Islom

Payg‘ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning dunyoga kelishlari

photo 709

Loading

Milodiy 571 yil. Arabiston yarimoroli aholisi yillar davomida but-sanamlarga ibodat qilardilar. Hatto bu ular turmush tarzining ajralmas qismiga aylangan edi. Turli qabilalar sayyohlarni jalb etish va moddiy manfaatni ko‘zlab o‘zaro bir-birlari bilan yangi but va butxonalarni barpo etishda raqobatlashardilar. Bu borada to VI asrning oxiriga qadar Makka ahlidan o‘zib ketadigani bo‘lmadi. Natijada Makka mintaqadagi sayyohlik va savdo-sotiqning markaziy o‘chog‘iga aylandi. Bundan Yaman podshohi Abraha qattiq g‘azablanar va Makka ziyoratiga keluvchilarni o‘z yurtiga og‘dirib olishni istardi. Shu bois u barchani o‘ziga tortadigan ulkan cherkov qurishni rejalashtirdi. Cherkov ham qurildi…

Kunlardan birida, kechasi qabila a’zolaridan biri hech kimga bildirmay ushbu yangi ibodatxonaga kirib, turli haqoratomuz so‘z va rasmlarni chizib, chiqindilarni tashlab ketdi. Ertasiga bu haqdagi xabar Abrahaga yetganida, qattiq g‘azablandi. Qo‘shin to‘plab, muqaddas Ka’bani vayron qilishga ahd qildi. Oltmish minglik qo‘shin bilan Ka’baning kulini ko‘kka sovurish maqsadida Makka sari yurish qildi. U fillar orasidan eng bahaybatini o‘ziga tanlab oldi. Makka ahli bu bosqin haqida xabardor bo‘lishganida, qo‘rqib, yaqin atrofdagi tog‘larga chiqib ketishdi. Abraha shaharga kirib kelganida deyarli hech kim yo‘q edi. Go‘yoki buzuq niyatini amalga oshirishida unga hech kim to‘sqinlik qilmaydigandek tuyulardi. Tish-tirnog‘igacha qurollangan qo‘shin asta-sekin Makkaga kirib keldi. Ammo Abraha minib olgan jonivor cho‘kka tushib yotib olar va Ka’ba tomon yurishdan bosh tortardi. Uni boshqa tomonga bursa, chopib ketar, ammo Ka’ba tomon bursa, yana cho‘kka tushib yotib olar edi. Shu payt Alloh taoloning ularga yuborgan jazosi ko‘rina boshladi. Hayvonlar orasidagi eng katta jonzotlardan biri – bahaybat filga qarshi Alloh taolo yer yuzidagi eng kichik jonzotlardan bo‘lmish qushlarni qo‘shin qilib jo‘natdi. Ularning har biri tumshug‘ida bittadan, panjalarida ikkitadan no‘xatday, moshday sopol toshchalarni olib kelib, bosqinchilar ustiga otdi.

Qo‘shindagilar bir-birini bosib-yanchib qocha boshlashdi. Toshchalar kimga tegsa, tanasini teshib o‘tib, halok qildi. Butun vodiy boshi yo qo‘l-oyog‘i uzilgan, tanasi teshilgan o‘liklarga to‘lib ketdi. Toshchalar ularni xuddi qurt-qumursqalar chaynab tashlagan somon kabi ilma-teshik qilib yubordi. Abrahaning qo‘shinidan qo‘rqib tog‘larning baland joylariga chiqib, yashirinib olgan shahar aholisi bo‘lgan voqeani hayrat bilan tomosha qildilar. Bosqinchilar yer bilan yakson bo‘lgach, uylariga qaytib kelishdi va o‘sha yilni “Fil yili” deb atadilar. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimning Fil surasida bunday marhamat qiladi: “(Ey Muhammad!) Rabbingiz “fil egalari”ni ne qilganini ko‘rmadingizmi? (U) ularning makrlarini yo‘qqa chiqarmadimi?! Ularning ustiga to‘dato‘da qushlarni yubordi. (Ular) sopol toshlar bilan ularni otar edi. (Bas) ularni (Ka’bani buzishga kelganlarni) yeb (chaynab) tashlangan somondek qilib qo‘ydi”.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam aynan ushbu voqea sodir bo‘lgan Fil yilida rabiul avval oyining o‘n ikkinchisi (ba’zi manbalarda 8, 9 yoki 10-kuni), dushanba kuni (milodiy 571 yil, aprel oyida) dunyoga kelganlar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dushanba kuni ro‘za tutib: “Bu — men tug‘ilgan kun”, derdilar (Imom Muslim rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning otalari milodning 545 yili dunyoga kelgan. Qurayshiylar sardori Abdulmuttalibning o‘ninchi va kenja farzandi edi. Abdulmuttalib o‘g‘li Abdullohni 569 yilda Bani Zuhra qabilasi oqsoqoli Vahbning qizi Ominaga uylantiradi. Hazrat Omina nasl va nasabga ko‘ra Quraysh qizlari orasida eng donosi hamda eng go‘zali edi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga onalari homilador bo‘lganda, otalari Abdulloh tijorat maqsadida Shomga yo‘l oladi. Madinaga qaytayotganda xastalanib, 25 yoshida, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tug‘ilishlaridan 2 oy avval vafot etdi. Shu tariqa Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ona qornidayoq yetim qoldilar. U zot sollallohu alayhi va sallam dunyoga kelgan kun Quraysh qabilalari o‘zlari sig‘inadigan 35 sanam sharafiga ziyofat uyushtirishgan edi. Ziyofat davomida but uch marta yerga quladi. Ka’ba atrofidagi 360 butning yiqilgani ma’lum bo‘ldi. Bu botilning yo‘qolishi, haqiqatning esa qoim bo‘lishiga bir ishora edi. Erondagi mashhur ibodatxona ayvonining ham o‘n to‘rtta ustuni yiqildi. Yana o‘sha kecha ming yildan buyon o‘chmay kelayotgan majusiylar olovi so‘ndi. Bu shirk va botilning so‘nishiga ishora edi.

Muallif: Davron Nurmuhammad.
Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.