solih amallari ko‘p bo‘lsa shu kishi Allohning rahmat nazariga sazovor bo‘ladi.
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan: “U kunda na mol manfaat berar va na bolalar. Magar kim Alloh huzuriga pokiza qalb ila kelar, (o‘sha manfaat topar)”. Shu’aro surasi 88-89-oyatlar.
Ushbu oyat tafsirida Qatodo rohimahulloh “Magar kim Alloh huzuriga pokiza qalb ila kelar, (o‘sha manfaat topar)” oyatini “shirkdan salomat bo‘lgan qalb bilan kelsa”, deb tafsir qilgan. Mujohid rohimahulloh “shirkdan salomat bo‘lib, haq borasida biror shak bo‘lmagan qalb bilan kelsa” deb tafsir qilgan.
Hasan Basriy bir kishiga: “Qalbingni davolagin. Zero, Alloh o‘z bandalaridan talab qilgan narsasi ular qalblarining salomat bo‘lishidir”, – deb aytgan.
Imom Navaviy: “Qalbning salomat bo‘lishi – xiyonat, adovat, hasad, xasislik, baxillik, kibr, o‘zgalar ustidan kulish, riyo, sum’a, makr, hirs, ta’magirlik, taqdirdan norozi bo‘lish kabi ichki illatlardan salomat bo‘lish bilan hosil bo‘ladi”, – degan. Bir hadisda shunday deyilgan:
Omirdan rivoyat qilinadi: U aytdi: “Men Nu’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan shunday deyayotganlarini eshitdim: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Halol ochiq-oydindir, harom ochiq-oydindir. Ular orasida ko‘p odamlar bilmaydigan shubhali narsalar bor. Kim shubhali narsalardan saqlansa, dini va sha’ni uchun o‘zini pok tutibdi. Kim shubhali narsalarga tushsa, xuddi qo‘riqxona atrofida cho‘ponlik qilib, unga o‘tib ketay degan cho‘ponga o‘xshaydi. Ogoh bo‘ling! Albatta, har bir podshohning qo‘riqxonasi bordir. Ogoh bo‘ling! Albatta, Allohning yerdagi qo‘riqxonasi – harom qilgan narsalaridir. Ogoh bo‘ling! Albatta, jasadda bir parcha go‘sht bordir. Qachon u solih bo‘lsa, jasadning hammasi solih bo‘ladi. Qachon u buzuq bo‘lsa, jasadning hammasi buzuq bo‘ladi. Ogoh bo‘linglar! O‘sha narsa qalbdir”, – dedilar. Buxoriy rivoyat qilgan.
Shuningdek, moʻmin inson uchun solih amallar ham juda muhimdir. Zero, solih amallar insonning jannatga kirishiga sabab bo‘ladi. Bu haqida ham Qur’oni Karimning ko‘p joyida bayon qilingan:
Jumladan, Baqara surasida shunday deyilgan: “Va iymon keltirib, yaxshi amallarni qilganlar, ana o‘shalar jannat egalaridir. Ular unda abadiy qolurlar” (Baqara surasi, 82-oyat).
Yana boshqa oyatda shunday deyilgan: “Iymon keltirgan va solih amallarni qilganlarni, albatta, ostidan jannatlar oqib turgan jannatlarga kiritamiz. Unda abadiy boqiy qolurlar. Unda ularga pokiza juftlar bor. Va ularni quyuq soyalarga kiritamiz” (Niso surasi, 57-oyat).
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, inson bu dunyoda Alloh va Rasuliga iymon keltirgan holda hayot kechirib, solih amallar qiladigan bo‘lsa, u oxiratda najot topadi. Ya’ni, insonning oxiratda najot topishi va darajasi yuqori bo‘lishi uchun uning tashqi ko‘rinishi, shaklu shamoili qanday bo‘lishi muhim emas. Balki, uning ichki dunyosi go‘zal bo‘lsin, Allohdan taqvo qilsin, xulqi chiroyli va solih amallari ko‘p bo‘lsin. Mana bu narsalar muhim. Bir hadisi sharifda shunday deyilgan:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: U kishi aytdilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam insonlarni eng ko‘p jannatga kiritadigan narsa haqida so‘raldilar. U zot: “Allohga taqvo qilish va chiroyli xulq”, – dedilar. U zot insonlarni eng ko‘p do‘zaxga kiritadigan narsa haqida so‘raldilar. U zot: “Og‘iz va jinsiy a’zo”, – deb aytdilar. Termiziy rivoyat qilgan.
Anas ibn Molik roziyallohu anhu shunday dedi: “Inson agar obid bo‘lmasa ham husni xulq bilan janatdagi oliy darajalarga yetadi. Yomon xulq sababli garchi obid bo‘lsa ham jahannamning eng pastiga tushishi mumkin”.
Alloh barchamizni O‘zining ibodatida bardavom bo‘lib, solih amallar qilishimizni nasib qilsin. Barchamizni taqvodor zotlardan qilsin!
Muallif: Shokirjon Madaminov, “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi mudarrisi
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi