Hodisalar

“Britancha” shtamm O‘zbekistonda…

photo 111

Loading

O‘zbekistonda ilk bora koronavirusning vahimali “britancha shtamm”i qayd etildi

Butun dunyoda koronavirusning tarqalishi yangi bosqichga kirgani hech kimga sir emas. Bunga esa, infeksiyaning «britancha shtamm»i ham sabab bo‘lmoqda.

Ming afsuski, “COVID-19”ning “britancha shtamm”i yurtimizda ham ilk bor qayd etildi. Bu haqda SSV Matbuot xizmatiga Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari – Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliyev xabar berdi.

2010 yilda tug‘ilgan poytaxtlik fuqaro Sh. oila a’zolari bilan birgalikda Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahriga safar qilib, 2021 yilning 23 yanvar kuni Toshkentga qaytgan.

O‘rnatilgan tartibga ko‘ra, xalqaro aeroportda fuqarodan ekspress usulida test olinganda, unda musbat natija qayd qilingan. Shundan so‘ng, bemor zudlik bilan yuqumli kasalliklar shifoxonasiga tez yordam mashinasida olib kelingan. Shifoxonada o‘sha kunning o‘zida funksional-klinik tekshiruvlardan o‘tkazildi va unga “COVID-19”ning simptomsiz kechishi tashxisi qo‘yildi.

— SARS-CoV-2 virusi genomini o‘rganish uchun Innovasion rivojlantirish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markaziga yuqumli kasalliklar shifoxonasidan PZR usulida olingan 33 ta musbat natijali tomoq-burun namunasi “britancha shtamm”ni aniqlash maqsadida yuborilgandi, — deydi Bahodir Yusupaliyev. — Ushbu namunalar PZR skriningi orqali birinchi bosqich tekshiruvidan o‘tkazilgan. Natijada, ular orasida mutasiyaga uchragan namunalar ham aniqlangan. Kuni kecha ikkinchi test bosqichida mutasiya aniqlangan namunalardan birining genom qismlarida “britancha shtamm”ga xos bo‘lgan qo‘shimcha mutasiya mavjudligi tasdiqlangan. Bu namuna esa 10 yoshli bemor Sh. (qiz bola)ga tegishli ekani ma’lum bo‘lgan.

Hozirda bemorning umumiy holati qoniqarli, shikoyatlari yo‘q, tegishli tibbiy standartlar bo‘yicha davo muolajalarini olmoqda. Bemor bilan birga bo‘lgan oila a’zolarida manfiy natija aniqlangani sababli uy sharoitida izolyasiyaga ruxsat berilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ana shu vaziyatdan kelib chiqib, yana bir bor aholini hushyorlikka, jamoat hamda ish joylarida tibbiy niqobni to‘g‘ri va doimiy tarzda taqib yurishga, ijtimoiy masofani saqlash, qo‘llarni muntazam yuvib turish kabi kundalik odatlarni kanda qilmaslikka chaqirib qoladi.

Yurtdoshlarimizdan zarurat bo‘lmaganda chet el safarlariga vaqtincha chiqmay turishlarini so‘raymiz.

Aziz yurtdoshlar! O‘zingiz va yaqinlaringizni asrang! Salomatligingiz o‘z qo‘lingizda! Niqob taqing va ijtimoiy masofa saqlashni unutmang!

Ma’lumot uchun, Braziliyaning Riu-Grandi-du-Sul shtatida yashovchi ikki fuqaroda bir vaqtning o‘zida koronavirusning bir yo‘la ikkita shtammini yuqtirib olish holatlari aniqlandi, deb xabar bermoqda «TASS».

Ta’kidlanishicha, 30 yosh atrofidagi ikki kishi kasallangan, ularda kasallik yengil va o‘rta formada kechgan.

Novu-Amburgu shahar universitetining molekulyar mikrobiologiya laboratoriyasi olimi Fernandu Spilki so‘zlariga ko‘ra, xavf guruhidagi bemorlarda kasallikning kechishi qanchalik xatarli bo‘lishini hozircha oldindan aytib bo‘lmaydi.

Tadqiqotchilar taxmin qilishicha, gap SARS-CoV-2’ning ikki xil shtammini biroz vaqt oralig‘i bilan ketma-ket yuqtirib olish haqida borishi ham mumkin, bu esa kasallanganlarni yakkalash va ijtimoiy masofalanish choralariga rioya qilish qanchalik muhimligini ko‘rsatadi.

Olimlar Riu-Grandi-du-Sulda koronavirusning jami beshta turini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi, ular orasida S-oqsildagi mutasiyaga ega shtammlar ham bor, ular esa, bir qator tadqiqotchilar fikricha, birinchi marta Uxanda aniqlangan dastlabki virusdan ancha yuqumliroq hisoblanadi. Virus qobig‘i tuzilmasidagi bunday o‘zgarishlar «afrikacha» va «braziliyacha» shtammlariga xosdir.

Olimlarning xulosalari medRxiv ilmiy bazasiga joylashtirilgan bo‘lib, hozircha ilmiy jurnallarda nashr qilinmagan.

Manba 1, Manba 2

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 23-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.