Salomatlik

Nima uchun bolalarning boshi tunda ko‘p terlaydi?

photo 1330
Foto: Godshaop.Cf

Loading

Ko‘p hollarda bolaning boshi tungi uyqu paytida terlashi tabiiy jarayon hisoblanadi. Hayotining boshlang‘ich davrida chaqaloqlar kunning istalgan qismida ko‘p terlashi mumkin. Bu holat norma hisoblanadi, chunki ularda tananing termoregulyatsiyasi to‘liq rivojlanmagan.

Chaqaloqlarning boshi ovqatlanish, uxlash, o‘ynash paytida juda ko‘p terlaydi. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda ter bezlari 2-3 haftalikdan boshlab faol ishlay boshlaydi, ular, asosan, bosh, oyoq va qo‘l kaftlari sohasida to‘plangan. Hayotining ikkinchi yilidan boshlab ter bezlari faolroq ishlay boshlaydi va o‘rtacha 4 yoshida to‘liq rivojlanishga erishadi, shu tufayli go‘daklar tashqi muhit haroratining ko‘tarilishiga, tananing haddan tashqari qizib ketishini kamaytirish uchun ko‘p terlaydi.

Chaqaloqlarning uyqusida boshining terlashi ovqatlanishdan keyin so‘rg‘ich bilan uxlab qolganda ham kuzatiladi. Ko‘krak suti yoki so‘rg‘ich uchun chaqaloqlar katta jismoniy kuch ishlatadi. Shuningdek, sochlar quyuq va qalin bo‘lishi uyqu vaqtida bosh terisining haddan tashqari isib ketishiga va terlashiga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, juda issiq kiyimlar, sintetik matolardan foydalanish, xonaning yuqori harorati, havo almashinuvining yetishmasligi terlashning ortishiga olib keladi. Uch yoshgacha bo‘lgan bolalarda ter bezlarining ishlashi asab tizimining holatiga va tananing o‘sishiga bog‘liq. Vazni og‘ir yoki ortiq bo‘lgan bolalarda asab tizimi qo‘zg‘aluvchanligi yuqori bo‘ladi va ularda uyqu paytida ortiqcha terlash tez-tez kuzatiladi. Yoshi kattalashgan sari termoregulyatsiya jarayoni shakllanadi va terlash o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketadi.

Bundan tashqari terlash quyidagi kasalliklar alomati bo‘lishi mumkin:

Raxit
Ovqatlantirish paytida chaqaloqning yuzida yirik ter tomchilari aniq ko‘rinadi, kechasi boshi kuchli terlaydi, ayniqsa, boshining orqa qismi, ertalab uning yostiqchasi nam bo‘ladi. Sochlari boshining orqa qismida ko‘p to‘kiladi, boshi qichishadi, bola injiq bo‘lib qoladi, ishtahasi yo‘qoladi, oddiy tovushlar va harakatlardan cho‘chiydi.

Yurak-qon tomir kasalliklari
Ko‘p terlashdan tashqari, ovqatlanish paytida nafas olishi qiyinlashadi, lablar va burun atrofi terisi ozgina ko‘kish rangga kiradi. Bola kuchsiz, nimjon va o‘sishi sustlashadi.

Shamollash
Virusli yoki bakterial infeksiya yuqtirib olinganda ko‘p terlash, tana harorati ko‘tarilishi, burun oqishi va bitishi, yo‘tal, ich ketishi kuzatiladi. Kasallikni o‘tkazib yubormaslik maqsadida bolaning boshi ko‘p terlaganda, albatta, shifokor bilan maslahatlashish tavsiya etiladi.

Shifokor Xurshid A’zamxo‘jayev tavsiyalari asosida tayyorlandi.

Manba: “Daryo” nashri.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.