Buxoro yangiliklari

Buxoro viloyati hokimligiga ishga kirmoqchimisiz? Tanlov shartlari bilan tanishing!

photo 141 1

Loading

Buxoro viloyati hokimligi “Yosh mutaxassislarni tanlash” dasturi bo‘yicha tanlov e’lon qildi, – deya xabar bermoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Tanlovdan ko‘zlangan maqsad – oliy ta’lim muassasalari bitiruvchi kurslarida o‘qiyotgan qobiliyatli yoshlarni saralab olish, stajirovkasini tashkil etish va keyinchalik kadrlar zaxirasiga kiritish.

Mazkur tanlov 2 bosqichda: test va suhbat asosida tashkil etiladi.

Undan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar Buxoro viloyat hokimligida stajirovka o‘taydi hamda tajriba orttirish uchun belgilangan muddatni namunali yakunlagan yosh mutaxassislar kadrlar zaxirasiga kiritiladi.


“Yosh mutaxassislarni tanlash” namunaviy dasturi (keyingi o‘rinlarda — Dastur) oliy ta’lim muassasalarining (keyingi o‘rinlarda — OTM) bitiruvchi kursida o‘qiyotgan qobiliyatli yoshlarni saralab olish, ularning stajirovkasini tashkil etish va keyinchalik zaxiraga kiritish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni nazarda tutadi.
Dastur maqsadi — davlat xizmatiga eng munosib kadrlarni tanlash va istiqbolli kadrlarni tayyorlashni tizimli yo‘lga qo‘yish hamda OTM bitiruvchilarini davlat xizmatiga jalb qilish samaradorligini oshirishdan iborat.
Dastur vazifalari:
– oliy ta’lim muassasalari hamda davlat xizmati o‘rtasida integratsiyani yo‘lga qo‘yish;
– eng salohiyatli va bilimli bitiruvchilarni seleksiya qilish;
– nomzodlarni stajirovka o‘tash uchun yo‘naltirish hamda ustoz-shogird an’anasi asosida tajribali ustoz-mentorlarga biriktirish;
– stajirovkani muvaffaqiyatli yakunlagan bitiruvchilarni tanlov (suhbat) asosida davlat xizmatiga ishga qabul qilish.
 
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Dasturda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
– Oliy ta’lim muassasasi — bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlanishini ta’minlovchi davlat ta’lim muassasasi;
– bitiruvchi — OTM kunduzgi shaklining bakalavriat bosqichi bitiruv kurs talabalari;
– davlat organlarida stajirovka o‘tash — yosh mutaxassislarni davlat xizmatiga tayyorlash, kasbiy faoliyat ma’suliyatini his etish va tajribali mutaxassislarning ish faoliyatini o‘rganish orqali OTMda olgan nazariy bilimlarini amaliy mustahkamlash jarayoni;
– malaka talablari – ma’lum bir davlat fuqarolik lavozimiga stajor bo‘lish uchun nomzodlarga nisbatan davlat organi tomonidan belgilanadigan tegishli ma’lumot, shuningdek bilim va kasbiy kompetensiyasiga qo‘yilgan talablar;
– stajirovka rahbari — davlat organidagi stajirovka jarayonini muvofiqlashtirish mas’uliyati yuklangan rahbar xodimi;
– ustoz-mentor — stajirovka o‘tayotgan bitiruvchilarga davlat xizmatidagi faoliyatida “ustoz-shogird” an’anasi asosida zarur tashkiliy ko‘rsatmalar beruvchi, ularni texnik xavfsizlik qoidalari bilan tanishtiruvchi, amaliy ko‘nikma va malakalarni o‘rgatuvchi, stajirovka davrida talaba egallagan ko‘nikmalarni baholash yuklangan tajribali davlat fuqarolik xizmatchisi;
– shaxsiy rivojlanish rejasi — bitiruvchining davlat organlarida stajirovkasi davomida o‘zlashtirishi lozim bo‘lgan bilim va ko‘nikmalar muddatlar kesimida aks ettiriladigan hujjat;
– kadrlar zaxirasi – davlat organidagi lavozimlarni salohiyatli, yosh kadrlar bilan to‘ldirilishini ta’minlaydigan, yuqori malakali mutaxassislar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uz ichiga olgan ma’lumotlar bazasi.
 
2-bob. Tanlov o‘tkazish tartibi
2. “Yosh mutaxassislarni tanlash dasturi” 1-ilovadagi dasturni amalga oshirish sxemasi bo‘yicha tegishli bosqichlarda va belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi.
3. Davlat organlarining rasmiy sahifalarida “Yosh mutaxassislarni tanlash dasturi” bo‘yicha stajirovka tanlovi haqida e’lon beriladi va targ‘ibot tashviqot ishlari amalga oshiriladi.
4. Nomzodlardan stajirovka tanlovida ishtirok etish uchun arizalar onlayn shaklda (telegram bot orqali) qabul qilinadi.
5. Texnik talablarga muvofiq ariza egalariga saralash bosqichida ishtirok etishga yo‘llanma yuboriladi.
6. Nomzodlar O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, davlat fuqarolik xizmati va korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risidagi konunchilik, davlat tili, axborot texnologiyalari bo‘yicha bilim darajasini aniqlash uchun tegishli davlat organlari tomonidan tashkil etiladigan maxsus test sinovidan o‘tadilar.
7. Test bosqichi davlat organi bilan hamkorlik qilayotgan OTMlarning maxsus kompyuter xonalarida o‘tkaziladi. Tanlov jarayonlari Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan muvofiqlashtiriladi.
8. Test bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar (71 foizdan yuqori) maxsus komissiya tomonidan suhbatdan o‘tkaziladi.
9. Nomzodlar ko‘rsatkichlari 2-ilovaga muvofiq jadval bo‘yicha baholanadi. Baholash natijalariga ko‘ra, sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlarni stajirovkaga qabul qilish haqida buyruq chiqariladi.
10. Stajirovka jarayonini namunali yakunlagan yosh mutaxassislar stajirovka o‘tagan davlat organlarining kadrlar zaxirasiga kiritiladi.
 
3-bob. Stajirovkani tashkil etish qoidalari
11. Stajirovka tanlovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan bitiruvchi bilan 3-ilovaga muvofiq tuziladigan stajirovka shartnomasi asosida tashkil qilinadi.
12. Mazur shartnomada stajirovkani tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha shartnoma predmeti, taraflarning huquq va majburiyatlari, qabul qiluvchi tashkilotning ish faoliyati xususiyatlaridan kelib chiqqan holda stajirovkani o‘tash tartibi, shartnomaning amal qilish muddati va bekor qilish asoslari, shuningdek, taraflarning javobgarligiga oid normalar nazarda tutiladi.
13. Stajirovka uch oydan kam bo‘lmagan hamda bir yildan ko‘p bo‘lmagan muddatda amalga oshirilishi lozim.
14. Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi Yosh mutaxassislarni tanlash dasturini amalga oshirish jarayonlarini muvofiqlashtiradi. Stajirovkani tashkil etishning zarur tashkiliy-huquqiy choralarini ko‘radi. Xususan:
– davlat organlariga namunaviy dastur va ilova hujjatlarni taqdim etadi;
– davlat organlari namunaviy dastur asosida o‘z dasturlarini ishlab chiqishi va tanlov e’lon qilishini nazorat qiladi;
– tanlov jarayonlarini belgilangan mezonlar asosida shaffof va adolatli o‘tishini ta’minlaydi;
– stajirovkaga jalb qilingan talabalar ma’lumotlarini umumlashtiradi;
– stajirovka yakunlari bo‘yicha hisobot (taqdimot) jarayonlarida ishtirok etadi;
– dasturni amalga oshirish sxemasi bo‘yicha barcha bosqichlardagi chora-tadbirlarni muvofiqlashtiradi;
– stajirovka o‘tashda yoshlar huquq va manfaatlarini ta’minlash yuzasidan monitoringni amalga oshiradi;
– stajirovka yakunlari bo‘yicha davlat organlarining hisobot va takliflarini umumlashtiradi.
15. Davlat organlari stajirovkani tashkil etishning zarur tashkiliy-huquqiy choralarini ko‘radi. Xususan:
– sinov jarayonlarini adolatli va shaffof tarzda tashkil etadi;
– malakali va tajribali mutaxassislar orasidan stajor bilan ishlash ko‘nikmasiga ega bo‘lgan stajirovka rahbari va ustoz-mentorni tayinlaydi;
– bitiruvchilarni stajirovka davrida o‘z xodimi sifatida faoliyat olib borishi uchun tashkilot rahbarining buyrug‘ini chiqaradi;
– stajirovka dasturiga muvofiq bitiruvchilarga joriy qilinadigan shart-sharoitlar (shaxsiy himoya, moddiy-texnika vositalari, boshqalar)ni yaratadi;
– stajorlarga mavjud adabiyotlar, texnik va boshqa hujjatlardan foydalanish imkoniyatlarini beradi;
– tashkilotning ichki mehnat intizomini buzgan stajor bilan tuzilgan stajirovka shartnomasini belgilangan tartibda bekor qiladi;
– bitiruvchi stajirovkani o‘tash davrida davlat organida baxtsiz hodisaga uchragan holatlar bo‘yicha javobgarlik masalalarini qonunchilik hujjatlari asosida ko‘rib chiqadi.
16. Davlat fuqarolik xizmatidagi stajirovka rahbari davlat organida stajirovka o‘tayotgan barcha bitiruvchilarga rahbarlik qiladi.
Uning vazifalari:
– davlat fuqarolik xizmati tashkilotning tarkibiy tuzilmalari va hududiy bo‘limlari bo‘yicha talabalarni taqsimlaydi, obyektning tuzilishi, faoliyat yo‘nalishlari va o‘ziga xos xususiyatlari bilan tanishtiradi;
– stajor bilan stajirovka o‘tash shartnomasini imzolaydi;
– stajorlar bilan tashkilot rahbarlari va yetakchi xodimlarning uchrashuvini tashkil etadi.
17. Ustoz-mentor sifatida davlat xizmatida kamida uch yillik tajribaga ega, mehnat jamoasida obro‘-e’tiborli davlat xizmatchisi:
– “ustoz-shogird” an’anasi asosida ko‘pi bilan ikki nafar bitiruvchiga biriktirilishi mumkin. Uning vazifalari:
– stajorlarga ish faoliyati va texnika xavfsizligi bo‘yicha tushuntirish, shuningdek qabul qiluvchi tashkilotning ichki tartib qoidalari va ish rejimining xususiyatlari bo‘yicha yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi;
– stajirovka dasturiga taalluqli materiallardan foydalanish;
– tartib-qoidalarini o‘rgatadi;
– stajor ish kunining belgilangan davomiyligiga va stajorning shaxsiy ish rejasiga rioya etilishini nazorat qiladi.
18. Stajor davlat organlarida stajirovka o‘tashda:
– stajirovka bo‘yicha uslubiy va ko‘rsatma materiallar bilan tanishishi;
– stajirovka shartnomasi bilan yuklatilgan huquq va majburiyatlarni amalga oshirish;
– stajorning shaxsiy ish-rejasida nazarda tutilgan barcha topshiriqlarni belgilangan muddatlarda, to‘liq hajmda va sifatli bajarishi;
– stajirovka o‘tash to‘g‘risidagi hisobotni taqdim qilishi;
– faoliyatida foydalanishi mumkin bo‘lgan materiallar to‘plamini shakllantirishi;
– qabul qiluvchi tashkilotning ichki mehnat tartib qoidalari va xodimlari faoliyatining tartibini belgilovchi hujjatlarga rioya qilishi shart.
 
4-bob. Stajirovkani o‘tash tartibi 
19. Stajirovka 3 bosqichga bo‘linadi:
– tayyorlov;
– asosiy;
– hisobotlarni topshirish va baholash.
20. Stajirovka tayyorlov bosqichining birinchi kunida davlat fuqarolik xizmatidagi stajirovka rahbari tomonidan yig‘ilish o‘tkaziladi. Yig‘ilishda talabalar stajirovkani o‘tash dasturi bilan tanishadilar, uning maqsad va vazifalariga taalluqli ko‘rsatmalar, stajirovkani o‘tash va 4-ilovadagi hisobot shaklini to‘ldirish tartibi haqida xabardor qilinadilar.
21. Stajirovka o‘tashning boshida talabalar qabul qiluvchi tashkilotning tuzilishi, faoliyat yo‘nalishlari, o‘ziga xosligi bilan tanishadilar hamda stajirovka rahbari va biriktirilgan ustoz-mentor bilan birgalikda stajirovkani o‘tash dasturini bajarish bo‘yicha 5-ilovaga muvofiq shaxsiy ish reja jadvalini tuzadilar.
22. Stajirovkaning asosiy bosqichida bitiruvchi bevosita stajirovkani o‘tash dasturini bajarish bo‘yicha Shaxsiy ish rejada ko‘rsatib o‘tilgan ishlarni bajaradi.
23. Stajirovka yakunlari bo‘yicha hisobotni topshirish so‘nggi bosqich hisoblanadi. Belgilangan tartibdagi hisobot-taqdimot stajirovka rahbari, ustoz-mentor va Yoshlar ishlari agentligi vakili tomonidan baholanib tasdiqlanadi.
24. Stajirovkani muvaffaqiyatli yakunlagan bitiruvchilar davlat organlari hamda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan 5-ilova asosida tasdiqlangan sertifikat bilan taqdirlanadi. Mazkur sertifikat asosida bitiruvchilarni davlat xizmatiga ishga qabul qilishda imtiyoz nazarda tutiladi.
 
6-bob. Davlat xizmatiga ishga qabul qilish
25. Davlat organlari tomonidan oltinchi darajali davlat xizmatchilari (mutaxassis) vakant shtat birliklarining o‘n foizdan kam bo‘lmagan miqdorida yosh mutaxassislar uchun lavozimlar ro‘yxatini shakllantiradi.
26. Ro‘yxatdagi lavozimlar uchun bitiruvchilarga alohida malaka talablari ishlab chiqiladi.
27. Dastur asosida Stajirovkani muvaffaqiyatli tamomlagan, sertifikatga ega bitiruvchilar davlat organlaridagi maxsus komissiya tomonidan o‘tkaziladigan suhbat asosida ishga qabul qilinadi.
28. Dastur bo‘yicha stajirovka o‘tayotgan bitiruvchilarga tegishli davlat organlari tomonidan (davlat organlarining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan) bir barobaridan uch barobarigacha miqdorda stipendiyalar beriladi.
 
7-bob. Yakuniy qoida
27. Mazkur Dastur bo‘yicha yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.


Talabgorlardan tanlovda ishtirok etish haqida ariza va davlat oliy ta’lim muassasasining kunduzgi shaklining bakalavriat bosqichi bitiruvchi kursida o‘qiyotganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma Telegram dagi quyidagi manzil orqali joriy yilning 16-dekabridan 23-dekabriga qadar (shu kuni ham) qabul qilinadi.

? Stajyor_BV_qabul_bot ?

Qo‘shimcha ma’lumotlarni (+998) 65-221-30-43, (+998) 95-115-14-15 raqamlariga qoʻngʻiroq qilib bilib olishingiz mumkin.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.