Islom
Islomda muallimga qanday tarif berilgan?
Darhaqiqat, ustoz-murabbiylar – jamiyat ertangi kunining bunyodkorlaridir. El-yurtning moddiy va maʼnaviy taraqqiyoti ustozlarning mehnati va jamiyatning ularni nechogʻli qadrlashiga bevosita bogʻliq.
Dinimizda ustoz-muallimlarning oʻrni yuqori baholanadi. Qurʼoni karimda shogirdning ustozga muomalasi, odoblari qay tarzda boʻlmogʻi goʻzal tarzda bayon qilingan. Alloh taolo Kalomi sharifida bu ummat ustozga qanday muomala qilish kerakligi haqida Muso alayhissalom tilidan bunday deydi:
وَإِذْ قَالَ مُوسَى لِفَتَاهُ لَا أَبْرَحُ حَتَّى أَبْلُغَ مَجْمَعَ الْبَحْرَيْنِ أَوْ أَمْضِيَ حُقُبًا
“Muso oʻz sherigiga (shogirdi Yuvshaʼ ibn Nunga): “To ikki dengiz qoʻshiladigan yerga yetmaguncha yoki uzoq muddat kezmaguncha uni axtarishdan toʻxtamayman”, degan paytini eslang”.
Ayrim ulamolar ushbu oyatdagi { حُقُبًا huquban} soʻzini “bir zamon”, yaʼni 80 yil, deb tafsir qilgan. Oyat zamirida ishora qilingan eng muhim va alohida eʼtiborga molik maʼno shulki, ilm talabidagi inson oʻzi taʼlim olishni istagan olim kishini unga hurmat yuzasidan bir umr izlashga tayyor boʻlishi kerakligidir.
Shuningdek, Alloh taolo ustozga qanday muomala qilish lozimligini Muso alayhissalom tilidan quyidagicha bayon qiladi:
قَالَ لَهُ مُوسَى هَلْ أَتَّبِعُكَ عَلَى أَنْ تُعَلِّمَنِ مِمَّا عُلِّمْتَ رُشْدًا
Muso unga: “Sizga bildirilgan bilimdan menga ham toʻgʻri yoʻlni taʼlim berishingiz uchun sizga ergashsam maylimi?”, – dedi.
Muso alayhissalom oʻziga berilgan paygʻambarlikka, alohida shariat ilmi sohibi, alohida darajaga ega boʻlishiga qaramasdan ilmi laduniy ato etilgan Hizr alayhissalomga tavozeʼ ila aytgan soʻzlariga, ustozga qilayotgan muomalasiga eʼtibor qiling. Biz ham ustozlarga ana shunday tavozeʼ bilan muomalada boʻlishimiz, ularni qadrlashimiz lozim.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan ustozlar darajasi haqida quyidagicha marhamat qilganlar: “Yerdagi va osmondagi barcha narsalar, hatto dengizdagi baliqlar ham insonlarga yaxshilikni oʻrgatuvchi muallim haqqiga istigʻfor aytadi”. Haqqiga yerdagi jonzotlar va osmonlardagi farishtalar magʻfirat soʻrab turgan kishining darajasidan ziyoda martaba bormi?!
Shuningdek, xalqimizda “Ustoz – otangdek ulugʻ” degan naql bor. Zero, farzandning komil inson boʻlib voyaga yetishida ota-onasining tarbiyasi nechogʻlik ahamiyatli boʻlsa, unga taʼlim berib, hayotda oʻz oʻrnini topishida muhtaram ustozlarning oʻrni ham shunchalik beqiyosdir. Ustozlar ota-onalarimiz kabi bizning oʻsib kamolga yetmogʻimiz uchun butun umrini, bor bilim va tafakkurini baxshida etgan zotlardir.
Shu sababli bizda farzandni ustozga shogirdlikka berish chogʻida “Eti sizniki, suyagi bizniki”, – deb aytilgan.
Sheʼriyat mulkining sultoni Alisher Navoiy ustozning maqomi va martabasi haqida bunday deydi:
Agar shogird shayxulislom, agar qozidur,
Agar ustoz andin rozidur, Tangri rozidur!
Demak, kishi inson egallashi mumkin boʻlgan daraja va mansablarning eng oliysiga yetsa ham, agar ustoz undan rozi boʻlmasa, Alloh ham rozi boʻlmas ekan. Ustozni norizo qilib, uning nazaridan qolgan shogird hayotda oʻz oʻrnini topishi juda mushkuldir.
Rivoyatlarda keltirilishicha, bir kuni xalifa Maʼmun oʻgʻlini bir ustozga shogirdlikka beribdi. Xalifa farzandining qanday oʻqiyotganidan xabar olgani borsa, taxt vorisi, kuni kelib butun mamlakatini boshqaradigan shahzoda tahorat olayotgan ustozining oyogʻiga suv quyib turganini koʻribdi. Bundan jahli chiqib ustozga: “Ey Ustoz! Biz oʻgʻlimizni sizga shuning uchun beribmidik!? Bundan soʻng oʻgʻlimizga aytingizki, siz tahorat qilayotganingizda bir qoʻli suv quyib, ikkinchi qoʻli bilan oyogʻingizni yuvsin!”, – degan ekan.
Darhaqiqat, bizning urf-odatlarimizga koʻra, odatda farzandni ustozga nafaqat ilm olish, balki shu bilan birga odob oʻrganish uchun ham berilgan va shu tariqa ustoz-murabbiy mavqeʼi ulugʻ darajaga koʻtarilgan.
Shunday ekan, ustoz va murabbiylarni doim hurmatu ehtiromda tutish, koʻrganda salom berib, hol soʻrash, xizmati boʻlsa bajarib, duolarini olish va haqlariga duo qilish, huzurida beodoblik qilib qoʻyishdan saqlanish barchamizning insoniylik burchimizdir.
Mamlakatimizda ham har yili 1-oktabr sanasi “Oʻqituvchi va murabbiylar kuni” sifatida umumxalq bayram tarzida oʻtishi aziz va mehri daryo ustoz va murabbiylarimizga xalqimizning azaliy hurmat-ehtiromining yaqqol namunasidir. Yaratgandan barcha ustozu muallimlarimizga ilm-maʼrifat yoyish va ziyo taratish yoʻlida olib borayotgan ishlarida muvaffaqiyatlar tilaymiz.
Muallif: Nodir Qobilov.
Manba: Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi