Islom
Ayol kishi Allohga ma’siyat hisoblanmaydigan barcha ishda eriga itoat qilishi lozim
Islomda oila munosabatlari va er-xotin o‘rtasidagi mushtarak huquqlar
Bugun butun dunyo oila instituti inqiroziga, xususan, nikohlar beqarorligi, ajrashishlar soni ortishi, nikohsiz tug‘ilishlar ko‘payishi, oilaviy hayot va farzand tarbiyasiga toqatsizlik kabi muammolarga to‘qnash kelyapti. Olimlar bunday muammolar millatning ma’naviy tanazzuliga sabab bo‘lishi mumkinligini ilmiy jihatdan asosladi.
Bu borada Abdurauf Fitrat: “Har bir millatning saodati va izzati shu xalqning ichki intizomi va totuvligiga bog‘liq. Tinchlik va totuvlik esa millat oilalarining intizomiga tayanadi, mamlakat va millat ham shuncha kuchli bo‘ladi. Agarda bir mamlakatning aholisi axloqsiz va johillik bilan oilaviy munosabatlarni zaiflashtirib yuborsa va intizomsizlikka yo‘l qo‘ysa shunda bu millatning saodati va hayoti shubha ostida qoladi”, – deb ta’kidlagan.
Oila borasidagi diniy, ilmiy va falsafiy yondashuvlarni kuzatsak, oila barqarorligida er-xotin munosabatlari asosiy o‘rin tutishini ko‘ramiz. Masalan, islomda nikoh orqali inson va oilani ulug‘lashga, erkak va ayolning huquqlariga, ularning sha’niga va oilada tinchlikni saqlashga katta e’tibor qaratilgan: “Ayollar (uchun belgilangan huquqlar) o‘z me’yorida erkaklar (huquqi) bilan tengdir”.
Burhonuddin Marg‘inoniyning «Hidoya» asarida yozilishicha, oila va nikoh masalasida ma’rifiy-tarbiyaviy ahamiyatga ega hukmlardan biri ayolning nikohda qanday haq-huquqlari borligi haqidagi bilimga ega bo‘lishidir: «Nikohning asl mohiyati haqida ilm bo‘lishi shart. Chunki, qiz bola faqat ilm bo‘lgandagina tasarruf eta oladi. Bu dunyo ilm olish dunyosi, bunda johillik uzr bo‘lolmaydi». «Hidoya» da oila va nikohga oid hukmlarning ijtimoiy ahamiyatga ega tomoni erkak va ayolning ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy va aqliy jihatdan bir-biriga teng bo‘lishiga e’tibor qaratilganidir: Nikohda tenglik e’tiborga olinadi. Payg‘ambarimiz (s. a. v.) aytganlarki: «Ogoh bo‘lingki, ayollarni faqat o‘zlariga teng bo‘lgan kishigagina bersinlar».
Islomda er-xotin o‘rtasidagi munosabatning davomiyligini ta’minlash uchun o‘ziga xos qonun-qoidalar joriy qilingan. Bunda oilaviy hayotning asosiy tashkilotchilari va a’zolari bo‘lmish er va xotinning har biriga o‘ziga xos burch va vazifalar yuklangan, bir-biriga nisbatan haq-huquqlari ham belgilab berilgan. Bu haqda Qur’onning bir qator suralarida oyatlar keltiriladi: “Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sababi – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba’zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o‘z oilasiga) o‘z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir” (Niso surasi, 34-oyat); “Va yaxshilik ila ularning burchlari muqobilida haqlari ham bordir” (Baqara surasi, 228-oyat). Agar er va xotin bu qoidalarga amal qilsa, bir-biriga nisbatan zimmasidagi burch va mas’uliyatini his qilib sidqidildan ado etsa, bunday oila baxt va saodat qasriga aylanadi. Bunday oilada tug‘ilgan farzandlar ham go‘zal tarbiya topadi va ulardan jamiyatga foydasi tegadigan insonlar yetishib chiqadi. Islom dini har bir er va xotin uchun o‘ziga xos huquqlarni ishlab chiqish bilan birga, ularga muayyan majburiyatlarni ham yuklagan. Bularning ba’zilari er va xotin o‘rtasida mushtarak bo‘lsa, ba’zilari erga, ba’zilari xotinga tegishlidir.
Xotinning er zimmasidagi haqqi erning o‘ziga ham, moliga ham tegishlidir. Xotinning eri zimmasida mahr va nafaqa singari shaxsiy va moliyaviy haqlari bor. Ular quyidagilar:
1. Xotinning er zimmasidagi haqlaridan birinchisi er tomonidan unga yaxshi va adolatli muomala qilinishidir. Zero, Alloh taolo O‘z Kitobida: “Ayollar bilan yaxshilik ila turmush kechiring. Agar ularni yoqtirmasangiz, shoyadki, Alloh siz yoqtirmagan narsada ko‘plab yaxshiliklarni paydo qilsa!”, – deya amr etgan (Niso surasi, 19-oyat). Bu amr erning xotinga yaxshi muomalada bo‘lishini, tabiatidagi ayrim noqisliklarga sabr qilishini, ba’zi xatolariga ko‘z yumishini taqozo etadi. Shuningdek, ayolni tarbiyalash va unga dunyoyu oxiratda foydasi tegadigan narsalarni o‘rgatib, ta’lim berishni ham nazarda tutadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning bir hadislarida: “Mo‘min er mo‘mina xotindan nafratlanmasin, agar uning bir xulqini yomon ko‘rsa, boshqa xulqi tufayli undan rozi bo‘lib ketaveradi”, – deyiladi (Imom Muslim rivoyati). Ya’ni, er xotinining ayrim fe’lidan g‘azablansa, oilani buzib yuborishga shoshilmasligi, shu tufayli xotinini yomon ko‘rib qolmasligi lozimligi, balki uning yaxshi odatlarini ham ko‘z oldiga keltirib, shu bilan ko‘nglini to‘q qilib yurishi kerak. Shuningdek, er xotiniga xushfe’l bo‘lishi, u bilan yaxshi muomala qilishi, birga farovon hayot kechirishi, ozor yetkazmasligi kerak. Bu bilan er Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislariga amal qilgan bo‘ladi;
2. Ayolning eri zimmasidagi ikkinchi haqqi mahrdir. Bu – ayolni ikrom qilish, unga yaxshilik qilish bobidan. Alloh taolo Qur’oni karimda erlarni ayollarning bu haqqiga rioya qilishga chaqirib: “Xotinlarga mahrlarini mamnunlik bilan beringiz” (Niso surasi, 4-oyat), – deb amr etgan;
3. Er xotinning ozorini ko‘tarishi, u g‘azablanganida va jahli chiqqanida muloyim bo‘lishi, uning xatolarini kechirishi kerak. Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sunnatlariga amal qilishdir. Imom Muslim Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Rasululloh (s. a. v.) dan boshqa oilasiga mehribonroq biror kishini ko‘rmadim»;
4. Erkak ayolining or-nomusini saqlashi kerak. Oqibati buzuq bo‘ladigan har qanday holatga beparvo bo‘lmaslik lozim. Ammo yomon o‘y, o‘ta talabchanlik va gumonda haddan oshish durust emas. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bundan qaytarganlar. Imom Muslim Jobir roziyallohu anhudan bunday rivoyat qiladi: «Rasululloh (s. a. v.) erni oilasini xiyonatda gumon qilib, uyga kechqurun kelishdan qaytarganlar»;
5. Er xotinining oziq-ovqat va kiyim-bosh kabi ehtiyojlarini isrof etmay, yetarli ta’minlashi kerak. Er oilasiga sarflagan xarjlari uchun ajr va savobga erishadi. Imom Buxoriy va Muslimning “Sahih” larida bunday keltirilgan: «Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhuning rivoyat qilishicha, Payg‘ambarimiz (s. a. v.) dedilar: ”Alloh taolo roziligini istab qilgan har qanday xarjing uchun ajr olasan. Hatto xotining og‘ziga solgan taoming uchun ham senga ajr bor”». Shuningdek, bu masalada, ya’ni nafaqa masalasida er o‘zining iqtisodiy ahvolidan kelib chiqib ish ko‘radi. Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: “Boy-badavlat kishi o‘z boyligidan (ya’ni, o‘z boyligiga yarashadigan tarzda) nafaqa bersin. Kimning rizqi tang qilingan (kambag‘al) bo‘lsa, u holda Alloh o‘ziga ato etgan narsadan (o‘z holiga yarasha) nafaqa bersin. Alloh hech bir jonga O‘zi unga ato etgan narsadan boshqa narsani yuklamas. Alloh tanglik – kambag‘allikdan so‘ng yengillik – boylikni ham paydo qilur” (Taloq surasi: 7-oyat);
6. Er xotinining iffatini saqlashi lozim. Xotinini haromdan himoya qilish erga vojibdir;
7. Er xotinini yaxshi ko‘rsa, juda hurmatlashi lozim, yomon ko‘rsa, zulm qilmasligi kerak. Istasa, chidab yashasin yo yaxshilikcha ajrashsin. Ayolni faqat mardlar qadrlaydi, pastlar xo‘rlaydi.
Erning ham o‘z xotini oldiga i shar’iy haq-huquqlari belgilangan. Zero, oilaning davomiyligi er-xotinning bir-biridan roziligi va haqlarini ado etishiga bog‘liq. Erning xotin zimmasidagi eng muhim haqlari quyidagilar:
1. Xotinning er oldidagi eng birinchi burchi yoxud erning o‘z ayolidagi eng birinchi haqqi – bu ayol kishining eriga hurmatli va itoatkor bo‘lishidir. Ayol Allohga ma’siyat hisoblanmaydigan barcha ishda eriga itoat qilishi lozim. Ayol kishi oilada o‘jar-qaysar bo‘lsa, unday oilaning davomiyligi va mustahkamligi haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Ayolning eriga hurmatli bo‘lishi naqadar buyuk fazilat va baxt ekani haqida Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qiladilar: “Ayol besh vaqt namozini o‘qisa, (yilda) bir oy (farz) ro‘zasini tutsa, o‘z farjini haromdan saqlasa va eriga itoat qilsa, unga “jannatning istagan eshigidan kir!”, – deyiladi (Tabaroniy rivoyati);
2. Erning ayol ustidagi bu haqqi, ya’ni ayol kishi muboh ishlarda eriga itoat qilishi doirasiga ayol kishi erining ruxsatisiz nafl ro‘za tutmasligi, uning ruxsatisiz nafl haj qilmasligi, unga aytmasdan uydan chiqmasligi, uning roziligisiz uydagi narsalardan birovlarga sadaqa va ehson qilmasligi ham kiradi. Shariatda erga itoat qilish ayol kishiga vojib bo‘lishining hikmatlaridan biri shuki, erning o‘z ayolidagi haqlari va fazli oilaning boshqa a’zolariga nisbatan buyukdir. Er tufayli ayol oilaning hurmatli bekasiga aylanadi, yomon ko‘zlardan va yomonlardan muhofaza qilinadi, himoyalanadi;
3. Ayol kishi asosiy vaqtini farzand tarbiyasi bilan o‘tkazishi lozim. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Barchangiz rahbardirsiz va barchangiz qo‘l ostingizdagilardan so‘ralursiz. Amir rahbardir. Er kishi o‘z oilasiga rahbardir, ayol kishi erining uyida va uning farzandlariga rahbardir”, – deydilar;
4. Xotin erining haqqini hurmat qilishi kerak. Chunki zimmasidagi erining haqqi kattadir. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar: “Ayol kishi uchun eri borida uning iznisiz uyiga begona erkakni kiritishi halol bo‘lmaydi” (Imom Buxoriy, Muslim rivoyat qilgan);
5. Xotin kishi Alloh taolo bergan nasibaga rozi bo‘lishi, eriga injiqlik qilmasligi kerak. Xotin kishi nochorligi uchun g‘azablanmasligi va oh-voh urmasligi lozim. Balki xushnudlik va qanoat libosini kiyib, erining rizq topishdagi mashaqqatlarini qadrlashi, harom kasbga o‘tishidan qo‘rqib, undan hojatdan ortig‘ini talab qilmasligi lozim. Aksincha, erini ham qanoatga undab, harom yo‘llardan ogohlantirishi zarur. Momolarimiz erlarini kuzatayotib bunday derdi: «Harom kasbdan saqlaning! Biz ochlik va qiyinchilikka chidaymiz, ammo do‘zax oloviga chiday olmaymiz». Ayol kishi erining tuyg‘ularini hurmat qilishi, u yoqtirmaydigan yoki unga ozor beradigan ishlardan yiroq bo‘lishi va erining moliyaviy sharoitini hisobga olishi, erining uydan tashqaridagi mas’uliyatini qadrlab, uyga kech kelishidan bezovta bo‘lmasligi yoki bu borada eriga bosim o‘tkazmasligi lozim. Shuningdek, eri toqat qilolmaydigan darajada pul talab qilmasligi kerak. Ba’zi ayollar nuqul boshqa oilalarda erning xotiniga sarflagan narsalarini misol qilib, eridan xuddi shunday ta’minot talab qiladi. Ayol kishi erini qadrlasa, unga minnatdorlik tuyg‘ularini o‘zining muomalasi va xatti-harakatlari bilan izhor qilsa, Alloh unday ayoldan rozi bo‘ladi;
6. Xotin erining do‘stiga notanishdek bo‘lishi lozim. Eri uyida bo‘lmaganida, uning do‘sti eshik qoqsa, u bilan so‘zlashmasin. Aks holda, bu rashk va janjalga sabab bo‘lishi mumkin.
7. Xotin go‘zalligi bilan eriga faxrlanmasligi, eri xunuk bo‘lsa, yomon ko‘rmasligi, agar boy bo‘lsa, moli bilan g‘ururlanmasligi kerak. Erning qarindoshlarini hurmat qilishi va qadrlashi lozim;
8. Xotin farzandlarini ham hurmat qilishi, ularni urishib, la’natlashdan tiyilishi lozim. Bu farzand tarbiyasi va ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Er – oila rahbari. Ayol eriga hurmat va itoatda bo‘lsa, farzandlar ham otaga itoat qiladigan bo‘ladi. Natijada oilada ahillik, muhabbat hukm suradi va u mustahkam bo‘ladi. Ayolning eriga itoatsizligi esa oilaning buzilishi va boshqa ko‘plab noxushliklarga sabab bo‘ladi. Ammo bu ayol kishi xohlasa ham, xohlamasa ham oilada yashashga majbur, uning ajrashishga haqqi yo‘q, degani emas. Islomda ayol kishi ham ajrashish huquqiga ega. U buni «xulu’» yo‘li bilan bajaradi. «Xulu’» «kiyim yechish» ma’nosini bildiradi. Shariatda esa, xotin kishining arz qilish orqali eri bilan ajrashishiga «xulu’» deyiladi, ya’ni ayol ajrashmoqchi bo‘lsa, qozixonaga ariza berib ajrashish huquqiga ega bo‘ladi.
2020-yil 6-avgust kuni O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasida “Musulmon jamiyatlarida oilaviy munosabatlardagi muammolar: Sabab va yechimlar” mavzusida xalqaro mutaxassislar va yurtimizdagi islomshunos olimlar, imom-xatiblar, diniy bilim yurtlari mudirlari va talabalar ishtirokida video-seminar o‘tkazildi. Unda islom ilmlari bo‘yicha yetuk olim, Tatariston Respublikasidagi Bulg‘or islom akademiyasi (Rossiya Federatsiyasi) professori Shayx Abdurazzoq Sa’diy ishtirok etdi va ajrashishlarning yechimi sifatida quyidagi tavsiyalarni sanab o‘tdi:
– oila qurishdan avval kuyov yo kelinning mol-davlati, shon-shuhratiga emas, tarbiyasi va axloqiga, ma’naviy go‘zalligiga e’tibor qaratish lozim;
– o‘zaro kelishmovchiliklar kelib chiqqanda, darrov ajrashmasdan, o‘rtani isloh qilish va yarashtirish uchun ikki tomondan vakillar chaqirish;
– iqtisodiy kamchiliklar bo‘lganda, boriga qanoat qilish va sabrli bo‘lish;
– diniy idora oilaning muqaddasligi, farzand tarbiyasi, taloqning oqibatlari kabi mavzularda juma tezislarini ishlab chiqishi va musulmon ommasiga yetkazishi;
– oilalarda vujudga kelayotgan nohaqlik, zulm va ajrashishlarning oldini olish maqsadida diniy idora tizimida fiqhiy ilmga ega 2-3 kishidan iborat yetuk mutaxassislar hay’atini tuzish va muammolarga o‘z vaqtida yechim topish.
Muallif: Baxti Ochilova, Jizzax davlat pedagogika instituti Falsafa fanlari doktori, professor.
Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi