O‘zbekiston

Bugun Prezident Administratsiyasi rahbari gaz va elektr masalasida tanqidiy yigʻilish oʻtkazdi. Qarorlar energetika sohasida yuzaga kelgan muammolar yechimiga qaratildi

photo 104 1

Loading

Bugun, 7-dekabr kuni kech soat 20:00 dan keyin Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzakov raisligida energetika sohasiga bag‘ishlangan yig‘ilish boʻlib oʻtdi. Unda videoaloqa orqali barcha hududlar rahbarlari ishtirok etdi.

Keskin tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda qish mavsumini betalafot o‘tkazish uchun mas’ul mutasaddilar ishidagi jiddiy kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi, mavsumga tayyorgarlik ishlaridagi qoloqliklar, yuzaga kelgan vaziyatni bartaraf etish choralar tezkor qabul qilinmagani va umuman sustligi yuzasidan jiddiy e’tirozlar bildirildi.

Aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan mutanosib ta’minlash masalalarini tezkor va tizimli hal etib borish maqsadida Energetika vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida kunu-tun ishlaydigan shtablar tashkil etish topshirildi.

Bu masalalar bo‘yicha kunlik nazorat o‘rnatish uchun Prezident maslahatchilari va Bosh vazir o‘rinbosarlari har bir viloyat hokimiga biriktiriladigan bo‘ldi.

Shuningdek, davlat tashkilotlari mashinalariga vaqtincha gaz quyish taqiqlandi, AI-80 benzini uchun aksiz solig‘i bekor qilindi.

Yig‘ilishda yuzaga kelgan vaziyatni normallashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi:

1. Tovar gaz yetkazib berish hajmini sutkasiga 5 million kub metrga oshirish;
2. 2023-yil 1-martga qadar davlat idoralari tasarrufidagi siqilgan gazda harakatlanadigan avtomobillardan foydalanishni taqiqlash, ularni benzinga o‘tkazish;
3. Xorijiy davlatlar bilan qo‘shimcha tabiiy gaz, elektr energiyasi, ko‘mir, mazut xarid qilish bo‘yicha muzokaralarni jadallashtirish;
4. 2 oy muddatga AI-80 benzini importi uchun aksiz solig‘i va uni chakana sotish uchun aksiz solig‘ini hisoblash va undirishni to‘xtatib turish;
5. Birja sotuvlariga qo‘yilayotgan AI-80 benzining kunlik hajmini oshirish;
6. AI-80 benzini narxining asossiz oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik, narx oshishi boshlang‘ich narxning 5% dan ortiq bo‘lmasligini ta’minlash;
7. Barcha ishlab chiqaruvchilar va treyderlarga suyultirilgan gazni eksport qilishni taqiqlash;
tabiiy gaz yetkazib berish imkoniyati mavjud bo‘lmagan hollarda aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berishga ruxsat etish;
8. Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi nasos stansiyalariga elektr energiyasi yetkazib berishga o‘rnatilgan vaqtincha cheklovlarni yil yakuniga qadar uzaytirish;
9. Benzin va dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarish uchun xomashyo hamda tayyor benzin importini oshirish;
birjada AI-80 benzini savdosiga vositachi kompaniyalarning ishtirok etishiga yo‘l qo‘ymaslik.

Koʻrilayotgan mazkur tadbirlar aholi uchun qish mavsumida gaz/elektr bilan bogʻliq yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammolar hamda noqulayliklarni oldini olishga qaratilgan.

Eslatib oʻtamiz, bugun shuningdek, Energetika vazirligi matbuot xizmati o‘z vazifasiga masʼuliyat bilan yondashmagan korxonalar rahbarlariga hayfsan berilganini eʼlon qilgan edi. Yigʻilishning qisqa tafsilotlarini keltirib oʻramiz.

Energetika vazirligida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, shuningdek, prokuratura organlari hamda tizim korxonalari rahbarlari va masʼul xodimlari ishtirokida kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish bo‘yicha tuzilgan maxsus shtabning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda hozirgi kunda energiya resurslari taʼminotidagi mavjud muammolar va ularning yechimlari, bu borada olib borilayotgan ishlar tanqidiy ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda maxsus shtab tashkil etilganiga qaramay, joylardagi hududiy shtablarning faoliyati talab darajasida tashkil etilmaganligiga alohida urg‘u berildi.

Ayrim masʼul rahbarlarning dolzarb muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etishda ishlarni to‘g‘ri tashkil qilmayotganligi, buning natijasida tizimda ko‘plab texnik nosozliklar sodir bo‘layotgani, energiya tejamkorlik masalalarida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotgani hamda elektr taʼminotida cheklovlarni kiritishda belgilangan tartiblarga rioya etilmayotgani isteʼmolchilarning haqli eʼtirozlariga sabab bo‘layotganligi qattiq tanqid qilindi.

Shu va boshqa kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi uchun “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi Dadajon Isakulov, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Ro‘ziqul Rayimov, “Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” filiali direktori Anvar Muzapov va “Toshshaharnur” DUK direktori Umidbek Rajabovga hayfsan berildi.

Yig‘ilishda yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi muammolarni bartaraf etishda ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni vijdonan amalga oshirish va buning natijasida isteʼmolchilarni barqaror energiya resurslari bilan taʼminlash bosh mezon ekanligi, bunda esa sohada ijro intizomi masalasi nihoyatda muhimligi alohida taʼkidlandi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.