Buxoro yangiliklari

Nega prokuratura Bukhara News internet nashriga nisbatan jinoyat ishi ochdi?

photo 235 1
Foto: Buxoroisharif.uz

Loading

Kechagi kunning eng shov-shuvli xabarlaridan bittasi, shubhasiz, “Buxoroda bir kunning oʻzida “Sinepar” siropini ichgan 23 nafar bola oʻlib qolgani aytilmoqda” sarlavhali xabar boʻldi, desak, adashmaymiz.

Maqolani bejizga yuqoridagi xat boshi bilan boshlamadik. Sababi, aynan shu xabar tufayli Buxorodagi eng koʻp foydalanuvchi (obunachi, oʻquvchi) si bor birinchi mahalliy rasmiy maqomdagi internet OAV Telegram-kanali – Bukhara News ga nisbatan tergov jarayonlari ketmoqda.

Voqealar ketma-ketligini ehtimoliy nazar bilan taxmin qilib koʻramiz. Dastlab, dori vositasi tufayli vafot etgan boʻlishi mumkin boʻlgan bolalar haqida oddiy bir fuqaro Bukharanewsuz ga video yuboradi. Oʻz navbatida, internet nashr bosh muharriri, asoschisi hamda taʼsischisi boʻlgan Sherzod Kamolov ushbu video bilan Telegram-kanalida boʻlishadi va xabarni (keyinchalik SSV ning bildirishicha, asoslanmagan va yolgʻon boʻlib chiqqan) qisqa muddat ichida butun Oʻzbekiston ahli muhokama qila boshlaydi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi (SSV) qisqa muddatda ushbu xabarni rad etib, feyk deya raddiya beradi. Shunda Bukharanewsuz Telegram-kanalida xabar oʻchirilib, SSV ning rasmiy munosabati eʼlon qilinadi.

Shuni qayd etish kerakki, dori vositasi bilan zaharlanish haqidagi xabar tarqalgandan soʻng zudlik bilan SSV ning ishchi guruhi tuzilib, butun respublika boʻylab mazkur holatlar sodir boʻlganmi-yoʻqmi, oʻrganib chiqiladi. Hattoki, Sog‘liqni saqlash vazirligi Onalik va bolalikni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Sevara Ubaydullayeva RSHTYIM Buxoro filialiga tashrif buyurib, bu yerdagi vaziyat ham nazoratga oladi, sirop bilan bogʻliq oʻlim holati topilmaydi.

Ammo Bukharanewsuz sayti tasdiqlanmagan xabarni oʻchirgan, SSV ning rasmiy munosabatini eʼlon qilgan boʻlishiga qaramay, shu kuni Buxoro viloyati prokuraturasi mazkur internet nashrga nisbatan jinoiy ish ochadi.

«“Bukharanewsuz” axborot resursi tomonidan ma’lumotlarning haqqoniyligi o‘rganilmasdan videomurojaat e’lon qilinganligi oqibatida aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan ma’lumotlar tarqatilganligi holati bo‘yicha Buxoro viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 244/1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi», – deyiladi prokuratura xabarida.

Eslatib oʻtamiz, O‘zbekiston Respublikasining “Axborotlashtirish to‘g‘risida” gi Qonunining 12/1- moddasida axborot resursining egasi, shu jumladan blogerlarga o‘z veb-saytiga va (yoki) veb-sayt sahifasiga yohud boshqa axborot resursiga hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborot joylashtirilguniga qadar uning to‘g‘riligini tekshirish majburiyati yuklatilgan boʻlib, resurs egasi joylashtirilgan axborotga javobgar hisoblanadi.

Qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha esa dastlabki tergov harakatlarini olib borish viloyat IIB ga yuklatildi.

Oʻz navbatida ushbu vaziyatga qonuniy baho berib, yuzaga kelgan anglashilmovchilikni Bukharanewsuz internet nashri faoliyatiga toʻsqinlik qilmaydigan yechimga kelishlarini tegishli mutasaddilardan soʻrab qolar edik.

Toʻgʻri, qonun hamma uchun barobar va uning ustuvorligi barchamiz uchun xizmat qilishi shubhasiz. Lekin, bugungi globallashuv va axborot urushi ketayotgan zamonda Oʻzbekiston endi-endi rivojlanish, soʻz erkinligini taʼminlash borasida ildam qadam tashlamoqda. Qayerdadir jamiyat, Sizu-biz xato qilishimiz mumkin, shu paytda qonun oxirgi nuqtani qoʻyadi. Oʻz xatosini tushunib yetgan va uni toʻgʻrilashga har tomonlama harakat qilgan shaxs harakatlariga esa adolat mezoni bilan baho berin, uning sinib qolmasligiga erishish har qanday demokratik davlat uchun yutuq boʻlishi mumkin.

Bukharanewsuz nashri yashasin!

Muallif: Sanjar Nazarov, Buxoroisharif.uz internet OAV bosh muharriri va asoschisi (https://t.me/sanjarnazarov).

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 23-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.