Islom

Ayol — otasiz go‘dakni tarbiya qila oladi, lekin erkak onasiz go‘dakni tarbiya qila olmaydi

photo 1099

Loading

Qadimda bir ayol eriga ovozini baland ko‘targan ekan, eri bundan g‘azablanib, Umar roziyallohu anhuning huzurlariga shikoyat qilish uchun bordi. Uylariga yetib borib, endi eshikni taqillatmoqchi bo‘lganida, uy ichidan hazrati Umar roziyallohu anhuning ayollari baland ovozda u zotga gapirayotganini eshitdi. Bu xonadonda ham shu ahvol ekan, ortimga qayta qolay, deb endi qaytmoqchi bo‘lganda, ichkaridan hazrati Umar roziyallohu anhu chiqib qoldilar-da:
“– Hoy, menda biror-bir yumushing bormidi?!”, – deb so‘radilar.

Haligi odam:
“– Ha, huzuringizga ayolimdan shikoyat qilib kelgandim. Qarasam, sizda ham menikidek ahvol ekan”, – dedi.

Shunda hazrati Umar roziyallohu anhu:
“– Kiyimlarimni yuvsa, yotog‘imni hozirlasa, farzandlarimni tarbiya qilsa, uyimni ozoda tutsa, vaholanki, bu ishlarni Alloh taolo unga buyurmagan. Lekin ayolim bularning hammasini ehson, fazilat, muruvvat tariqasida ixlos bilan bajaradi. Shunday ekan, ovozini baland ko‘tarsa, bunga chidamasligim, bardosh bermasligim kerakmi?!”, – dedilar.

Shunda u:
“– Ey, sayyidimiz Foruq, jinlaru shaytonlar sizning haybatingizdan qo‘rqib, Siz yurgan yo‘ldan qochib, boshqa yo‘ldan yurardi. Ammo siz shu qadar haybat, viqor sohibi bo‘lsangiz ham erkaklarga ayoliga nisbatan qanday muloyim bo‘lishi kerakligi haqida ta’lim beryapsiz…”, deb qoldi.

Hoy erkaklar, ayolning sabrini yengil sinamang. Bag‘rida to‘qqiz oy ko‘tarib yurgan homilasini to‘lg‘oq azobiga duchor bo‘lib va unga bardosh berib dunyoga keltirgan ayol, sizni qalbidan chiqarib yuborishga qodirdir.

Ayol birgina sabrning o‘zi bilan ko‘p iztiroblarga bardosh bera oladi. Shunday ekan, ayollarni qanday hurmat qilishni o‘rganaylik.

Ayol kishi jamiyatning yarmini dunyoga keltirib, tarbiya qiladigan xilqatdir.

Ayol o‘zini sevadigan kishining yonida sukut saqlab turgan bo‘lsa, aytadigan gaplari yosh ko‘rinishida ko‘zlaridan tomadi.
Ayol shunday xilqatki, boshida sizga yaqinlashishga qo‘rqadi, kunlar o‘tib undan uzoqlashsangiz yig‘laydi.

Ayol shunday xilqatki, uning qalbini kamdan-kam erkak tushuna oladi.

Ayol kishi sizdan amru-mahol narsani so‘ramaydi. Balki oʻziga mehr berib, e’tibor qaratishingizni so‘raydi.

Ayol: yo ulkan makr yoki ulkan muhabbat. Agar biz ayolga nisbatan makr ishlatsak, u ham bizga makr ishlatadi, aksincha, agar uni sevsak, u ham bizni sevadi.

Ayol kishi o‘zi isitmalab, joni og‘rib turgan bo‘lsa-da, sizga dori tayyorlab beradi.

Ayol kishi o‘zi siqilib turgan bo‘lsa-da, sizga taskin, tasalli beradi.

Ayol kishi o‘zi charchab, xorib turgan bo‘lsa-da, siz bilan tun bo‘yi bedor bo‘ladi.

Ayol shunday xilqatki, tanimagan kishisi uchun ham mahzun bo‘laveradi.

Ayol shunday xilqatki, u bilan xuddi go‘daklarga muomala qilgandek munosabatda bo‘lishingizni yoqtiradi.

Agar erkak ayol kishining g‘am-anduhlarini ko‘tarishga qurbi yetmasa, uning qalb eshigini chertmasin.

Ishga ketayotganingizda ayolingizni qo‘lidan bo‘sa olib keting. To qaytguningizcha o‘zgacha hissiyotlar og‘ushida yursin. Bu ishni har kuni takror qilingki, o‘zini sizga ato qilingan Allohning ne’mati deb bilsin.

Ayol kishi har qancha qo‘pol bo‘lsa ham uning qalbi mehr-shafqatga limmo-lim bo‘ladi.

Ayolning erkaligini va rashkini faqatgina uni chin dildan sevgan insongina ko‘tara oladi.

Ayol xiyonatdan, yaqinlarini yo‘qotishdan qo‘rqadi. Yaxshi ko‘rgan insonini yo‘qotib qo‘ysa, uni unutishi qiyin bo‘ladi.

Ayol otasiz go‘dakni tarbiya qila oladi, lekin erkak onasiz go‘dakni tarbiya qila olmaydi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 23-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.