Salomatlik

Og‘riq qoldiruvchi dorilarning qanday zarari bor?

photo 65 1

Loading

Bugun dorixonalarda sotilayotgan farmasevtik mahsulotlar orasida og‘riq qoldiruvchi preparatlarga talab yuqori, – deydi Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi boshqarma boshlig‘i Muhabbat Ibragimova. – Ayniqsa, analgin, sitramon va trimolning bozori chaqqon.

Chunki og‘riqdan aziyat chekuvchi ko‘pchilik bemorlar ushbu tabletkalarni muntazam qabul qilishga odatlangan. Ammo ularni palapartish yoki uzoq muddat qo‘llash turli xavfli kasalliklarni keltirib chiqarishini unutmaslik lozim.

Bilamizki, organizmda maxsus sezgi reseptor va nosiseptorlar bo‘lib, ular og‘riq impulslarini markazga yo‘naltiradi. Bunga javoban tana endorfin va enkefalinlarni ishlab chiqaradi. Ular og‘riqni ma’lum darajada pasaytiradi. Biroq og‘riq zo‘rayganda deyarli foyda bermaydi. Bunday hollarda o‘z-o‘zidan og‘riq qoldiruvchi vositalarni qo‘llash zarurati tug‘iladi.

Ushbu dorilarning kimyoviy tarkibi, tuzilishi va ta’sir mexanizmiga qarab, narkotik va nonarkotik analgetiklar guruhiga bo‘linadi. Birinchi guruhga morfin va uning sintetik hosilalari (promedol, omnopon, fentanil va boshqalar) kiradi. Ular stasionar sharoitda kuchli og‘riqlar, jumladan, shikastlanish, kuyish, miokard infarkti ro‘y berganda hamda jarrohlik aralashuvidan keyin qo‘llaniladi.

Nonarkotik analgetiklarga kimyoviy tuzilishi turlicha bo‘lgan sintetik moddalar (amidopirin, analgin, asetilsalisil kislotasi, parasetamol va boshqalar) kiradi. Bu xil preparatlarning yuqoridagilardan farqi — ta’siri kuchsizroq bo‘lib, asosan, nevralgiya, mialgiya, tish, bosh va bo‘g‘im og‘riqlarida ishlatiladi.

Mazkur dorilar og‘riq qoldirish bilan bir qatorda isitmani tushirishga ham yordam beradi. Shu bilan birga, nonarkotik analgetiklarning yallig‘lanishga qarshi ta’siri ham bor.

Qolaversa, nosteroid yallig‘lanishga qarshi preparatlar guruhiga mansub dorilar (diklofenak, ibuprofen, naproksen, indometasin, ketoprofen, ketorolak va boshqalar) ham o‘rtacha og‘riqlarni bartaraf etadi. Ularning ta’sir mexanizmi asosan og‘riq va yallig‘lanish mediatorlarining ishlab chiqarilishiga to‘sqinlik qilishga asoslangan.

Aytish kerakki, narkotik analgetiklarning og‘riq qoldirish xususiyati bilan birga, zararli ta’siri ham yo‘q emas. Bunday dori vositalari uzoq muddat qo‘llanganda insonda ko‘nikish, ruhiy va jismoniy qaramlikni keltirib chiqaradi.

Nonarkotik analgetiklardan ko‘p miqdorda foydalanish me’da yarasi, o‘ta yuqori sezuvchanlik, ovqat hazm qilish va ko‘rish muammolari, tromb hamda turli allergiyalarni paydo qilishi mumkin. Shuningdek, bu holat immun tizimi buzilishi, yurak-qon tomir va nafas olish kasalliklari, jigar hamda o‘t chiqarish, buyrak va peshob yo‘li xastaliklariga ham sabab bo‘lishi isbotlangan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, og‘riq qoldiruvchi dori vositalarini faqat shifokor tavsiyasiga binoan va uning kuzatuvi ostida qabul qilish maqsadga muvofiq.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.