Islom

Alloh taolo: “Ey Odam bolalari! Batahqiq sizlarga avratingizni to‘sadigan libos va ziynat libosini tushirdik…”

photo 628

Loading

Islomda kiyinish odobi

Inson tirik ekan kiyim-kechakka ehtiyoj sezadi. Kiyim orqali tanasini issiq-sovuqdan, ba’zi a’zolarini begona ko‘z tushishidan to‘sadi. Libos inson uchun nafaqat tashqi himoya balki zeb-ziynat vositasi ham sanaladi. Did bilan tanlangan pokiza kiyim inson insonga ko‘rk bag‘ishlaydi.

Alloh taolo: “Ey Odam bolalari! Batahqiq sizlarga avrotingizni to‘sadigan libos va ziynat libosini tushirdik…” (A’rof; 26), – deb marhamat etadi.

Har bir narsaning o‘ziga yarasha odobi bo‘lgani kabi, dinimizda kiyinishda ham o‘ziga xos tartib ko‘rsatilgan. Islom poklik dini bo‘lib, unda eng avval pokiza libos kiyishga targ‘ib etiladi. Kiyim-kechak borasida o‘zimizga talabchan bo‘lish bilan birga isrof va dabdabaga ham yo‘l qo‘ymagan holda mablag‘ sarflashimiz kerak. Bu borada Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning tafsiyalarini Hasan roziyallohu anhu quydagicha ifodalaydilar: “U zot bizlarga ko‘limizda bo‘lgan kiyimlardan toza va chiroylisini kiyish va topa olgan eng xushbo‘y narsamizni surtishni tavsiya qilganlar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Libos inson uchun ko‘z-ko‘z qilish, obro‘-e’tibor orttirish vositasiga aylanmasligi kerak. Abu Homid Gʻazzoliy: “Shayton insonni umr bo‘yi oliy nav va faxrli kiyimlar bilan ziynatlashga chorlayab, shu yo‘l bilan ham o‘ziga bo‘ysundirishga, nafsining quliga aylantirishga harakat qiladi”, – deganlar. Bu borada ayollarimiz odob bilan kiyinib, dinimiz ko‘rsatmalariga muvofiq kiyinishlari alohida e’tibor talab etadi. Bir necha asrlar davomida momolarimiz, buvilarimiz asrab-avaylab kelgan diniy va milliy qadriyatlirimizga darz ketmasligi muhim sanaladi. Muoz ibn Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollollohu alayhi vasallam: “Kimki kiyinishga qodir bo‘la turib, Allohga tavozu’ qilgan holda (oliy navli) libos kiyishni tark qilsa, Alloh taolo qiyomat kunida xaloyiqning boshiga chaqirib, mo‘min (jannatda) kiyadigan libosning xohlaganini tanlash huquqini beradi”, dedilar. (Imom Termiziy rivoyati). Bu hadisdan kiyinishda tavozu’li bo‘lish, ko‘z-ko‘z, dabdabadan saqlanishning qay darajada mo‘min kishi uchun ahamiyatli va fazilatli amal ekanligini bilib olsak bo‘ladi. Lekin imkoni bo‘la turib, kiyinishigi e’tibor bermay, o‘zini faqirlikka solib, molini o‘z kiyinishiga sarflashga xasislik qilish ham joiz emas. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu haqida: “Albatta Alloh taolo bandasi ustida, bergan ne’mati asari ko‘rinmog‘ini yaxshi ko‘radi”,– dedilar (Termiziy rivoyati).

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan bir hadisda Sarvari koinot solallohu alayhi vasallam Umar roziyallohu anhuning egnilarda bir kiyim ko‘rib:
“– Bu yangimi yoki yuvilganmi?”, dedilar. Umar roziyallohu anhu esa:
“– Yuvilgan”, dedilar. Shunda u zot sollallohu alayhi vasallam:
“– Yangisini kiygin, maqtovli yasha, shahid bo‘lib dunyodan o‘t!”, – dedilar (Imom Ibn Moja rivoyati).

Libos kiyganda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam maxsus duolar o‘qiganlar. Muoz ibn Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “O‘zgartirmasdan, quvvatimni ketkizmasdan, menga rizq bergan va meni kiyintirgan Allohga hamd bo‘lsin”, desa, Alloh uning oldingi gunohlarini gunohlarini kechiradi”, dedilar ( Imom ibn Sunniy rivoyati).

Kiyim, poyabzal, ishton va shunga o‘xshash yengli, pochali liboslarni o‘ng tomondan kiyib, chap tomondan yechish mustahab sanaladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar libos kiysangiz yoki tahorat qilsangiz, o‘ng tomondan boshlanglar!”, deb aytganlar (Imom Termiziy rivoyati).

Kiyimning rangi haqida ham ko‘plab rivoyatlar mavjud. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham, sahabalar ham turli rangli kiyimlar kiyganlarini ko‘ramiz. Shu ranglar orasida oq va yashil rangli kiyimlar afzal ko‘rilgani ham haqiqat. Kim imkon topib shu rangdagi kiyimlar kiysa mahbub amal. Lekin boshqa rangda kiyim kiyganlarni malomat qilinmaydi.

Kiyinishga doir hujjat-dalillarni o‘rgangan ulamolar bu masaladagi hukmlarini bayon etib, quyidagilarini bildirganlar:
1. Farz bo‘lib, avrotni berkitadigan, issiq-sovuqdan to‘sadigan, o‘ta nafis bo‘lmagan kiyim;
2. Mustahab darajadagi kiyim bo‘lib, u avrotni to‘sadigan, ziynatni zohir qiladigan holatdadir;
3. Muboh darajasidagi kiyim. U Juma, Hayit va odamlar jamlanadigan kunlari yasanish uchun kiyiladigan chiroyli kiyimlardir;
4. Makruh. Takabburlik va manmanlik uchun kiyiladigan kiyim;
5. Harom. Avrotni to‘smaydigan hamda erkaklar uchun shoyi-ipak kiyimlar.

Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ipak kiymanglar. Kim uni dunyo hayotida kiysa, oxiratda kiya olmadi”, – dedilar (Muttufaqun alayh).

Har bir millat va dinga mansub kishilarning o‘z kiyinish madaniyati bor. Musulmon ekanmiz dinimiz va millatimiz urf-odatlariga xos kiyinib, bu borada o‘zga madaniyatlar ta’siriga tushmagan holda, o‘zligimizni unutmasligimiz kerak. Ba’zi yoshlarimiz “moda” deb jamoat joylarda shortik kiyishlari, tor shim, yaldir-yuldir ko‘ylaklar, turli tillarda yozilgan yozuvli kiyimlar kiyishlari yuqorida eslatilgan odoblarga mutlaqqo ziddir.

Muallif: Orifjon To‘qsanov, Buxoro shahar “Abu Bakr As-siddiq” jome’ masjidi imom-xatibi.
Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 23-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.