Buxoro yangiliklari

Buxorolik tadbirkor Azamat Sultonov Peshko‘ va G‘ijduvon tumanlarida yog‘ zavodi qurdi

photo 895

Loading

Bu haqida Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati 26-noyabr va 28-noyabr kuni e’lon qildi.

Mamlakatimiz iqtisodiyotining ko‘plab sohalari, ayniqsa, qishloq xo‘jaligida ish yuritishning yangicha shakli — klaster usuli tobora ommalashayotgani tufayli zamonaviy tartibda faoliyat yuritayotgan subyektlar amaliyotda qo‘llayotgan yangilik, qo‘lga kiritayotgan yutuqlar joylarda ishsizlikni bartaraf etish, oilalar moddiy ta’minotini yaxshilash, qolaversa, hududlarni obodonlashtirishda tub o‘zgarishlar yasamoqda. Mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “Buxoro agroklaster” paxta-to‘qimachilik klasteri rahbari, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Azamat Sultonovning navbatdagi yirik loyihalari – “Peshku agroklaster yog‘-moy” va “G‘ijduvon agroklaster yog‘-moy” ishlab chiqarish korxonalarining foydalanishga topshirilgani ham ana shu maqsadga xizmat qiladi.

photo 04 134

Peshku tumani paxta tozalash zavodi negizida o‘tgan bir necha oyda barpo etilgan mazkur korxona qiymati $4 400 000 ga teng bo‘lib, korxona sharofati bilan endilikda 140 nafar mahalliy fuqaro doimiy ish bilan ta’minlanmoqda. Zarur xom ashyo – chigit ombori, tozalash–presslash, qayta ishlash va qadoqlash sexlari, shuningdek, maxsus laboratoriyasiga ega korxona zamonaviy texnologiya bilan jihozlangan. “Peshku agroklaster yog‘-moy” hududda chorvachilikni rivojlantirishda ham o‘z o‘rniga ega bo‘lishi kutilyapti. Gap shundaki, bu yerda kuniga 150 tonna atrofida chigit qayta ishlash imkoniyati bor. Binobarin, yangi korxonaning oziq-ovqat xavfsizligi masalasidagi o‘rni ham salmoqli.

photo 02 287

“Buxoro agroklaster” MChJ tomonidan joriy yil hududiy investitsiya dasturi doirasida qiymati $5 000 000 ga teng bo‘lgan zamonaviy “Yog‘-moy ishlab chiqarish kompleksini tashkil etish” loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, unga muvofiq mazkur klaster tomonidan $3 200 000 hamda Hukumat komissiyasi ko‘magida “Agrobank”ning 10 000 000 000 so‘m kredit mablag‘i ajratilgan. E’tiborlisi, loyiha to‘la quvvatda ishga tushishi bilan yiliga 50 000 tonna chigitni qayta ishlab, 11 000 tonna sifatli yog‘, 29 000 tonna shrot, 20 000 tonna sheluxa ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilmoqda. Qisqa qilib aytganda, bunda yiliga jami $12 400 000 qiymatidagi mahsulot ishlab chiqarilib, budjetga $1 000 000 dollaridan ortiq tushum qabul qilinadi. Bundan tashqari, yiliga $8 800 000 ga teng qiymatda import qilinayotgan yog‘ mahsuloti qisqartiriladi.

Bozorni sifatli, xavfsiz, arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirish uchun avvalombor, ishlab chiqaruvchi korxonalar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish zarur hisoblanadi. Jumladan, yog‘-moy mahsulotlarini ishlab chiqarishda ham korxonalar sonini ko‘paytirish uchun tizimda mavjud muammolarga barham berish talab etiladi. Bu sa’y-harakat o‘z navbatida, mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning eng muhim sharti hisoblanadi.

photo 03 200

Ushbu maqsadlarni o‘zida jamlagan “G‘ijduvon agroklaster yog‘-moy” MChJ ham to‘la quvvatda ishga tushishi bilan yiliga 50 000 tonna chigitni qayta ishlab, 11 000 tonna sifatli yog‘, 29 000 tonna shrot, 20 000 tonna sheluxa ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yiladi. Albatta bu yerda ham yiliga $12 400 000 lik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilib, budjetga $1 000 000 dan ortiq tushumlar tushishi ta’minlanadi. Muhimi esa yana 140 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Eslatib o‘tamiz, yuqoridagi ikkita korxona — “Peshku agroklaster yog‘-moy” MChJ va “G‘ijduvon agroklaster yog‘-moy” MChJ larning ochilish marosimi joriy yilning noyabr oyi oxirida bo‘lib o‘tdi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 23-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.