Islom

Begona uyga kirish haqida Qur’oni karimda nima deyilgan?

photo 721

Loading

Dinimizda har bir ishning o‘z odobi bo‘lgani kabi, birovning uyiga borganda ham belgilangan tartibga muvofiq ish tutish ko‘rsatilgan. O‘zganing hovlisiga uy egalarining ruxsatisiz kirish yoki nazar solish taqiqlanadi. Bu borada Alloh taolo Qur’oni karim orqali mo‘minlarga xitob qilib aytadiki: “Ey iymon keltirganlar! O‘z uylaringizdan o‘zga uylarga to izn so‘ramaguningizcha va ularning ahliga salom bermaguningizcha kirmang! Ana shunday qilmog‘ingiz siz uchun yaxshidir, shoyadki, eslasangiz” (Nur, 27).

Inson o‘z uyida turli holatda o‘tirgan bo‘lishi mumkin. Ba’zan yechingan, ba’zan esa hovlisida cho‘milayotgan holatda, o‘z manzil-makoni bo‘lganligi sababidan uyda o‘zini erkin tutadi. To‘satdan, iznsiz kirgan kishi esa xonadon egasini bunday xolatlarning birida ko‘rsa, uy egasini xijolali holga tushirgan bo‘lib o‘zi ham gunohkor bo‘ladi. Bu holat esa ba’zan janjalga ham sabab bo‘lishi mumkin. Parvardigor shunday noqulay holatlarni oldini olib yuqoridagi oyatni insonlarga nozil qildi.

Adiy ibn Sobitdan rivoyat qilinadiki: «Ansoriylardan bir ayol Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga: “– Yo Rasululloh, men ba’zan uyimda bir holatda bo‘lamanki, o‘sha holatda meni otam ham, o‘g‘lim ham ko‘rishini istamayman. Ammo ana shunday holatda bo‘lganimda gohida otam kirib qoladi yoki oilamdan yana bir boshqa odam kirib qoladi. Men nima qilay?”, – deb so‘radi. Shunda Nur surasining 27-oyati ushbu masalaga javob tariqasida nozil bo‘ladi». Alloh taolo bu oyati karimani nozil qilib, insonlarni ana shunday noqulayliklardan saqlanish uchun o‘zga uylarga kirish odobini bayon qildi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga ko‘ra, kirish uchun uch marta ruxsat so‘raladi. Undan ko‘p so‘rash joiz emas. Bu haqida Imom Molik rahimahulloh: “Faqat ijozat so‘rayotgan odam uy egalari eshitmadi deb ishonsa, uch martadan ko‘p so‘rasa bo‘ladi”, – deganlar. Oyati karimaga muvofiq kirmoqchi bo‘lgan kishi avval salom berib keyin esa “Mumkinmi?”, “Kirsam bo‘ladimi?” kabi so‘zlarni aytib izn so‘raydi. Agar izn so‘ralganda javob berilmasa yoki kirishga ruhsat berilmasa qaytib ketadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu haqida shunday deganlar: “Sizlardan birortangiz 3 marta izn so‘rasayu, unga javob berilmasa, qaytib ketsin” (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Hovli egasini chaqirmoqchi bo‘lgan kishi baland ovozda baqir-chaqir qilmasdan, eshikni qattiq urib xonadon sohiblarga malol keltirmagan holda kirishga izn so‘raydi. Anas ibn Molik roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: “Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam eshiklarni tirnoqlari bilan chertardilar”.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam birovning uyiga borsalar kirishga izn so‘raganlaridan keyin eshikning to‘g‘risida turmas edilar. Balki o‘ng yoki chap tomonga o‘tib turish odatlari bor edi.

Yuqorida kelgan hukmlar kishining o‘z uyidan boshqa uylarga kirishi haqidadir. O‘z uyiga kirishiga kelsak, izn so‘rashiga hojat yo‘q. Faqat kirganida salom berishi lozim.

Parvardigor inson zurriyotini yaratgan ekan ularni saodatli hayot kechirishlarini iroda qildi. Dini orqali odamlarga kundalik hayotda uchraydagan barcha masalalarning yechimi va odoblarini ko‘rsatdi. Birovning uyiga izn so‘rab kirish ham shu ilohiy amrlarning bir ko‘rinishidir. Ba’zi nizolar, xojolatli holatlar, urush-janjallarni oldini olish maqsadida Alloh azza va jalla bu odoblarga rioya qilishni bandalariga bildirdi. Shubha yo‘qki, Yaratganning buyuruqlari va Muhammad sollallohu alayhi vasallamning muborak sunnatlarini mahkam ushlagan mo‘min banda to‘g‘ri yo‘ldan adashmay saodatli hayot kechiradi.

Muallif: Orifjon To‘qsanov, Buxoro shahridagi “Abu Bakr As-siddiq” jome masjidi imom xatibi.
Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 23-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.